Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov Qashqadaryoning 3 ta tumanida AKTni rivojlantirmoqchi

Sherzod Shermatov Qashqadaryoning 3 ta tumanida AKTni rivojlantirmoqchi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Qashqadaryoga amaliy tashrifi doirasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialiga qarashli Mirishkor, Nishon hamda Kasbi tumanidagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlariga borgan.

Markazlardagi uchrashuv chog‘ida AKT vaziri o‘quv sifatini oshirish, o‘quvchilarning ko‘proq xorijiy tillarni o‘rganib, mahalliy va xorijiy IT-kompaniyalarda faoliyat yuritishini hozirdan o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishi kerakligini aytgan. Shu bilan birga, o‘quvchilarni IT sohasiga keng jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

«Avvalo, Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarining vazifasi o‘sib kelayotgan yosh avlodni ilm-fanga keng jalb etish, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirishga, kelajakda yetuk IT mutaxassislarni yetishtirib chiqarishga qaratiladi. Kelgusida tuman yoshlari ushbu o‘quv markazlarida kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika, internetdan foydalanish hamda boshqa bir qator yo‘nalishlarda o‘z bilimlarini oshiradilar», deyiladi vazirlik axborotida.

Shuningdek, AKT vaziri o‘quv markazlarida yoshlarning IT sohasiga qiziqishini oshirish, ularning bu boradagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratgan. AKT sohasida yuqori malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun ta’lim sifatini oshirishga bor kuch-g‘ayratni ishga solish zarurligini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring