«Raqamli mobil pasport» haqida qaror loyihasi e’lon qilindi
Ayrim turdagi ma’lumot va hujjatlarni elektron ko‘rinishda taqdim etish imkonini beruvchi «OneID mobile» mobil ilovasi yaratiladi va u fuqaroning «raqamli mobil pasporti»ga aylanadi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «Fuqarolarning raqamli pasporti» loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan muayyan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyotini bekor qilishni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasida so‘z boradi.
Axborot texnologiyalari vazirligi, Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahrida 2022 yil 15 iyuldan 2023 yil 1 dekabrga qadar tajriba tariqasida «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi negizida ayrim turdagi ma’lumot va hujjatlarni elektron ko‘rinishda taqdim etish imkoniyatini beruvchi «OneID mobile» mobil ilovasini yaratishni ko‘zda tutuvchi «Fuqaroning raqamli mobil pasporti» loyihasini joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.
Shuningdek, qaror loyihasida belgilab qo‘yilishicha:
- davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari, tijorat yoki notijorat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan tajriba o‘tkazish davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlaridan talab etiladigan alohida turdagi ma’lumot va hujjatlar mobil ilova orqali elektron ko‘rinishda taqdim etilgan taqdirda ular qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi;
- mobil ilova orqali taqdim etiladigan alohida turdagi ma’lumot va hujjatlar ushbu mobil ilovada shakllantiriladigan QR-kod orqali tekshiriladi;
- O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlovchi hujjati (pasporti yoki O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiya kartasi) bo‘lgan 16 yoshga to‘lgan shaxslar elektron hujjatlardan mobil ilova orqali foydalanish huquqiga ega;
- mobil ilovadan foydalanishda mobil trafik uchun to‘lov undirilmaydi.
Vazirlik tajriba natijalari asosida 2023 yil 15 dekabrga qadar ushbu loyihani boshqa sohalarda hamda respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish, qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritadi hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib boradi.
Toshkent shahrida 2022 yil 15 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:
- jismoniy shaxslarga davlat va tijorat xizmatlari, shu jumladan bank, turistik, sug‘urta, mobil, mehmonxona hamda avia va temiryo‘l transporti xizmatlari ko‘rsatish jarayonida ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda nazarda tutilgan ma’lumot va hujjatlarni mobil ilova orqali taqdim etishga ruxsat etiladi;
- davlat va tijorat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda jismoniy shaxslardan mobil ilova orqali taqdim etilgan ayrim turdagi ma’lumot va hujjatlarning asl nusxalariga tengligini isbotlashni talab qilish taqiqlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter