Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘qituvchilarga sharoit yaratish va maosh to‘lashni ulardan o‘rganishimiz kerak». Yevropaning to‘rt mamlakatida tahsil olgan hamyurtimiz Nursulton Abdurahimov bilan suhbat

«O‘qituvchilarga sharoit yaratish va maosh to‘lashni ulardan o‘rganishimiz kerak». Yevropaning to‘rt mamlakatida tahsil olgan hamyurtimiz Nursulton Abdurahimov bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi suhbatdoshi Yevropa ittifoqining Erazmus dasturi stipendiati, Fransiyada tahsil olayotgan Nursulton Abdurahimov.

Nursulton Abdurahimov Rossiya Federatsiyasining Arxangelsk shahridagi Shimoliy Arktika Federal universiteti bakalavriaturasini nanotexnologiyalar va mikrotizimli texnikalar yo‘nalishida imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Magistraturaning bir semestrini Germaniyada o‘qidi, hozirda Fransiyaning Marsel shahridagi Aix Marseille universitetida fotonika mutaxassisligi bo‘yicha tahsilni davom ettirmoqda.

— Nursulton, nanotexnologiyalar va mikrotizimli texnikalar o‘zi nima? Keling, cuhbatimizni shundan boshlasak?

— Ilmiy til bilan aytganda, men tahsil olgan yo‘nalish fizika, kimyo, biologiya, elektronika va tibbiyot sohalarida erishilgan yutuqlarni o‘rganishga va keng ko‘lamda odamlar hayotiga tatbiq etishga asoslangan. Oddiy ifodalaganda, hozirgi kunda ilm-fan taraqqiyotini belgilab berayotgan muhim yo‘nalishlardan biri. Nanotexnologiyalar va mikrotizimli texnikalar mamlakatimizda nisbatan yangi soha. Biroq so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham unga e’tibor kuchayayotganini ko‘ryapman.

Yo‘nalishim bo‘yicha mutaxassislar ilmiy-tadqiqot institutlarida va tibbiy-texnik, yadroviy fizika, kimyoviy-texnik kabi muhim sohalardagi kompaniyalarda mehnat qilishmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy elektronika tizimlari va texnologiyalarini modellashtirish, ishlab chiqarish va ularni amalda tajribalar orqali sinash hamda olingan natijalarni tahlil qilish bilan ham shug‘ullanishadi.

Ma’lumot o‘rnida aytmoqchiman, mikro – 10-6 va nano – 10-9 raqamlarida ifodaladi.

— Nima uchun magistratura bosqichini aynan fotonika mutaxassisligi bo‘yicha olishga qaror qilgansiz?

— Ochig‘i, fotonikaga qiziqishim bakalavrda o‘qib yurgan kezlarim, 2018-yil sentyabr-dekabr oylarida First + ( Finnish–Russian Student and Teacher Exchange Programme) tashkiloti tomonidan taqdim etilgan imtiyoz asosida Finlyandiyaning Yoensu shahridagi Sharqiy Finlyandiya universitetida fotonika yo‘nalishida tahsil olgan vaqtimda kuchaygan.

Keyinchalik, bakalavrlik diplom ishim («Razrabotka universalnogo eksperimentalnogo stenda dlya opredeleniya spektrofotometricheskix xarakteristik veщyestv») uchun qilgan ilmiy tajribalarim va shu tajribalar asosida chop etilgan maqolalarim ham fotonika bilan bevosita bog‘liq bo‘ldi.

2019-yili Yevropa ittifoqining Erazmus dasturi grantini qo‘lga kiritdim, aynan u fotonika yo‘nalishida Yevropaning bir qator nufuzli universitetlarida sifatli ta’lim olish imkoniyatini berdi.

Fotonika nanotexnologiyalarning optik signallarini yuzaga keltirish, ma’lum bir yo‘nalish orqali tarqalish va yana qayta qayd qilish tizimlarini o‘rganishga asoslangan. Xususan, zamonaviy quyosh batareyalari va hozirgi kunda keng qo‘llanilayotgan lazerlar, davrimizning eng muhim kashfiyotlaridan biri hisoblangan internet va telekommunikatsiya texnologiyalarining asosida aynan fotonika yotadi.

Oxirgi 10 yil davomida ikki marta aynan fotonika sohasida ilmiy izlanishlar olib borgan olimlar fizika bo‘yicha Nobel mukofotining sovrindorlari bo‘lgani ham bejizga emas. Bu fotonikaning naqadar muhim yo‘nalish ekanligini ko‘rsatadi.

Yurtimizda fotonikaning rivojlanishi ko‘plab muammolar yechimini ta’minlashi aniq. Masalan, chekka qishloqlarda, ayniqsa qish davrida kuzatiladigan elektr ta’minoti muammosini qayta tiklanadigan energiya tizimlarini o‘rnatish orqali yechish mumkin.

— Magistraturadagi ilmiy ishingiz qanday muammo yechimiga qaratilgan?

— Hali aniq biror mavzuni tanlaganim yo‘q. Ammo, dissertatsiyamni lazer texnologiyalari bilan bog‘liq mavzuda qilishni rejalashtiryapman.

— Sizningcha, ta’lim sohasida Rossiya va Yevropa mamlakatlaridan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

— O‘ylashimcha, Yevropa mamlakatlaridan o‘rganadigan eng muhim jihat bu avvalo o‘qituvchilarga to‘lanadigan maosh va albatta ularga yaratilgan sharoit. Bizda hanuz o‘qituvchilar turli qog‘ozbozlik va byurokratik vazifalarni bajarishga majbur. O‘qituvchining vazifasi avvalo dars o‘tish va ilmiy tadqiqot bo‘lishi kerak. Shundagina ta’lim tizimimiz rivojlanadi.

— Mamlakatimizda sohangizning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillarni nimalarda ko‘rasiz?

 — To‘g‘risini aytsam, O‘zbekistonda fotonika yo‘nalishi bo‘yicha birorta institut yoki ilmiy laboratoriyalar borligini eshitmaganman. Shu nuqtai nazardan institut ham, ilmiy laboratoriyalar ham tashkil qilinishini xohlardim.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

— Birincha navbatda magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlashni niyat qilganman. Keyin PhD bosqichini Shveysariyada davom ettirish ham rejamda bor.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring