O‘zbekiston – Hindiston: AKT sohasida qanday kelishuvlarga erishildi? (video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-sentyabr – 1-oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan Hindistonda bo‘lishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitib, strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ham O‘zbekistonning Hindiston bilan aloqalari yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tariladi. Ushbu mavzuda «O‘zbekiston 24» telekanalida maxsus reportaj namoyish etildi.
Ko‘rsatuvda Hindistonning AKT va jahon dasturiy mahsulotlar bozoridagi natijalari, yutuqlari hikoya qilinadi.
«Hindiston bugungi kunda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishda dunyoning yetakchilaridan biridir. Ushbu mamlakatda AKTning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 7,7 foizni tashkil qiladi. Biz uchun dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishda eng ilg‘or tajribalarni o‘rganish juda muhim. Xususan, Hindiston qanday qilib AKT kompaniyalariga bugun biz guvohi bo‘lib turgan qulay eko-tizimni yaratib bera olgani qiziq. O‘zbekiston dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishda Hindiston tajribasini o‘rganish foydali bo‘ladi deb o‘ylayman», — dedi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov.
Hindistonda AKT sohasida kadrlar tayyorlash darajasi ham yuqori reytinglarda baholanadi. O‘zbekiston uchun bu yo‘nalishdagi hamkorlik ham foydadan holi bo‘lmaydi.
«Biz hindistonlik hamkorlarimiz bilan mamlakatning yetakchi oliy ta’lim maskanlaridan birining filialini tashkil etishga kelishib oldik. Jumladan, Amiti universiteti (Amity University)ning Toshkentdagi filialini ochish bo‘yicha muzokara olib borildi. Shuningdek, mutaxassislar almashinuvi, texnoparklar tajribasini o‘rganish, elektron hukumat yo‘nalishida hamkorlik, hind tajribasiga tayangan holda «elektron sog‘liqni saqlash», «elektron bojxona», «elektron viza» kabi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish va boshqalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Bundan tashqari, O‘zbekistonda yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham hamkorlik qilinadi. Bu kelishuvlar yuzasidan «yo‘l xaritasi» tuziladi», — qo‘shimcha qildi Olimjon Umarov.
Maxsus reportajda ta’kidlanishicha, mamlakatimiz prezidentining Hindistonga davlat tashrifi doirasida AKT sohasida kadrlar tayyorlash va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishda hamkorlik qilish bo‘yicha yangi bitimlar imzolangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter