«O‘zbekkosmos» agentligini tuzish va birinchi sun’iy yo‘ldoshni uchirish rejalashtirilmoqda
Kosmik faoliyat bo‘yicha «Roskosmos» davlat korporatsiyasi O‘zbekistonga birinchi o‘zbek sun’iy yo‘ldoshlarini ishlab chiqarish va ularni yig‘ishni qisman mahalliylashtirishni moliyalashtirish taklifi bilan chiqdi, deb xabar berdi «Sputnik».
«Roskosmos»ning Markaziy Osiyodagi vakili Anatoliy Krasnikovning aytishicha, Rossiya tomoni kosmik aloqa va yerni masofadan turib kuzatish tizimi, sun’iy yo‘ldosh texnikasini hamkorlikda ishlab chiqarish, yuqori malakali kadrlarni o‘qitish kabi keng qamrovli masalalarda hamkorlik qilishni taklif etishi mumkin.
«Biz O‘zbekistonning birinchi sun’iy yo‘ldoshini uchirishni muhokama qildik, o‘z takliflarimizni berdik va umid qilamizki, ushbu yo‘nalishda harakatlanishda davom etamiz. Bizda sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistonga ko‘plab takliflar mavjud. Biz o‘zbekistonlik hamkorlarga hattoki ishlab chiqarishni qisman mahalliylashtirishni hamda Rossiya eksport markazi orqali RF moliyaviy manbalaridan foydalanishni taklif etamiz. O‘zbek tomonining fikrlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu taklif ular uchun ham qiziqarli», — dedi Krasnikov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hamkorlikni yanada rivojlantirishga mamlakatlar o‘rtasida ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazaning yo‘qligi to‘sqinlik qilmoqda.
«2008 yilda kosmosda tinchlik yo‘lida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo dastur imzolangandi, biroq afsuski, boshlanmasdan yo‘q bo‘ldi. Hozirda hamkorlik qilish uchun normativ-huquqiy baza mavjud emas. Biz mazkur huquqiy bazani yaratish variantlarini o‘zbekistonlik hamkorlarimizga taklif etamiz», — «Roskosmos» vakili.
Krasnikovning aytishicha, O‘zbekistonda bundan tashqari, kosmik faoliyat uchun mas’ul yagona organ yo‘q. Shuning uchun mamlakatda «O‘zbekkosmos» agentligini tuzish ishlari olib borilmoqda, vazirlik va idoralarga turli loyihalar tarqatilgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yil fevralida Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishni imzolagan edi. Unda mamlakatda kosmik va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarini joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish topshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter