Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergelidagi «Xavfsiz shahar» qanday barpo etildi?

Sergelidagi «Xavfsiz shahar» qanday barpo etildi?

Yangi Sergeli-6A mavzesi.

Foto: «Uza.uz»

Har bir inson mustaqil hayotga qadam qo‘yar ekan, o‘z uyiga, boshpanasiga ega bo‘lish, shu yerda palak yozib, uvali-juvali bo‘lish orzusi bilan yashaydi. Orzusidagi shinamgina uy esa unda ertangi kunga ishonchni yanada mustahkamlab, jamiyat hayotiga daxldorlik, mas’uliyat hissini oshiradi.

Poytaxtimizning Sergeli tumanida yangi Sergeli-6A mavzesi paydo bo‘ldi

Joriy yilning boshida qurilishi boshlangan mazkur uy-joylar bugun to‘liq yakuniga yetkazildi. Mavzedagi bu mahallaga «Bunyodkor» nomi berildi.

13 gektar maydonda qad rostlagan 1, 2, 3 xonali 66ta ko‘p qavatli bu uylar aholiga imtiyozli kreditlar asosida berildi. Uylar atrofida 240 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 630 o‘rinli o‘rta ta’lim maktabi, 61-sonli oilaviy poliklinika, yopiq turdagi suzish havzasi, shahar militsiya bo‘linmasi, pochta va kitob do‘koni, velotrassalar barpo etilgan.

Yangi mavze «Xavfsiz shahar» nomi bilan el og‘ziga tushdi

Quvonarlisi, uylarni har tomonlama mustahkam va sifatli barpo etish fidoyi quruvchi-muhandislarimiz zimmasiga yuklangan bo‘lsa, istiqomat qiluvchilarning xotirjamligi, xavfsizligini ta’minlash uchun u yerda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini joriy etishga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi korxona va tashkilotlari xodimlari bosh-qosh bo‘lishdi.

«Xavfsiz shahar»ni barpo etishga biz ham o‘z hissamizni qo‘shganimizdan juda xursandmiz. Quruvchilar o‘z ishlarini, biz o‘z vazifamizni sidqidildan bajarishga intildik. Barcha uylarning kirish yo‘laklariga jami 104 ta, tevarak-atrofga 24 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Xonadonlarga, ijtimoiy ob’yektlarga optik tolali aloqa kabellari tortildi, telefon aloqasi, internet va IPTV xizmatlari olib kirildi.

Sunnatulla Hakimov,
 «O‘zbektelekom» AKning «TShTT» filiali
 multimedia xizmatlari bo‘limi oliy toifali muhandisi

Mahalla kaftdek namoyon

Mavzeda Sergeli tumani ichki ishlar boshqarmasining 50-sonli shahar ichki ishlar bo‘limi ham har tomonlama zamonaviy talablar asosida barpo etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mavzega tashrifida bo‘limimiz faoliyati bilan ham tanishdi. U kishining birinchi bergan savoli shunday bo‘ldi: Xo‘sh, yangi bo‘lim sizlarga nima berdi? Bu savolga ikkilanmay aytishim mumkinki, bu bo‘lim bizga zamonaviy standartlarda ishlash imkonini berdi.

Asliddin Ubaydullayev,
bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik

Uylar yo‘laklari va gavjum joylarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari katta ekranli monitorlarda aks etib turadi.
Foto: «Xabar.uz»

Uylar yo‘laklari va gavjum joylarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari bo‘lim navbatchilik xonasidagi katta ekranli monitorlarda aks etib turadi. Bundan tashqari, mahallalardagi yettita maktab va bolalar bog‘chalari ham kameralar orqali bo‘limga onlayn ulangan. Bu orqali ta’lim-tarbiya muassalaridagi davomat, o‘quvchilarning xatti-harakatlari nazoratda.

Pochta aloqasi bo‘limida kitob savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan

Keng va yorug‘, barcha sharoitlar yaratilgan 88-aloqa bo‘limi dizayniga o‘zgacha yondashilgan. Yana bir yangilik shundaki, bo‘limning katta bir xonasi kitob va o‘quv qurollari savdosi uchun ajratilgan. Mahalla ahli bu yerdan o‘zlari istagan adabiyotni sotib olishlari mumkin.

Pochta aloqasi bo‘limida kitob savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Foto: «Xabar.uz»

Shifokor qabuliga onlayn yozilish mumkin

Hududda qad rostlagan 61-oilaviy poliklinika eng yuqori darajadagi sharoitlarga ega tibbiy muassasa hisoblanadi.

— Poliklinikamizda terapevt, pediatr, jarroh, otolaringolog, okulist, nevrolog, immunolog singari tor soha mutaxassislari aholimizga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga bel bog‘lashgan, — deydi muassasa bosh shifokori Shahzoda Alimova. — Zamon talabidagi qulayliklardan yana biri bemorlarni navbatga yozish bo‘yicha elektron tizim joriy qilinganidir. Bunda bemor poliklinikaga kelmasdan turib ham shifokor qabuliga telefon yoki internet orqali onlayn yozilishi mumkin. Ro‘yxatxonadagi kompyuter yordamida qabul qilingan onlayn navbatlar kutish zalidagi monitorlarda aks etib turadi. Bu ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo‘yib, vaqtni tejaydi va yettita mahalladagi ikki yarim mingdan ortiq aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab oladi.

«Xavfsiz shahar» kompleksi ichki ishlar, davlat organlari va ularning muassasalari axborot, videokuzatuv, qonun buzilishi holatlarini qayd etish, qo‘riqlash ob’yektlari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga chora ko‘rish va ogohlantirish, tahliliy «aqlli datchik»lar tizimlari, shuningdek, qonun buzilishlarining oldini olishga qaratilgan boshqa axborot tizimlari, navbatchi-dispetcherlik markazlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini integratsiya qilishga qaratilgan.

Asadjon Xo‘jayev,
«Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga
ko‘maklashish markazi» direktori birinchi o‘rinbosari

Sergelida bunyod etilgan yangi mavze bu bir debocha, loyihaning birinchi bosqichi. Qurilish ishlari avjida, yana yangidan-yangi ana shunday zamonaviy uylar — orzular oshyonlari qad rostlaydi. Ikkinchi bosqichda (2019—2021-yillar) «Xavfsiz shahar» viloyat markazlari va yirik shaharlarda joriy etiladi. Uchinchi bosqichda (2021—2023-yillar) esa kompleks butun mamlakatni qamrab oladi. Demak, bu mavzuga yana qaytamiz.

Usmonjon Yo‘ldoshev,
«Xabar» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring