«Raqamli jarlik»: «Kuchlar nisbati»ni o‘zgartirish fursati yetdi
Bugungi o‘zgarishlar jiddu jahdi hech bir qolipga sig‘masa kerak. Qarashlar, tushunchalar o‘zgaryapti. Siz va biz ham, muhtaram o‘quvchi. Zamondan orqada qolmaylik deymiz-da!
Qarasak, yangi texnologiyalar, texnikalar eshik qoqmasdan ham kirib kelyapti. Avval kompyuter va mobil telefon, keyin internet, ... — qolganlari alohida mavzu. Xullas, bularning bari bir bo‘ldi-yu siz-u bizni o‘ziga rom etdi, hamma bugun internetda, hamma bugun ijtimoiy tarmoqlarda, hamma bugun istagan kishisi bilan (u kurrai zaminning naryog‘ida bo‘lmaydimi) istagan paytida gaplashadi, kerak bo‘lsa yuzlashadi.
Muammo
Shu kezda o‘tmish allomalarimiz, adiblarimiz chekkan zahmatlar yodga tushadi. Muhoraba-yu g‘alayonlar ichida yashashsa-da insoniyatga qanday xizmatlar qilishgan. Beruniy va Ibn Sino, Alisher Navoiy va Boburning o‘zaro yozishmalarini eslang. Fan, adabiyotda katta burilish yasagan bu maktublarni karvonlar manzilga yetkazgunicha qancha vaqt, qancha mashaqqat sarflandi ekan. Ana endi savol. O‘sha bobolarimiz bugun siz va bizda bor imkoniyatlarga ega bo‘lishganda nima bo‘lardi-yu, bugun — ayni shu qulayliklar ichida, texnologik «nou-xau»lardan boshi gangigan bizlar onlaynda nimalar qilib yuribmiz?
To‘g‘ri, u zamonlar boshqa edi, bugun bo‘lsa «ommaviy madaniyat» hayotimizga mo‘ralashini qo‘ymayapti. Gazetalarimiz va televideniyemiz ham jim turgani yo‘q: hali mobil telefonlarga «joylashib olgan» internet, hali ijtimoiy tarmoqlar «savalanib» turibdi.
Mashhurlardan biri aytgan ekan: «Kema uchun eng xavfsiz joy — bandargoh, ammo u suzish uchun chiqarilgan». Bugungi global axborot olami ham baayni ulkan ummon — dur-u javohir terish ham mumkin, nahanglar halqumiga tushish yoki g‘arq bo‘lish ham hech gap emas. Shunday ekan, oldimizda faqat ikki yo‘l bor — yo «kema»mizni yanada o‘rab-chirmab kamiga «quruqlikka» chiqarib qo‘yamiz, yo uni boshqarishni tuzukroq o‘rganib, kelajakka yo‘l olamiz.
«Kuchlar nisbati» kimning foydasiga?
Yoshlarimizni ko‘p va xo‘p tergaymiz, kitoblarni qo‘llariga majburlab tutqazishga urinamiz. Ammo bir naf beryaptimi? To‘g‘risini aytish kerak, yo‘q. Balki traktor turganida ketmon, kir yuvish mashinasi turganida qo‘l mehnatiga o‘rin qolmaganidek, allaqachon hammayoqqa o‘z hukmini o‘tkazib bo‘lgan axborot texnologiyalariga yanada dadilroq o‘tish, elektron kitoblarni ko‘proq rivojlantirish fursati yetgandir? Jamiyatimizda asosiy qarorni chiqaradigan, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan kattalarning o‘zini internetda ishlash, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga o‘rgatish kerakdir?
Albatta, kattalarning «offlayn»daligi hech qanaqa loqaydlik yoki befarqlikdanmas. Zamonaviy elektronika ularning hayotiga kech kirib keldi. Ammo o‘rganishga kech emas.
Yaqinda «Intarget.uz» manbasi bergan statistika e’tiborimizni tortdi. Shu manbaga ko‘ra, eng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar sirasiga kiruvchi «Odnoklassniki»dan oyiga ikki million, «Feysbuk»dan 700 ming nafardan ziyod o‘zbekistonlik foydalanayotgan ekan. «Odnoklassniki» foydalanuvchilarining 75 foizi 18dan 35 yoshgacha bo‘lganlar, 11,7 foizi 36—45 yoshlilar, 4,3 foizi 46—55 yoshlilar, 2,3 foizi 56—65 yoshlilar... Feysbukda ham shu ahvol: 18—34 yoshlilar 65 foiz, 35—44 yoshlilar 22 foiz, 45 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lganlar jami ulushi 12,6 foiz. «Kuchlar nisbati»ni ko‘ryapsizmi?! Kuniga qanchalab qonunlarimiz loyihalari internetda, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinadi, biron-bir yangilik bo‘lsa birinchi bo‘lib internetda tarqaydi — siz qaydasiz, yoshi ulug‘lar?!
Albatta, kattalarning «offlayn»daligi hech qanaqa loqaydlik yoki befarqlikdanmas. Zamonaviy elektronika ularning hayotiga kech kirib keldi. Ammo o‘rganishga kech emas. Hisoblab ko‘ramiz: «Odnoklassniki»dagi 2,3 foiz bu — 46 ming, «Feysbuk»dagi 12,6 foiz bu — 88 ming kishi. Demak, ular eplashyaptimi, qolganlarning ham qo‘lidan keladi. Bu salmoqni yanada oshirish, «kuchlar nisbati»ni joyiga qo‘yishning ham faqat ikki yo‘li bor.
Birinchisi, oson va hech qanaqa zahmatsiz yo‘l — vaqt o‘tishini kutish kerak tamom-vassalom. Yigirma-o‘ttiz yillardan hozirgi yoshlar ham keksayadi axir. Qayoqqa qaramang otaxon-u onaxonlar ijtimoiy tarmoqlarda chaqchaqlashib, telegramlashib yurishsa, qiziq.
Ikkinchisi, mashaqqatli, ammo maqbul yo‘l. Axborot texnologiyalarini yoshi ulug‘larimizga hozirdanoq o‘rgatishni boshlashimiz kerak. Otangizga, onangizga telefon sovg‘a qilmoqchimisiz — albatta smartfon oling bering. Telegramda o‘zingiz o‘qigan falon yangilik, muhim xabarni tengqurlaringiz bilan baham ko‘ryapsizmi, yaqinlaringizdan ham ayamang. Yaxshi-yaxshi kitoblar, gazeta-jurnallarning elektron nusxalarini planshetlarga joylab, qo‘llariga tutqazingchi, o‘qishmasimikan...
Muddao
«Xabar» gazetasi tahririyati jamoasi shu ezgu niyatlarni jamlagan holda ikki muhim muhim yangilikka qo‘l urish arafasida.
Birinchisi, gazeta sahifalari orqali kompyuter savodxonligi darslarini berishni boshlaymiz. Ajabmas, siz uzog‘i bilan bir yilda kompyuterni va internetni o‘chirib-yoqadigan, yaqinlaringiz bilan mustaqil ravishda videoaloqada yuzlashadigan, o‘z uyingizdan chiqmasdan hukumatimiz taqdim etayotgan elektron xizmatlardan foydalana oladigan, teatrlarga, samolyot va poyezdlarga chiptalar xarid qila oladigan darajaga chiqasiz va biz bunga umid qilamiz. Albatta, internetdagi eng foydali veb-saytlarga havolalarni muntazam berib boramiz.
Ikkinchisi, «Internet — mening do‘stim, eng yaqin yordamchim» rukni ostida turkum maqolalar chop etishni rejalashtirganmiz. Bu maqolalarni sizdan kutamiz, aziz mushtariylar! Axborot texnologiyalarini, kompyuter va internetni o‘zlashtirish hayotingizda qanday ijobiy burilish yasadi, boshqalarga nimalarni tavsiya qila olasiz. Shu mavzuda jo‘natilgan maqolalar gazetamiz sahifalarida muntazam chop etib boriladi.
Kompyuter va internetning ajoyib olamida sizga omad yor bo‘lsin!
Sobit AHADOV, «Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter