Xitoyning yirik korporatsiyasi O‘zbekistondagi loyihaga qiziqmoqda
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Xitoyning Aerokosmika fanlari va sanoati korporatsiyasi (CASIC) bosh direktori Li Yue boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning «Xavfsiz shahar» loyihasi uchun zarur apparat va dasturiy ta’minot yaratish doirasida loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Shu munosabat bilan, mezbonlar mazkur xavfsizlik tizimini yaratish borasida Xitoyda tatbiq qilingan shaxsiy tajribalari xususida so‘zlab berdilar.
CASIC Xitoydagi bosh milliy ilmiy-texnik sanoat vakili bo‘lib, yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan bu muassasa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy Xalq Respublikasi hukumati Markaziy apparatining boshqaruvida faoliyatini tashkil qiladi. Korporatsiya milliy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha maqsadli dasturlarni ilgari suradi. Ikki yuzdan ziyod yo‘nalishda faoliyat olib boradigan bu tuzilma tizimidagi 600 dan ortiq tashkilot va korxonalarda 150 ming nafardan ko‘p xodim xizmat qiladi. Ularning 70 foizi texnika va texnologiya sohasidagi mutaxassislar.
CASIC rahbari o‘z nutqida korporatsiya O‘zbekistondagi «Xavfsiz shahar» loyihasida ishtirok etishga qiziqayotgani va hamkorlikka tayyorligini ma’lum qildi.
Ta’kidlash lozimki, ayni paytda mazkur loyihani amalga oshirish uchun xorijlik hamkorlarni aniqlash yuzasidan xalqaro kompaniyalar ishtirokida tender savdolari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter