Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatda AKT vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi hisobotlari eshitildi

Senatda AKT vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi hisobotlari eshitildi

Foto: «Xabar.uz»

2019-yil 31-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 2019-yilning 9-oyida amalga oshirilgan ishlar natijalari bo‘yicha hisobot eshitildi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining joriy yil 9 oyidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Foto: «Xabar.uz»

Ta’kidlanganidek, 2019-yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga 40 ta maqsadli vazifa yuklatilgan. Ularni amalga oshirish borasida vazirlik tomonidan izchil ishlar olib borilgan.

Jumladan, chet el investorlarini dasturiy mahsulotlar sohasida qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish maqsadida joriy yilning sentyabr oyida «ICTWEEK Uzbekistan 2019» AKT haftaligi o‘tkazildi. Mazkur tadbir doirasida «DIGITAL UZBEKISTAN» AKT forumi, «ICTEXPO» ko‘rgazmasi, «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish» forumi tashkil etilib, Birlashgan Arab Amirliklari bilan birgalikda «mGowAward» respublika tanlovi e’lon qilindi.

Aloqa va axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchi xorijiy mamlakatlar (Belarus va Hindiston) oliy o‘quv yurtlari bilan qo‘shma fakultetlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakultetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2019/2020-o‘quv yilida yangi yo‘nalish bo‘yicha 505 nafar yigit-qizlar talaba bo‘ldi.

Foto: «Xabar.uz»

Bundan tashqari, 1-band bo‘yicha investitsiya dasturi doirasida III-IV choraklarda bajarilishi lozim bo‘lgan «Optik tolali aloqa liniyalarini qurish», «Radiochastota spektri monitoringi tizimini kengaytirish va rivojlantirish», «Magistral va multiservis transport tarmog‘ini kengaytirish» loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, majlisda vazirlik faoliyatidagi kamchiliklar ham tahlil qilindi va shundan kelib chiqib, bir qator tavsiyalar bildirildi. Xususan, magistral telekommunikatsiya transport tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha doirasida qurilmalarni respublikaga keltirish va joylarda o‘rnatish ishlarini jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, joriy yilda optik tolali aloqa liniyalari qurilishini 10 ming kilometrga yetkazish choralarini ko‘rish zarurligi, bunda olis qishloq aholi maskanlari va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlariga alohida e’tibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Foto: «Xabar.uz»

Davlat bojxona qo‘mitasining joriy yil to‘qqiz oyi davridagi faoliyati senatorlar muhokamasining yana bir masalasi bo‘ldi. Xususan, ushbu tuzilmaga 2019-yilda maqsadli vazifalarni bajarish yuklatilgan bo‘lib, shundan 22 tasining muddati 2019-yilning I-III choraklari etib belgilangan. Ularning aksariyati amalga oshirilgan bo‘lsa-da, belgilangan vazifalardan 2 tasi yakuniga yetkazilmaganligi aniqlandi.

Jumladan, joriy yilning III choragida «Yallama» bojxona posti hududiga tutash joyda «yagona darcha» tamoyili asosida faoliyat olib boradigan zamonaviy bojxona terminalini qurish ishlarini boshlash vazifasi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan tarmoq jadvaliga muvofiq 2019-2020-yillarda «Yallama» bojxona postiga tutash hududlarda bojxona terminali qurish uchun «Euroasia Transportation and Logistics Company» MChJ XK Toshkent viloyati hokimligi tomonidan shartli ravishda potensial investor deb topilgan va bojxona postiga tutash hududlarda bojxona terminali qurish uchun yer uchastkasi ajratilgan. Sentyabr oyida Davlat bojxona qo‘mitasida investorlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olingan bo‘lsa-da, terminalni qurish ishlari boshlanmagan.

Foto: «Xabar.uz»

Shuningdek, bojxona yuk deklaratsiyalarini bojxonada rasmiylashtirish vaqtini 3 kundan 1 kunga qisqartirish lozimligi belgilangan. Biroq bu masalaga doir normativ-huquqiy hujjat bugungi kunga qadar qabul qilinmagan.

Shu bilan bir qatorda majlisda Davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatida aniqlangan kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar bildirildi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring