O‘zbekistonda robot xizmatkorlar yaratildi
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalari hamkorlikda NovAssistant universal robotini yaratdilar. Bu Innovatsion rivojlanish vazirligi yangi binosidagi robototexnika laboratoriyasi mutaxassislari ko‘magida amalga oshirilgan ilk loyihadir.
Robotni yaratgan jamoa a’zolari — Daler Mardonov (loyiha rahbari), Saidakbarxon Po‘latov (dasturchi), Saidazizxon Saidaloyev (konstruktor), Saidaloxon Ergashxo‘jazoda (mexanik) talabalar bo‘lib, ular 19-20 yoshli yigitlar ekanligi diqqatga sazovordir
Mazkur universal robotning yaratilishi tibbiyot, tadbirkorlik, ta’lim, turizm kabi sohalardagi har kunlik vazifalarni bajarishga ko‘maklashadi, shuningdek imkoniyati cheklangan insonlar uchun ish o‘rinlarining ko‘payishiga xizmat qiladi. Yordamchi-robot muloqot qilish bilan bir qatorda o‘z hissiyotlarini ham izhor qila oladi, uni ishxonada yoki uyda ko‘makchi sifatida ishlatish mumkin.
Buyurtmachining istak-xohishiga ko‘ra mazkur robotni istagan ko‘rinishda yasash mumkin. Shuningdek, sun’iy intellekt, odamni tanish, xonadagi uskunalarni boshqarish kabi qo‘shimcha funksiyalarni ham qo‘shib yaratish imkoniyati mavjud. Robotni ilova orqali yoki ovoz bilan boshqarish mumkin.
Mazkur loyihani rivojlantirish orqali robot assistentlarini joriy etilishi yurtimizning xizmat ko‘rsatish sohalari jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, zamonaviy robotlarning keng tatbiq qilinishi yoshlarda robototexnikaga, muhandislik sohalariga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytiradi. Robototexnika sohasida importni kamaytirib, ichki ishlab chiqarish hajmlarini kengaytiradi.
Bunday robotlarning xorijdagi narxi o‘rtacha narxi 180 mln. so‘mga to‘g‘ri kelsa, milliy xizmatchi robotlarimizning o‘rtacha narxi komplektatsiyasiga qarab 25–45 mln. so‘mni tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter