O‘quv markazining eng yaxshi bitiruvchilari TATUga imtihonsiz qabul qilinadi
6-may kuni Marg‘ilon shahrida navbatdagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi. Tantanali ochilish marosimida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov va Marg‘ilon shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev qatnashdi.
E’tirof etish kerak, AKT vazirligi davlat hokimiyati organlari bilan mustahkam hamkorlikda ishlashni yo‘lga qo‘ymoqda. Avvalroq shunday hamkorlikdagi bir qator o‘quv markazlari ochilgan edi.
Muzammadyusuf Erkinboyev, Marg‘ilon shahridagi 8-maktabning 8-sinf o‘quvchisi:
— Kelajakda jurnalist bo‘lish ishtiyoqidaman. Tushunaman, bu kasbni yuksak darajada egallash, yetuk jurnalist bo‘lish oson emas. Buning uchun hozirdan o‘qib o‘rganish uchun ko‘p vaqt sarflashimga to‘g‘ri kelyapti. Bunda menga kompyuter savodxonligi borasidagi ko‘nikmalarim juda qo‘l kelmoqda. Lekin, tan olishim zarur, bu borada bilimlarimni mustahkamlash uchun hali ko‘p ter to‘kishim kerak. Shuning uchun ham shahrimizda raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochilganidan benihoya quvondim.
Sevara Vohidboyeva, shahardagi 2-tibbiyot kolleji o‘quvchisi:
— Men ikkinchi kollejni tugallayapman. Dadam xastalik oqibatida hayotdan erta ketgan. Shu bois, oliy ma’lumotli shifokor bo‘lib, odamlarga shifo baxsh etish, umrlariga umr qo‘shish orzusi menga tinchlik bermaydi. Oliy darajadagi tibbiyot xodimi bo‘lish uchun ham raqamli texnologiyalarni chuqur bilish talab etiladi. Men esa bu masalada juda oqsayman. Orzu-niyatim shu markazga a’zo bo‘lish, o‘z bilimlarimni boyitib borish, el ardog‘idagi shifokor bo‘lishdir. Biz yoshlarga bilim olishimiz, jamiyatda o‘rin topishimiz, yurt farovonligiga hissa qo‘sha oladigan shaxslar bo‘lib kamolga yetishishimiz uchun yaratilayotgan bu imkoniyat uchun davlatimiz rahbaridan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan cheksiz minnatdormiz va bu ishonchni oqlashga va’da beramiz.
Farhod Mulaydinov, TATU Farg‘ona filiali prorektori:
— Raqamli texnologiyalar o‘quv markazida kompyuter, rabototexnika, kibero‘yinlar tugaraklari ishlaydi. Shuningdek, to‘rt xil o‘quv dasturlarini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan. Bular: kompyuter texnologiyalari, axborot texnologiyalari, grafik tasviriy dizaynerlik, zamonaviy veb-dasturlashdir. Shuni ta’kidlash kerakki, barcha shahar va tumanlarda shunday o‘quv markazlari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. TATU Farg‘ona filiali talabalari bu yerda amaliyot o‘tash, trener-o‘qituvchilar bo‘lib ishlashlari yo‘lga qo‘yiladi. Ha, markaz asosan yoshlar uchundir. Biroq unda yoshidan qat’i nazar barcha istovchilar saboq olishlari mumkin. Loyihalari bo‘la turib, uni amalga oshira olmayotgan yosh tadbirkoru biznesmenlarga ham ko‘mak ko‘rsatiladi. Ular qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, bu kabi markazlarda yaxshi o‘qigan viloyat yoshlarining ikki nafariga TATUga (bir budjet va bir to‘lov-kontrakt asosida) o‘qishga kirish imtiyozi beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter