Prezident topshirig‘i: «Innovatsiyalarga baho beradigan payt keldi»
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosiga 12-iyun kuni tashrif buyurgani haqida xabar bergandik.
Innovatsion rivojlanish vazirligi 2017-yil 29-noyabrda tashkil etilgan. O‘sha yilning dekabr oyidan yangi vazirlik uchun bino qurishga kirishilgan edi. Hozirda bino qurib bo‘linib, barcha shart-sharoitlari bilan tayyor holga keldi. Vazirlik 2,5 gektar maydonda joylashgan. Yerto‘la qavati bilan birga 6 qavatdan iborat bino atrofida innovatsion bog‘ barpo qilingan. Innovatsion bog‘ maydoni — 1,7 gektar, 24 turdagi manzarali daraxtlar va gullar, favvora, yozgi amfiteatr va ikkita innovatsion loyihalar va texnologiyalarni taqdimot qilish maydoni bor.
Prezident tashrifi doirasida bir nechta saytlar muxbirlari qatorida «Xabar.uz» muxbiri ham vazirlikning yangi binosi bilan tanishib, O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov bilan suhbatlashdi.
«Tizimli yondashuv kerak»
— Men boshqaruv tizimida ishlamaganman, olimlarning ichida katta bo‘lganman. Ozgina vaqt Fanlar akademiyasida vitse-prezident bo‘lib faoliyat ko‘rsatganman. Bu vazifaga tayinlanishimda ilm-fan natijalarini iqtisodiyotga olib chiqish asosiy muammoimiz ekanligi aytilgandi. Uch yillik faoliyatimiz davomida muammoni yechishga urindik, ammo hozir ham u dolzarbligicha turibdi. Chunki boshqa davlatlarda ham ilmiy natijalarni sotishning unikal bir mexanizmi yo‘q. Qachon talab, bozor bo‘lsagina ishlanma sotiladi. Ko‘p ishlanmalarning amalga oshmaslik xavfi (riski) judayam yuqori, chunki ular hali standartiga ega emas, sertifikatsiyalashdan o‘tmagan. Ishlab chiqarish tarmoqlari bu ishlanmalarni olishdan qo‘rqadi. Undan ko‘ra, biror joydan tayyorini olib kelib, ishlatishni afzal bilishadi.
Shu sababli ham 2017-yilda Prezidentimiz quyidagi fikrni aytgan edi: «Biz bunga yangicha yondashuv qilmasak, ish ketmaydi, hamma o‘zicha shug‘ullanyapti, ayniqsa, olimlarimiz ko‘p ishlar qilgani, amalga oshirgani bilan ularga yordam beradigan tashkilot, tizimli yondashuv, yordam yo‘q». 2017-yilning 2-dekabrida Davlatimiz rahbari Olmazor tumaniga tashrif buyurganida, «Talabalar shaharchasida minglab talabalar, o‘qituvchilar bor, ularga sharoit yaratishimiz kerak. Innovatsiya baribir yoshlardan chiqadi. Ularga bir maydoncha yarataylik. Yangi tashkil qilingan Innovatsiya vazirligi ham shu yerda joylashsin», deb topshiriq bergan edi. O‘sha paytda bu binoning dastlabki chizmalari ham bor edi. Bu yerda g‘oyalarni muhokamadan o‘tkazib, ularni takomillashtirib, mablag‘ni berib, ishlab chiqarishini tashkil qilib berib, keyin katta biznesga qo‘yib yuborish kerak. Shuning uchun ham vazirlik shu yerga kelishi zarur. Bu yerda ilmiy-amaliy markaz, zamonaviy laboratoriyalar bo‘ladi, deyilgan edi.
«G‘oya erkinligi»
— Mana bugun shu konsepsiyada belgilangan ishlar amalga oshdi. O‘sha paytda binoni qurishda dunyo tajribasini o‘rganinglar, deb aytgan edi prezidentimiz. Xorijdagi shunday markazlar borib ko‘rildi. Mana shu o‘tirgan joyimiz ham muhokama maydoni — amfiteatr shaklida. Bu yer hamma uchun ochiq maydon bo‘lishi kerak edi. Dunyo tajribasidan oldik, bu yerda g‘oya erkinligi bor. Bu yerga 200dan ortiq odam sig‘adi. Hamma ilg‘or texnologik qurilmalar o‘rnatilgan.
Vazirlik binosida videomuloqotlar, master-klasslar, guruh-guruh bo‘lib muhokamalar o‘tkazish mumkin. Qolaversa, yozning issiq kunlarida bu yerga kirib, bepul Wi-Figa ulanib, internetdan foydalansa bo‘ladi. Binoga kirsangiz, aqlli texnologiyalar sizga telefoningiz orqali hamma ma’lumotlarni beradi.
Misol uchun, ana shu turgan gulga ham telefoningizni tutsangiz bo‘ldi, o‘zi haqidagi ma’lumotni beradi. Vertikal bog‘ni, selfi maydonini, labirintni ko‘rishingiz mumkin, bu yerdagi aqlli texnologiyalar, yo‘l ko‘rsatkichlar sizni kerakli manzilga olib boradi. Hech kimdan so‘rab o‘tirmaysiz, o‘zingiz uchrashmoqchi xodim haqida infokioskdan ma’lumot olasiz.
Birinchi qavatda doimiy ko‘rgazmalar, robototexnika burchagi, yuqori qavatda ilg‘or laboratoriyalar bor. «Yoshlar akademiyasi» faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ishlanmalari g‘oyadan tortib, tayyor biznesgacha bo‘lgan holatda namoyish qilinadi. Aqlli bank, tibbiyot, qishloq xo‘jaligiga oid texnologiyalar mahalliy va xorijniki, dunyoning eng nou-xau ishlanmalari namunalari jamlangan. Bolalar uchun ilm-fan texnologiyalari ham o‘rin olgan.
Kutubxonamizda uch mingdan ortiq kitoblar, besh mingdan ziyod QR-kodli kitoblar, Alisher Navoiy nomidagi kutubxonadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 100 mingdan ortiq kitobni maxsus texnologiyalar yordamida ko‘chirib olish imkoni bor. Darsliklar, kinofilmlar ham bor bu yerda. Bularni hammaga ko‘rsatishni maqsad qilganmiz. Birinchi qavatning maqsadi shu, kimdir g‘oya bilan kelsa, uni qo‘llab, shu g‘oyasini amalga oshirishga yordam beramiz. Yoki bo‘lmasa o‘zimizdagi innovatsion ishlanmalarni ko‘rsatib, keluvchilarni ham ana shunday innovatsiyalar qilishga undaymiz, xullas, ilm-fanga qiziqtirishga harakat qilamiz.
Binoning yerto‘la qavatida aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish bo‘yicha ikkita yangi o‘quv laboratoriyasi, xodimlar uchun trenajyor va tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalari bor. Aerokosmik tadqiqotlar laboratoriyamizda esa o‘quvchilar yer sun’iy yo‘ldoshini o‘zlari yig‘ib, uchirib ko‘rishlari mumkin. Bu yerda «Quyosh» ham, «Oy» ham bor, shunday muhit yaratilgan.
Markazda 50 nafardan ortiq xodim ishlaydi. Ularning vazifasi g‘oyalarni amalga oshirish, kerak bo‘lsa ishlanma egalariga Intellektual mulk agentligi yordami bilan ana shu ishlanmalarni patentlashga ko‘mak berishadi.
«Ishlanmalar tijoratlashtirilsagina foyda keltiradi»
— Prezidentimiz tomonidan shunday topshiriq bo‘ldi: birinchidan, hamma prototiplar yaxshi, endi ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yib, sotish, ya’ni tijoratlashtirishni kengaytirish. Ikkinchidan, oldimizga hududdagi barcha OTMlarni shu yerga bog‘lash, ularning ilmiy ishlar, innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarini har o‘n kunda o‘qitish masalasi qo‘yildi. Eng katta topshiriq shu bo‘ldiki, Fanlar akademiyasi bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish. Fanlar akademiyasida ko‘plab ishlanmalar bor, biz ularni tijoratlashtirishga yordam berishimiz kerak.
«Bizda ishlab chiqilgan test koronavirusning 20 ta turini 99 foiz aniqlay oladi»
— Pandemiya paytida «Ilg‘or texnologiyalar» markazida koronavirusni aniqlaydigan 50 mingta test ishlab chiqdik. Hozir bir oyda 100 mingta test tayyorlab berishga imkonimiz yetadi. Xorijdan bitta test 16-17 dollarga keltirilsa, bizda tayyorlangan test ikki barobar arzon — 8 dollarga tushadi. Bizda ishlab chiqilgan test koronavirusning 20 ta turini 99 foiz aniqlay oladi. Olimlarimizga vaksina ishlab chiqishga topshiriq berilgan. Yil yakuniga qadar bu borada «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqib, aniq strategik yo‘nalishni belgilab olishimiz kerak.
«Afsuski, ishlanma egalarida noto‘g‘ri tushuncha bor»
— Bugun Davlatimiz rahbari yana bir topishiriq berdilar, har bir tarmoqqa baho beradigan payt keldi, ular innovatsiyalarni ishlab chiqyaptimi, degan savollarga javob beradigan vaqt keldi, deb aytdi. Endi vazirlik ana shu tahlilni qilib berishi kerak.
Startap loyihalarni ham moliyalashtiramiz. Bugungacha 30 dan ziyodini moliyalashtirdik. Loyihalarni moliyalashtirishda xususiy sektor, venchur fondlar mablag‘larni ham jalb qilish mumkin. O‘zi ilmga pul beriladi, bu bilim bo‘ladi. Bilim sotilsa, innovatsiya bo‘ladi. Innovatsiya vazirligi innovatsiyani tijoratlashga yordam beradi, ishlanma egasi bundan manfaatdor.
Hozir ishlanma qilgan odam uni sotsa 40 foizini, uning jamoasi 30 foizini olishi yo‘lga qo‘yildi. Yoki bo‘lmasa, ishlanma egasi o‘z ishini patentlasa, uni eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida rag‘batlantirish tizimi joriy qilindi. Buyam manfaatdorlik. Ammo afsuski, haliyam ishlanma egasida bozorga o‘zim chiqishim kerak, degan tushuncha yo‘q. Ishlanma egalarida Innovatsiya vazirligi ishlanmani tijoratlashtirsin, degan noto‘g‘ri tushuncha bor. Aslida vazirlik unga bozorni topish, texnik hujjatlarini tayyorlashda yordam berishi kerak. Shunday tushunmovchilikni, nomuvofiqliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi. Albatta, kelgusida bunday tushunmovchiliklarga chek qo‘yiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter