Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar holati muhokama etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, «O‘zbekkosmos» agentligi, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ul rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etishdi.
Tadbirda sohani raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy axborot tizimlari hamda dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalari yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning hozirgi holati, yaratilayotgan axborot tizimlarining maqsadi va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sub’yektlari uchun dolzarb xizmatlar va ma’lumotlarni raqamli texnologiyalar yordamida taqdim etish, bu borada jarayonlarning shaffofligini oshirish va inson omilini kamaytirish choralarini ko‘rish, idoralararo qishloq xo‘jaligiga oid ma’lumotlarning elektron almashinuvini yo‘lga qo‘yish, axborot va geoaxborot texnologiyalarini sohada qo‘llash bo‘yicha xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, Toshkent davlat agrar universitetida sohada axborot texnologiyalari va innovatsion yechimlar bo‘yicha istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmini ishlab chiqish, ta’limni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash, shuningdek ilmiy salohiyatni kuchaytirish yo‘nalishida tegishli tavsiya va vazifalar belgilab berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter