Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentdan oltin soat olgan gurlanlik ayol kim bilan musobaqalashmoqda? (foto)

Prezidentdan oltin soat olgan gurlanlik ayol kim bilan musobaqalashmoqda? (foto)

Prezident tomonidan berilgan oltin soat.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ishchi guruhi hududlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish, tizimdagi muammoli masalalarni joyida hal etish, xodimlar bilan muloqot o‘tkazish maqsadida an’anaviy tarzda viloyatlarga safar uyushtirmoqda. Vazirlik rahbariyati ayni vaqtda ham Xorazm viloyatida bo‘lib turibdi.

Avvalroq xabar berganimizdek, dastlab viloyatning Yangibozor tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh a’zolari viloyatning Gurlan tumanidagi soha korxona va tashkilotlari faoliyati bilan tanishishdi. Yaqinda mazkur tumanda ham Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi foydalanishga topshirilgan edi. Hozir markaz o‘quvchi yoshlar bilan gavjum.

Oldingi tashrif davomida vazirlik ishchi guruhi rahbari Shuhrat Sodiqov tizimdagi korxonalarga ayol rahbarlarni ko‘proq jalb etish zarurligini tavsiya qilgandi. Hozirda viloyatning Gurlan telekommunikatsiyalar bog‘lamasiga Muqaddas Matmurodova va tuman pochta aloqasi bog‘lamasiga Nigora Hayitmetova, Urganch shahar pochta aloqasi bog‘lamasiga Nazokat Boymurotova rahbarlik qilib kelmoqda.

Ayol kishining nazokati, avvallo, ish joyidagi tozaligu pokizalikka, xodimlarning o‘zini tutishiyu muomalasiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Buni Gurlan aloqa korxonalari binosiga kiriboq sezdik. Muqaddas Matmurodova rahbarligida korxona hududidagi issiqxonaga qayta hayot bag‘ishlangan. U ta’mirlanib, ko‘chatlar parvarishiga alohida e’tibor qaratilgan. Kichikkina joydan yaxshigina limon hosili olinmoqda ekan. Shuningdek, bu yerda tovuqlar ham parvarishlanishi, xodimlarning tushligi uchun tuxumlar shu yerning o‘zidan chiqishi yana bir yangilik bo‘ldi.

— Tumanimizda 44 ta maktab bor. Shundan 34 tasiga optik tolali kabellar tortilgan, yaqin orada qolganlariga ham optik liniyalarni yetkazamiz. Tumandagi 28 mingta xonadonni to‘liq raqamlashtirishni maqsad qilganmiz. Bugun ishchi guruh a’zolariga shu maqsadimizni aytdim, albatta yordam berishlarini bildirishdi, — deydi Muqaddas Matmurodova.

Muqaddas Matmurodova yolg‘izlikda katta bo‘lgan. «Oldimga yaxshi kasb egasi bo‘lishni maqsad qilib qo‘ygandim, mana orzularim ushaldi, — suhbatni davom etadi u. — Bu yil judayam unutilmas yil bo‘ldi hayotimda, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga atab Prezidentimizdan oltin soatni sovg‘a sifatida oldim. Endi mendan baxtli ayol yo‘q, dunyoda».

Gurlan pochta bog‘lamasi rahbari Nigora Hayitmetova bu yerga ishga kelguncha tuman hokimi o‘rinbosari — xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasida mehnat qilgan. Bor e’tiborni pochta mavqeini tiklash, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, xodimlar uchun yetarli shart-sharoit va ularning mehnatiga yarasha ish haqi berishni maqsad qilganini aytadi. Ayni paytda u yuqori turuvchi tashkilot rahbarlari oldiga muammolarni hal etish uchun asosli takliflar berib, ish rivoji uchun izlanmoqda ekan.

E’tiborlisi, tumandagi ikki korxona bir binoda faoliyat ko‘rsatadi, uning rahbarlari esa ayollar. Ular hayotda do‘st, hamkasblar, ammo yaxshi natijaga erishish uchun o‘zaro musobaqalashmoqdalar. Omad tilaymiz!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring