Shirinlik ixtirochi mashinalarni qizil chiroqqa avtomat to‘xtatadigan loyihani taqdim etdi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Yoshlar oromgohi»da «Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!» shiori ostida «Yosh innovatsiyachi» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 42 nafar yosh ixtirochi ishtirok etishmoqda.
– Tanlovda o‘zimni «aqlli zamonaviy uy» loyiham bilan ishtirok etdim, – deydi Buxoro tuman kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Dilyor Ergashev. – Men yaratgan «aqlli uy» aslida chekka qishloqlarda yashovchi fuqorolarga moslab yaratilgan. Agar bunday uyingiz bo‘lsa, 5 km. uzoqlikkacha bo‘lgan biror-bir noxush hodisadan masofaviy pult orqali xabardor bo‘lishingiz mumkin.
G‘uzor neft va gaz sanoati kolleji o‘quvchisi Sarvinoz Ozodovaning pomidordan yiliga besh marta hosil olish borasidagi innovatsion ishlanmasi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Men ishlab chiqqan loyihada somon handaqda 2 oy ivitilib, chiritiladi va qoplarga solinib, unga pomidor va bodring ekiladi, – deydi yosh ixtirochi. – Qarabsizki, mahsulot 35 kunda tayyor bo‘ladi. Eng muhimi, bunday usulda ekilgan pomidor ko‘chatlari bugungi kunda viloyatimizda ko‘p tarqalgan zang va qurt kasalligiga chalinmaydi.
Ko‘rik-tanlov sovrindorligiga nomzodlarni tavsiya etish va g‘oliblarni aniqlashda asosiy e’tibor nomzodlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi, yetakchilik qobiliyati hamda innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini qay darajada o‘zlashtira olganiga qaratildi.
– Tanlovda to‘siqlarni avtomatik tarzda sezuvchi avtomobillar loyihasi bilan ishtirok etdim, – deydi Shirin energetika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Umar Ergashev. – Loyihamga ko‘ra avtomobillar har qanday to‘siqlarni avtomatik tarzda sezadi va to‘xtaydi. Qolaversa, svetoforning qizil chirog‘i yonsa ham, avtomobil avtomatik tarzda to‘xtaydi. Bu haydovchilar xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
– Tanlovda qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun qulay bo‘lgan mul’tivator uskunam bilan qatnashdim, – deydi surxondaryolik ishtirokchi Farhod Toshpo‘latov. – Bu uskunaning afzalligi shundaki, hech qanday yoqilg‘isiz quyosh energiyasidan quvvat olgan holda bir vaqtning o‘zida yerning qatqalog‘ini yumshatadi va begona o‘tlardan tozalaydi. Endi bu uskunamni yanada takomillashtirish orqali aholining o‘z tomorqasidan yanada ko‘proq daromad olishi uchun ko‘maklashmoqchiman.
Ta’sis etilgan ilk yildanoq, yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otgan ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra, har bir yo‘nalishdan 6 nafardan yosh ixtirochi g‘olib deb topiladi. 18 nafar o‘quvchiga keyingi o‘quv yili davomida stipendiya belgilanadi va O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda kasb-hunar ta’limi markazining diplomi topshiriladi.
Bundan tashqari, ko‘rik-tanlovning faol ishtirokchilariga «Eng yosh innovatsion g‘oya muallifi», «Eng samarali innovatsion loyiha muallifi», «Kichik biznes uchun eng istiqbolli innovatsion loyiha muallifi», «Eng yaxshi innovatsion ishlanma muallifi» kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 4-iyul kuni tanlovning respublika bosqichi g‘oliblarining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter