O‘zbekistonda pandemiya vaqtida internet tezligi ko‘tarildi — AKT vazirligi
«Ookla» kompaniyasining Speedtest.net servisi 2020-yil 1-iyun holatiga ko‘ra jahonda kuzatilayotgan pandemiyaning global internet tezligiga ta’sirini e’lon qildi. Buning natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda simli internet tezligi 6 foizga (Fixed Speed Change), mobil internet tezligi esa 18 foizga (Mobile Speed Change) ko‘tarilgan, deb xabar bermoqda AKT vazirligi axborot xizmati.
Qayd etilishicha, jahon miqyosida «COVID-19» pandemiyasi sharoitida internetning o‘rtacha tezligi 1 foizga (Fixed Speed Change), mobil internet tezligi 7 foizga o‘sgan (Mobile Speed Change).
Ta’kidlanishicha, oxirgi yilda internet tezligi bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2020-yil aprel holatiga internet tezligi bo‘yicha reytingida O‘zbekiston 94-pog‘onani egallagan. Ya’ni, bir yil davomida 37 pog‘onaga ko‘tarilib, 131-o‘rindan 94-pog‘onaga chiqqan.
O‘zbekistonda oxirgi yil natijalariga ko‘ra, internet tezligi qariyb 2,3 barobarga o‘sgan.
«Bundan tashqari oxirgi oy natijalariga ko‘ra, mobil internet tezligi ham o‘smoqda: birgina 2020-yil aprel oyi holatiga mobil internet tezligi 9,68 Mbit/s. tashkil qilgan bo‘lsa, bir oy ichida mazkur ko‘rsatkich 11,92 Mbit/s.gacha o‘sdi!», — deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter