Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Riman sirti, OpenAI bilan bellashish»: Singapurdagi matematik vatandosh hikoyasi

«Riman sirti, OpenAI bilan bellashish»: Singapurdagi matematik vatandosh hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyular davom etadi.

Bu galgi suhbatdoshimiz, Singapur Milliy universiteti ilmiy tadqiqotchisi Karimjon Rahimov bo‘ldi.

Qahramonimiz Buxoro viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining magistratura bosqichi, Italiyadagi Piza universiteti doktorantura bosqichini tamomlagan. Fransiyada 2 yil ilmiy izlanishlar olib borgan.

Yulduz sanab matematikadan kashfiyotlar qilishni xohlaganman

1989-yil 17-mayda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Avvalo 7-sinfgacha qishlog‘imizga yaqin bo‘lgan 24-sonli maktabda, so‘ngra matematikaga ixtisoslashgan 5-son bank litseyida tahsil oldim. Bolalik yillarim har bir qishloq farzandidek, qishloq yumushlari, koptok tepish, chiroqsiz kechalar boshqotirmalar, mantiqiy savollar yechish, yulduzlar sanab o‘zimcha matematikadan nimadir kashfiyotlar qilish bilan va undan tashqari bir yilda bir oy yoshi ulug‘ insonlar davrasida hayotiy ilm olish bilan o‘tgan.

Ota-onam ikkovlari ham O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fakultetini tamomlaganlar. Bolaligimda uyimizda matematika kitoblari bo‘lardi, ularning aksariyati universitet darajasidagi kitoblar, tushunmasamda varaqlab o‘qib o‘tirgan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Bu menda matematikaga bo‘lgan muhabbatni shakllantirgan, deb o‘ylayman. Matematik bo‘lib shakllanishda unga bo‘lgan muhabbatning o‘zi yetarli emas, matematikani o‘zlashtirishga bo‘lgan kuchli intilish ham bo‘lishi kerak. Bunga erishishimda ota-onamning tarbiyam va ta’lim olishimga bo‘lgan kuchli e’tiborlari sabab bo‘lgan.

Talabalik davrim

Bakalavr bosqichiga o‘qishga kirishga tayyorlanish jarayonida umuman qo‘shimcha darslarga bormaganman, asosan o‘zim tayyorlanganman. Umuman olganda o‘zim O‘zbekiston Milliy universitetida ta’lim olishni istagandim. Navoiy davlat pedagogika institutida o‘qishga qaror qilishimga ko‘p omillar sabab bo‘lgan. Matematikadan 100 foizlik natija ko‘rsatgan taqdirimda ham boshqa fanlardan yuqori ball ololmasligimga ko‘zim yetardi. Odatda nimagadir O‘zMUda kirish ballari yuqori bo‘lar edi. Navoiy davlat pedagogika institutida ballar pastroq va grant ko‘proq hamda Navoiy G‘ijduvonga yaqin bo‘lganligi uchun u yerga o‘qishga topshirish men uchun mantiqliroq ko‘ringandi o‘shanda.

Lekin, Navoiyda o‘qiganim ochig‘i ko‘p jihatdan men uchun juda foydali bo‘lgan. Avvalo ilm berish yuqori darajada emasligi tufayli ilmni o‘qituvchilardan emas, o‘zim kitoblardan olishni o‘rgandim, bu narsa keyinchalik ilmiy kitoblarni birovlarning yordamisiz tahlil qila olishimga ko‘mak berdi. Agarda sizga yaxshi tahsil berilmasa va o‘zingiz qiyinchilik bilan o‘zlashtirsangiz, unda siz fanni o‘zlashtirishda qaysi nuqtalarda qiyinchiliklar bo‘lishini juda yaxshi his qilar ekansiz. Bu tajriba keyinchalik ko‘pgina olimpiadachi shogirdlar tayyorlashim, ilm olayotgan yoshlarda fanning qaysi nuqtalarida muammolar bo‘lishini tezda anglashimda foydali bo‘ldi. Undan tashqari Navoiyda ko‘pgina nohaqliklarga uchradim, misol uchun nomdor stipendiant bo‘lishdagi holatni aytishim mumkin. Bu nohaqliklar keyinchalik, diqqatimni qanaqadir mukofotlar va bo‘lmag‘ur narsalarga qaratmasdan aniq yuqori maqsadlarga qaratishim kerakligini anglab yetishimga juda katta yordam berdi.

O‘zMU menga juda ko‘p imkoniyatlar eshigini ochdi

O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olish mening orzularimdan biri edi. Chunki u maskanda juda kuchli olimlar, akademiklar faoliyat olib borishini ota-onam ko‘p marta aytib berishgan. Shu boisdan, bakalavrni tamomlab, magistratura bosqichi uchun poytaxtga yo‘l oldim.

O‘zMUdagi o‘qishimga keladigan bo‘lsak, bilasizmi, agar siz avval qiyin muhitda ya’ni hammasini o‘zingiz o‘qishingiz, o‘zingiz tushunishingiz va tahlil qilishingiz lozim bo‘lgan joyda tahsil olib, so‘ngra o‘z sohasini mutaxassislari ishlaydigan o‘z sohasida dunyo darajasidagi olimlardan tahsil ola boshlasangiz, sizda ilm olishga bo‘lgan g‘ayrat va ilm eksponensial ravishda o‘sib ketar ekan. Ikki ta’lim maskanida juda katta farqni ko‘rdim. O‘zMU menga juda ko‘p imkoniyatlar eshigini ochdi, deb ayta olaman. Misol uchun kuchli kadrlar tayyorlaydigan matematik analiz kafedrasida tahsil olishim va uni ustiga dunyo tan olgan olim akademik Azimboy Sadullayevga shogirdlikka tushishim matematik sifatida shakllanishimga xizmat qildi.

2016-yil Italiyaga jo‘nab ketdim

Bir muddat O‘zbekistondagi faoliyatimdan keyin 2016-yil Italiyadagi Piza universitetiga doktorontura bosqichida tahsil olish uchun jo‘nab ketdim. Oliygohdagi ilmiy ishim Riman sirtlarida meromorf bog‘lamalarning geodeziklari dinamikasi bo‘yicha edi. Bu dinamikaning bir yo‘nalishi bo‘lib hayotdagi ko‘pgina dinamik jarayonlarda qo‘llaniladi. Formal qilib tushuntirsam yer sirtini Riman sirti sifatida qarashingiz mumkin. Undagi ikkita nuqtani eng yaqin yo‘l bilan tutashtiruvchi chiziqni geodezik desangiz bo‘ladi. Ikki nuqtani tutashtiruvchi uzunligi eng kichik bo‘lgan chiziq bu kesma deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin yer sirti Sferaga yaqinligini hisobga olib uning ikki qutbini tutashtiruvchi eng yaqin yo‘l kesma emasligini ko‘rasiz. Demak geodezik aynan biz tasavvaur qiladigan kesma emas va ular har xil qonuniyat bilan aniqlanadi. Faraz qiling, yer sirtida biror zarracha biror geodezik qonuniyat bilan harakat qilayapti, savol shuki ma’lum uzoq vaqtdan keyin shu zarracha qayerda qay holatda bo‘ladi? Zarracha qayerlarga juda yaqin boradi? Qachon biror joyda to‘xtab qoladi? Qachon davriy harakatlanadi? Ikkita bir-biriga juda yaqin zarracha ma’lum vaqtdan keyin bir-biri bilan qanday masofada bo‘ladi? Qachon xaos kuzatiladi? Sodda qilib aytsam mening doktorlik dissertatsiyamdagi ilmiy ishim shu kabi savollarga javob topishga bag‘ishlangan hamda ishim muvaffaqqiyatli yakunlangan.

Fikrlardan ham ko‘ra savollar ichida qoldim

Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan, jumlasi naqadar to‘g‘riligini musofir bo‘lib anglab yetdim, deb bemalol ayta olaman. Hayotimdagi eng keskin burilishlardan biri Italiyada bo‘ldi. U yerdaligimda hayotimdagi shunday bir nuqta keldiki, ko‘pgina fikrlar, fikrlardan ham ko‘ra savollar ichida qoldim. Italiyadaligimda juda ko‘p davlatlarga ilmiy safarlarda bo‘ldim. Shunda miyamda «bu yerlarda har xil odamlarni ko‘ryapman hammasi har xil dunyoqarash va har xil hayot tarziga ega, ularning qaysi biri to‘g‘ri yo‘lda? O‘zim to‘g‘ri yo‘ldamanmi? To‘g‘ri yashayapmanmi? Maqsadim nima o‘zi?» kabi savollar juda qiynardi. Shu savollarga javob olmasdan yursam o‘zimni aldab yuraveraman deb o‘yladim va matematikadan tashqari shu savollar bo‘yicha ham noldan boshlab ilmiy izlanishlar olib bordim. Hamma savollarimga javob olganimdan keyin hayotimdagi ko‘pgina narsalarni o‘zgartirishim kerakligini angladim va asta-sekinlik bilan o‘zgartirdim. Shundan beri maqsadlarim aniq fikrim teran va ichimda xotirjamlik bor.

Qiynalsangiz ham e’tiborni bir joyga qarating

Matematika kimgadir qiyin, kimgadir oson, kimningdir hayoti, kimgadir kerak emasdek tuyuladigan fan. Har kim uchun o‘zi qiziqadigan o‘zi yoqtiradigan va iqtidori aynan shu sohada bo‘lgan qandaydir sohalar bor. Kimdadir shu matematika, kimdadir esa boshqa soha. Matematikani ko‘pchilik o‘rganishni istashining asosiy sabablaridan biri, matematika har birimizni hayotimizda juda ham kerak. Oilaviy iqtisodiyotni boshqarishda, to‘g‘ri sarf xarajat qilishda, vaqtni chamalashda, vaznni nazorat qilishda va hokazolarda matematikani bilish talab qilinadi. Shuning uchun ko‘pchilik matematikani o‘rganaman deydi, ko‘pchilik o‘rganmoqchi bo‘lganligi uchun o‘rganishga qiynalayotganlarning ham soni ko‘p bo‘ladi.

O‘zingiz bilmagan ilmni o‘rganish chiroq tugmasi qayerdaligini bilmaydigan qorong‘u xonada tushib qolgandek gap, to chiroqni yoqish tugmasini topmaguncha ancha qiynalasiz tugmani topganda hamma narsani osonlikcha ko‘ra olasiz. Maslahatim shuki qiynalsangiz ham tartib va e’tiborni bir joyga qaratib tushunmayotgan narsangizni qayta-qayta o‘qing. Shunday bir nuqta keladiki miyangizda chiroq yorishgandek bo‘ladi, hamma narsani bemalol anglay boshlaysiz. Undan keyin deyarli qiynalmay qo‘yasiz.

Men matematika sohasi doim dolzarbligini saqlashiga ishonaman. Chunki  hayotimizdagi ko‘pgina yangiliklar, kashfiyotlarda matematikaning roli juda katta. Hayotimizni yengillashtirish uchun hal qilishimiz kerak bo‘lgan muammolar bor ekan matematikaga doim ehtiyoj bor.

Kelajakda matematikani bilish darajasi inson iqtidorini belgilaydigan bir omil sifatida qaralishi asta-sekin oydinlashib borayapti. Matematika mantiqiy fikrlashni oshiruvchi soha, uni o‘rganish va o‘rgatish doim dolzarb bo‘lib qoladi.

Tirik qolmoqchi bo‘lsangiz OpenAI bilan bellashishingiz kerak

OpenAI, ya’ni sun’iy intellekt startapning foydali jihatlari juda ko‘p, hammasi to‘g‘ri yo‘naltirishga bog‘liq albatta. Hozir, OpenAI ko‘pgina sohalarda yengilliklar yaratmoqda va hattoki ayrim sohalardagi rivojlanishni yanada tezlashtirib yubormoqda. Sohalarni yo‘q qilib yuborishiga kelsak, qaysidir sohalarni tugashiga olib kelishi mumkin. Biroq baribir inson nazorati saqlanib qolinadi. Ushbu startap ko‘pgina sohalarda musobaqani kuchaytiradi, ya’ni siz shu sohada tirik qolmoqchi bo‘lsangiz OpenAI bilan bellashishingiz kerak. Misol uchun internet hayotimizga kirib kelgandan keyin insonlar yangiliklarni gazetalardan emas internetdan o‘qiy boshladi, bu gazetalarga kuchli raqobatchini paydo qildi. Hozir ko‘rib turganimizdek hamma gazetalar ham yopilib ketmadi kuchli gazetalargina tom manoda tirik qoldi.

Kontrakt to‘lasa bitirtirib yuborish bo‘lib qoldi

Hozir Singapur Milliy universitetida bir paytning o‘zida 3-4 ta ilmiy ish ustida ish olib borayapman. Kompleks va haqiqiy dinamika, Plyuripotensiallar nazariyasi hamda doktorlik dissertatsiyamdagi soham bo‘yicha ham ilmiy ishlarni davom ettiryapman.

Oliygoh haqida fikr bildiradigan bo‘lsam. Singapur milliy univeristeti juda katta kampusga ega, undagi yaratilgan muhit odamni o‘qish va ishlashga bo‘lgan zavq-shavqini oshiradi. Sharoitlariga kelsak, kampus juda katta bo‘lganligi uchun kampus ichida 6 xil yo‘nalish bo‘yicha tekin avtobuslar yo‘lga qo‘yilgan. Undan tashqari kampusda basseyn, sport zali, har xil sport maydonlari, har bir binoda musulmonlar uchun namozxonalar tashkil qilingan. Fakultetdagi muhit, ilm qilish uchun yaratilgan sharoitlar ham juda ajoyib. Italiyada 3 yil, Fransiyada 2 yil faoliyat yuritdim lekin menga yaratilgan sharoit va muhit bo‘yicha Singapur milliy universiteti ko‘proq ma’qul tushmoqda.

Savolingizning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, men maktab darajasidagi emas univerisitet darajasidagi ta’limni taqqoslab kamchilik, muammolar va yutuqlar haqida fikr bildirsam adolatdan bo‘ladi o‘ylayman. Keling avvalo universitetlardagi boshqaruv tizimining universitetdagi roli va qanday tanlanishini taqqoslaylik. Singapur, Italiya va Fransiyada boshqaruv tizimidagilar ya’ni rektor, prorektor, dekanlar professor-o‘qituvchilarga xizmat qiladi, ularni boshqarishga, nazorat qilishga harakat qilmaydi.

Ikkinchidan rektor, prorektorlar saylanadi, universitet qadriyatlari, tanlagan yo‘lini yaxshi bilgan insonlargina boshqaruvga saylanadi, aksar holatlarda shu universitetda ko‘p yillik faoliyat yuritganlargina boshqaruvga keladi. Bu muhim hisoblanadi, chunki universitetni ich-ichidan his qilgan, kamchiliklar-u muammolarini tushungan odamlar boshqaruvga kelishi, albatta doim foydaga ishlaydi. Endi o‘zimizga kelsak, boshqaruvdagilar professor-o‘qituvchilardan o‘zlarini juda yuqori tutishadi, darslariga kelib aralashishlari ham mumkin, byurokratik ishlarni o‘zlari qilmasdan professor-o‘qituvchilarni byurokratiyaga ko‘mib tashlashadi. Boshqaruvdagilar tayinlanishi ham yomon oqibatlarga olib keladi, odatda universitetni bilmaydigan, shu maskanda ta’lim bermagan insonlar boshqaruvga keladi. Bu universitetni faqat orqaga ketishiga xizmat qiladi. Xorijdagi men ishlagan ko‘pgina universitetlarda bir narsani his qilganman u joylarda universitet bu bir katta oila, siz farroshmisiz, qo‘riqchimisiz, talabamisiz, ushbu universitetga ozgina aloqangiz bormi, bo‘ldi siz ushbu oila a’zosisiz. Endi o‘ylab ko‘ring, ushbu oilaga boshqa joydan rahbar keltirib qo‘yilishi mantiqsizlik.

Men ishlagan xorijiy universitetlarda asosan talabalarga yaratilgan sharoitlar, ularning bilim darajasini qanday ko‘tarish mumkinligi, professor-o‘qituvchilarni ilm qilishi uchun yetarli sharoit yaratilayotganligi va shunga o‘xshagan boshqa masalalar muhokama qilinadi. Bizda talabalarning bilim darajasini qanday ko‘tarish umuman muhokama qilinmaydigan bo‘lib qoldi, muhokama mavzulari bilimsiz bo‘lsa ham kontrakt to‘lasa iloji boricha qanday qilib bo‘lsa ham bitirtirib yuborish bo‘lib qoldi. Bu juda achinarli holat.

Har bir asarda muallif o‘z dunyoqarashini ifoda etadi

Ancha yillardan buyon film ko‘rmayman va ko‘rishni ham maslahat bermagan bo‘lardim. Kitoblar esa juda muhim mavzu. Hammaga birdek 3 kitob tavsiya bera olmagan bo‘lardim, chunki har bir insonning psixologik holati va iymonining kuchi har xil bo‘ladi. Biz kitob deganda bu mukammal eng to‘g‘ri narsa degani emas. Har bir asarda muallif o‘z dunyoqarashini ifoda etadi va uning asarida uning dunyoqarashi absolyut haqiqatga yaqin eng to‘g‘ri yo‘l sifatida ko‘rsatiladi. Siz uning asarini mutolaa qilganingizda, dunyoga uning ko‘zi bilan qaray boshlaysiz. Siz uning fikrlashining qanchadir qismidan ozuqa olasiz va sizda yangi haqiqatlar paydo bo‘ladi. Ayniqsa xorijiy adabiyotlarda shu narsa namoyon bo‘ladi. Asarning ichidan sizga foydali qismini olib zararlisini tashlab yubora oladigan darajada bo‘lsangiz, unda qanday asar o‘qishingizdan qat’iy nazar siz uchun foydali bo‘ladi.

Keling 3 ta kitob tavsiya qilishga harakat qilaman, birinchi kitob Tog‘ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar», ikkinchisi Jaloliddin Rumiyning «Ichingdagi ichingdadur». Uchinchi kitob sifatida bitta kitobni emas, oxirgi 200 yillik tariximizni yaxshi yoritib beruvchi kitoblar jamlanmasini o‘qishni tavsiya beraman, shunda kim do‘stimiz, kim dushmanimiz, qayerga qarab harakat qilayotgan edik va hozir qayerga qarab harakat qilishimiz kerakligini o‘zbek sifatida anglashimiz ancha oson bo‘ladi.

Yoshlar bilan ishlashni yaxshi ko‘raman

Avvalo har bir musulmon kabi barcha farzlarni to‘kis ado etish. Ota-onam oilamni rozi qilish va farzandlarimni to‘g‘ri tarbiyalash.

Undan tashqari men yoshlar bilan ishlashni, ularni kashf qilishni yaxshi ko‘raman. Juda ko‘p yetuk shogirdlar tarbiyalash va tarbiyalaganda ham barchasini o‘zimdanda kuchli qilib tarbiyalash mening keyingi asosiy missiyalarimdan biri hisoblanadi. Agar sen olim bo‘lsang va jamiyatni rivojlantirmoqchi bo‘lsang juda ko‘p shogird tayyorla va ular sendanda kuchli bo‘lsin, shuning o‘zi jamiyat rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring