AKT vazirligi Hay’atining majlisi o‘tkazildi
2020-yil 16-may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hay’atining kengaytirilgan majlisi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Majlis O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4699-son qarori bilan tasdiqlangan ustuvor loyihalarni amalga oshirish jarayonlariga bag‘ishlandi.
Hay’at yig‘ilishida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov davlatimiz rahbari tomonidan mazkur ishlarni tizimli ravishda amalga oshirish, shuningdek, belgilangan ustuvor loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga mas’ul rahbarlar ham belgilab berilgani, loyihalar barcha davlat boshqaruv organlari, mahalliy hokimiyatlar, iqtisodiyotning real sektori korxonalari, bank tizimi va boshqa tarmoqlarda amalga oshirilishini inobatga olib, barcha vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Vazirlik Hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.G‘ulomov ham ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Bugungi kunda davlat boshqaruvi organlarida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etishda bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligi raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tizimini shakllantirishda, axborot tizimlari va resurslari aksariyat hollarda tarqoq tarzda ishlab chiqilayotganligi, klassifikatorlar va ma’lumotnomalarni yuritish jarayoni markazlashmaganligi, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish doirasida davlat organlari o‘rtasida axborot almashish jarayonida yagona yondashuvga amal qilinmayotganligi, milliy axborot tizimlari va resurslari, kompleks avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, yagona reyestr va ma’lumotlar bazalarini saqlash, almashish va qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan texnik infratuzilmaning yetarli darajada emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida dasturlash va telekommunikatsiya yo‘nalishlari bilan bir qatorda, zamonaviy xizmatlarni ko‘rsatish to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi ham aytib o‘tildi.
Shu bilan birga iqtisodiyot tarmoqlarida axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish holatini tanqidiy tahlili bir qator kamchiliklarni ko‘rsatmoqdaki, ishlab chiqarish salohiyati yuqori bo‘lgan ayrim korxonalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yetarli darajada emasligi va bu holat ushbu sohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni raqobatbardoshiligini ko‘tarishga to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlandi.
Hay’at majlisida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosarlarining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tizimi bo‘yicha ustuvor loyihalar va vazifalar ijrosini tashkil etish, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari, sohada amalga oshiriladigan ustuvor loyihalarni moliyalashtirish, investitsiya dasturi ijrosi masalalari bo‘yicha axborotlari eshitildi.
«Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda davlat boshqaruv organlari, vazirlik, qo‘mita, agentlik, mahalliy hokimliklar, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari yirik kompaniya va tashkilotlari, tijorat banklariga berilgan topshiriq va vazifalarning har bir bandi bo‘yicha muhokama qilinib, kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vaziflar belgilab olindi.
Kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Vazirlik Hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishining tegishli qarori qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter