Smartfonda qancha oltin bor?
Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi smartfonda qancha oltin borligini bilmoqchi bo‘ldi.
Buning uchun eski smartfonlarning 210 dona bosma platasini sotib oldi. Bir dona plataning narxi — 1,5 dollar, hammasini qo‘shganda — 315 dollar.
Xitoylik platalardan oltinni ajratish uchun turli usullarni qo‘lladi: tozalash, eritish, filtrlash va hokazo. Shuncha mehnat va zahmatdan so‘ng 0,41 gramm oltin yig‘di, xolos.
Bu miqdordagi oltinning mahalliy bozordagi narxi — 30 dollar. «Oltin izlovchi» foyda uyoqda tursin, o‘n baravar xarajatga tushdi. Asboblar va ashyolarni qanchaga sotib olganini qo‘shganimiz yo‘q.
«Oltinga ko‘milish» uchun juda ko‘p eski smartfon kerak. Masalan, million dona mobil telefondan 34 kilogramm oltin olsa bo‘ladi.
Darvoqe, Tokio-2020 olimpiadasining medallari eskirgan elektrotexnika qurilmalari, asosan, mobil telefonlarni qayta ishlab ajratib olingan qimmatbaho metallardan yasalgan edi.
Yaponiyadagi olimpiya tashkilotchilari «elektron chiqindi» loyihasi davomida jami 32 kilogramm oltin, 3 492 kilogramm kumush va 2 200 kilogramm bronza yig‘ishgan. Buning uchun 80 tonnaga yaqin elektron qurilmalar: eski telefonlar va noutbuklar «tegirmon»ga solingan, chiqqan oltinning o‘zi taxminan 2 million dollarga baholangandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter