Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Robototexnika va IT bo‘yicha jahon chempioni. O‘zbekistonlik 15 yoshli o‘quvchining yutuqlari haqida

Robototexnika va IT bo‘yicha jahon chempioni. O‘zbekistonlik 15 yoshli o‘quvchining yutuqlari haqida

Foto: «uzedu.uz»

2003-yilning 26-noyabrida Navoiy shahrida muhandislar oilasida dunyoga kelgan o‘g‘longa ota-onasi orzu-havas bilan Suhrob deya ism qo‘ydi. Bolakay oilaning to‘ng‘ich farzandi bo‘lgani bois unga yaxshi ta’lim-tarbiya bera boshlashdi.

O‘g‘il bola bo‘lgani uchun ham Suhrob bolaligidan singan o‘yinchoqlarini o‘zi tuzatishga urindi. Boladagi qobiliyatni payqagan ota farzandiga yanada kengroq imkoniyat yaratib berdi. Farzandiga internetdan qanday foydalanishni o‘rgatib, qurish va yasash bo‘yicha videoroliklar ko‘rishni tavsiya qildi. Onasi shifokor bo‘lgani bois farzandiga kompyuterdan to‘g‘ri foydalanish tartiblarini o‘rgatdi. Shu bilan birga Suhrob 4 tilni, ya’ni o‘zbek, rus, ingliz va koreys tillarida mukammal suhbatlashishni o‘rgana boshladi.

Ota-onasi o‘gitlariga amal qilgan Suhrob ijtimoiy tarmoqlardan foydali videoroliklarni ko‘ra boshladi. Robototexnikaga oid lavhalarga kundan-kun qiziqishi ortib bordi. Yoshiga yosh qo‘shilgan sari axborot texnologiya sohasiga qiziqib, ixtirolar bilan shug‘ullana boshladi.

Suhrob Haydarov Navoiy viloyati, Navoiy shahridagi 4-umumta’lim maktabida tahsil olib, bo‘sh vaqtida ijtimoiy tarmoqlar orqali dasturlash, robototexnika yo‘nalishi bo‘yicha mustaqil bilim ola boshladi.

Yozgi ta’til kunlari Suhrob qishloqda oilaviy dam olishni xush ko‘rardi. Qishloqda ham bekor yurmay, broyler tovuqlarini parvarishlay boshladi. Tovuqlarga yilning 4 faslida parvarish kerak, lekin doimam qishloqda yashamaydigan Suhrob 15 yoshida «Aqlli katak»ni ixtiro qildi. Bu ixtiro tovuqlarni professional boqish uchun yaratilganligi mutaxassislar tomonidan alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Mazkur ixtirodan zavqlangan Suhrob «Robot Maks» kabi IT loyihalarini yarata boshladi. Maks ismli robot ingliz, fransuz va koreys tillarida erkin so‘zlashishi, shu bilan birga 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ushbu tillarni o‘rgata olishi bilan omma e’tiborini o‘ziga jalb etdi.

Asta-sekin qator robototexnika olimpiadalari hamda ko‘rik-tanlovlarida qatnashgan Suhrob Haydarov faxrli o‘rinlarni egallay boshladi. Xususan, 2018 yilning oktyabr oyida «Iqtidorli yoshlar forumi»ning Respublika miqyosida robototexnika yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Bir oydan so‘ng 24-25 dekabr kunlari o‘tkazilgan «Youth techno art-2018» Respublika tanlovining «Robototexnika» yo‘nalishida 1-o‘rinni egallab, xalqaro «Youth techno art-2019» festival-tanlovida qatnashish uchun yo‘lanmani qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Suhrob Yevropa davlatlarida turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etdi. Jumladan, Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida bo‘lib o‘tgan «Kampus-2019» xalqaro DIV va robototexnika olimpiadasida faol qatnashib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Vengriyaning Dor shahrida 2019-yilning 8-10-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan WRO-2019 xalqaro robototexnika olimpiadasida 1-o‘rinni egallab, EDUTUS universitetida 100 foizlik imtiyozli grand asosida o‘qish imkoniga ega bo‘ldi. Youth techno art - 2019 xalqaro robototexnika olimpiadasida 1-o‘rinni egalladi. NYC ya’ni National youth conference «Milliy yoshlar konferensiyasida» IT speaker bo‘lib faol ishtirok etdi. «Carnival of robotics» nomli robotlar karnavalida organizatorlik qildi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlariga «IT-PARK»larni barpo etish bo‘yicha topshiriq berganida axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga qiziqqan yoshlar juda xursand bo‘ldi, — deydi Suhrob Haydarov. – Biz yoshlar 2020-yilda axborot texnologiyalari sohasida yaratiladigan sharoitlardan unumli foydalanib, kelgusida yurtimiz rivoji uchun munosib hissa qo‘shamiz.

Hozirda Suhrob Haydarov yosh bo‘lishiga qaramay, Navoiy viloyati «Barkamol avlod» bolalar markazida tashkil etilgan «Yosh olimlar klubi»ga rahbarlik qilmoqda. Shuningdek, u «IT-PARK» huzuridagi «Raqamli texnologiyalar markazi»da «Robototexnika» bo‘yicha mentor vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Manba: uzedu.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring