Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olis Qizilqum cho‘lining yuz ming aholisi o‘z telestudiyasidan ayrildi

Olis Qizilqum cho‘lining yuz ming aholisi o‘z telestudiyasidan ayrildi

Foto: «VK.com»

Ommaviy axborot vositalari — jamiyatning ko‘zgusi. Istaymizmi-yo‘qmi, insoniyatga o‘z ta’sir kuchini o‘tkazadigan eng samarali vosita ham shu. Bugungi axborot asrida OAVning o‘rniniku tasavvur qilavering...

Asosiy gapga o‘tsak. Uchquduq aholisining aytishiga qaraganda, yo‘l olisligi sabab ko‘pam bu tumanga jurnalistlar (ayniqsa telejurnalistlar) tashrif buyuravermaydi. Shunga qaramay, kichkina shaharchaning «NAVOIY KON METALLURGIYA KOMBINATI» DK Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli «Orion» telestudiyasi binoyidek ishlab turgandi (O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 2010-yil 29-aprelda berilgan №0710-sonli guvohnomaga ega).

1994-yil aprel oyida o‘z ish faoliyatini boshlagan telestudiya hozirgi vaqtga qadar NKMK ShKB jamoasi faoliyati qatori o‘ttiz ikki ming aholiga ega Uchquduq tumanidagi ijtimoiy hayotni ham keng yoritib borardi. Uchquduqdan 3 nafar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining yetishib chiqishi, yana minglab qizlar ularga o‘xshashni orzu qilib intilayotgani zamirida OAVning kuchi  yotadi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Chunki ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal-da.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-iyuldagi «Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra 2018-yilning 15-iyunidan Navoiy viloyatida analog formatdagi teledasturlar efiri to‘liq to‘xtatildi. Bolalarning kichkina yutug‘ini keng ommaga ko‘rsatib, tengdoshlarini ham ruhlantirayotgan, ertangi kunga o‘z ko‘rsatuvlari bilan ishonch uyg‘otayotgan Uchquduqning «ORION» telestudiyasi ham yopildi. Bu muammo nafaqat Uchquduqda, balki  Zarafshon shahrida ham mavjud: 24 yildan buyon ishlab turgan «Zarafshon» telestudiyasi faoliyatiga ham nuqta qo‘yildi. Yana bir telestudiya «Zafarobod» (Zafarobod shaharchasi) telestudiyasi boshiga ham shu qismat tushdi. Bu telestudiyalar istiqlolning ilk yillarida, hech bir qiyinchilikka qaramay ochilgandi (o‘shanda ham iqtisod emas, ma’naviyat birinchi o‘ringa qo‘yilgan edi!).

Bugun hamma narsa pulga borib taqalmoqda. Balki bugungi kunda NKMK uchun 1 milliard so‘m (telestudiyalarga efirga uzatish texnikasi uchun) juda katta mablag‘ hisoblanar. Ammo Zafarobod, Zarafshon, Uchquduq sharoitida oilasi bilan shu yerlarga kelib mehnat qilayotgan, shu korxonaning istiqboli uchun ishlayotgan mehnatkashlar uchun summalar katta ko‘rinsa? Prezidentimiz millatning ma’naviyatini ko‘tarish qanday kuyib-pishayotganiga butun dunyo guvoh. Ayniqsa, OAVga alohida e’tibor qaratilmoqda.

NKMK ishchi-xizmatchilari uchun hech qanday sharoit yaratib bermayapti, deb o‘ylamang. Zarafshonda shu yili qariyb 1 millard so‘m evaziga yoshlar rolikda uchadigan maydoncha, favvoralar xiyoboni ochildi. Uchquduqda 2019-yilning 21-martida topshirilishi mo‘ljallangan loyiha qiymati 13 millard so‘m evaziga ko‘l majmuasi qurilishi boshlandi. Umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadi. Bu majmuada katamaran va qayiqlarda uchish, suv yuzasida sayr qilish,   aholi dam olishi uchun istirohat bog‘i, musiqali favvora, ovqatlanish shoxobchalari, voleybol o‘yingohi, tennis maydonchasi va cho‘milish sohili (plyaj) barpo etiladi.

Qaniydi shuncha sarf-xarajatlar qatori Uchquduq, Zarafshonga yangilik bo‘lib kirgan telestudiyalarga ham mablag‘ ajratilsa. Ishdan kelsangu o‘z telestudiyangdan o‘z shahringda ro‘y berayotgan yangiliklarni ko‘rib faxrlansang, ma’naviy ozuqa olsang...

Zero, boy berilgan ma’naviy bo‘shliq o‘rnini millionlar evaziga to‘ldirish amrimahol... 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring