Qiziltepa va Xatirchini raqamli transformatsiya qilish boshlandi
Navoiy viloyati hamda namunaviy hudud sifatida tanlab olingan Qiziltepa va Xatirchi tumanlarini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 53,9 mlrd. so‘mga teng 86 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.
Bu loyihalar Prezidentning «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020-yil 5-oktyabrdagi Farmoniga muvofiq amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shundan, 2020-yil yakuniga qadar Qiziltepa tumanida jami 22 ta loyiha hamda 2021-yil I chorakda Xatirchi tumanida jami 21 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» tasdiqlangan.
Joriy yilning 5-6-noyabr kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari J.Maxsudov boshchiligida ishchi guruh Navoiy viloyatida bo‘lib, farmon bilan belgilangan loyihalarning ijro holatini o‘rgandi.
Viloyatning Qiziltepa tumanini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha tasdiqlangan «yo‘l xaritasi» doirasida tuman aholisiga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish, tumandagi ijtimoiy soha ob’yektlarini yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanishini ta’minlash maqsadida 60 km.dan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurilib, 512 portga teng qurilmalar o‘rnatildi. Mobil aloqa operatorlarining sakkizta yangi tayanch baza stansiyalari o‘rnatilib, ishga tushirildi hamda beshta mavjud baza stansiyalar 3G/4G standartiga modernizatsiya qilindi.
Shuningdek, tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada «Elektron poliklinika» axborot tizimi sinov tarzida ishga tushirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning uchinchi yo‘nalishi «aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish» doirasida Qiziltepa tumanida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tuman yoshlari va aholisi uchun tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Mazkur markazning ochilish marosimida AKT vaziri o‘rinbosari J.Maxsudov, Qiziltepa tumani hokimi Sh.Nabiyev, tuman yoshlari va keng jamoatchilik vakillari sanitariya, gigena va karantin qoidalariga rioya etgan holda ishtirok etishdi.
Ushbu markazda yoshlar uchun kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi va dizayn, robototexnika, veb dizayn asoslari, dasturlash tillari, veb va mobil ilovalarni yaratish kabi o‘quv kurslari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbar va xodimlari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Markazda yiliga 1000 nafardan ortiq yoshlarimizga axborot kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida zamonaviy bilimlar berish imkoniyati mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter