Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimjon Umarov: «Yoshlarni intellektual kasblarga yo‘naltirish lozim, aks holda...»

Olimjon Umarov: «Yoshlarni intellektual kasblarga yo‘naltirish lozim, aks holda...»

Olimjon Umarov.

Foto: «Xalq so‘zi»

«Raqamli iqtisodiyot, bu — alohida faoliyat turi emas. Bu, aslida, ishbilarmonlik, sanoat ob’yektlari, xizmatlar deganidir. «Raqamli» atamasi mazkur sohalarning barchasi axborot texnologiyalaridan faol foydalanishni anglatadi», — deydi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov «Xalq so‘zi» muxbiri bilan suhbatda.

Suhbat Prezidentning 2018-yil 19-fevraldagi «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni dolzarbligi, AKT sohasida kuzatilayotgan yangiliklar haqida kechgan. Mazkur suhbatni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

— Farmonga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot bo‘yicha yangi boshqarmaga asos solindi. Bu mamlakatimizda tadbirkorlik va umuman, iqtisodiyotni rivojlantirishda qanday rol o‘ynaydi?

— Agar oddiy iqtisodiyotda moddiy buyumlar asosiy resurs hisoblansa, raqamli iqtisodiyotda bu qayta ishlanadigan hamda uzatiladigan axborot, ma’lumotlar bo‘ladi. Ularning tahlilidan so‘ng to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha yechim ishlab chiqiladi.

Darvoqe, «raqamli iqtisodiyot» atamasi milliy qonunchiligimizda ilk bor qo‘llanilmoqda. Biroq dunyo tendensiyasi shuni ko‘rsatayaptiki, barcha rivojlangan davlatlar uni shakllantirishga allaqachon kirishgan. O‘zbekiston ham mazkur jarayondan chetda qolmasligi kerak. Zero, biz globallashuv, dunyo hamjamiyati bilan integratsiyaga kirishish haqida gapirarkanmiz, bu borada o‘zgargan (transformatsiya qilingan, yangilangan) iqtisodiyot ravnaqi muhim sanaladi.

Yaratilgan maxsus boshqarma iqtisodiyotning real sektori korxonalariga avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish bilan shug‘ullanadi. Bu yirik sanoat ob’yektlari ish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishda o‘sish, faoliyat shaffofligini ta’minlash, mahsulot tannarxini kamaytirish imkonini beradi.

Agar global nuqtai nazardan qaralsa, bugun bashariyat jahon iqtisodiyoti tarmoqlari, insonlar hayoti, turmush asoslari o‘zgarishi bilan bog‘liq qiziq davrni boshdan kechirmoqda. Bu barcha texnologiya, kompyuterlar internet orqali bir-biri bilan bog‘lanib borayotgani ila izohlanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda qariyb besh milliard qurilma butunjahon «o‘rgimchak to‘ri»ga ulangan. Yaqin besh yil ichida ularning soni yigirma milliardga yetishi kutilayotir.

Ayni paytda sun’iy aql va kognitiv intellektual tizimlar jadal taraqqiy topayapti. Buning natijasida yaqin kelajakda ayrim kasblar o‘z dolzarbligini yo‘qotadi hamda vaqti kelib, yo‘q bo‘lib ham ketadi. Misol uchun, «IoT» avtomatlashtirilgan tizimi allaqachon sinovdan o‘tkazilayapti. Pirovardida robotlar avtomobil haydovchilari, uchuvchilar va hatto, huquqshunoslarning ham o‘rnini egallashi mumkin.

— Ishlab chiqarishning avtomatlashtirilishi mamlakatda ishsizlikning ko‘payishini anglatmaydimi?

— Kelgusida mexanik hamda jismoniy mehnat o‘rnini robototexnika egallashi kun sayin oydinlashib borayapti. Shuning uchun strategiya ishlab chiqish, raqamli ko‘nikmalarni ommaviy shakllantirishni ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri sanaladi. Yoshlar yangi kasblar, turli texnologiyalardan foydalanish, kompyuterlar, internet, katta miqdordagi raqamli ma’lumotlarga ishlov berishga tayyor turishi kerak. Ya’ni qandaydir jarayonlar avtomatlashtirilar ekan, odamlarni boshqa, yanada dolzarb intellektual kasblarga yo‘naltirish lozim. Agar bu ish qilinmasa, «raqamli uzilish» deya nomlanuvchi holat yuzaga keladi va u AKTning jadal rivojlanishi bilan o‘tkirlashib boraveradi.

Qisqacha aytganda, bugun raqamli iqtisodiyotning ikkita vazifasi bor: amaldagi jarayonni izchil avtomatlashtirib borish hamda odamlarni o‘z faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga tayyorlash.

— Barcha sohani avtomatlashtirish haqida gap ketar ekan, axborot xavfsizligi masalasini nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Shunday ekan, milliy elektron tizim xurujlardan qay darajada himoyalangan?

— Qachonki ko‘plab ma’lumotlar raqamli formatga o‘tkazilsa, elektron ko‘rinishda saqlansa, o‘shanda axborot va kiberxavfsizlik masalasi dolzarblik kasb etadi. Davlatimiz rahbari tomonidan axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shunday talab qo‘yilganki, soha mutaxassislari bu borada ro‘y bergan qandaydir noxush hodisa bo‘yicha muammoni o‘rganishi emas, balki bunday holatni oldindan ko‘ra bilishi, ya’ni oldinga o‘tib ishlashi zarur. Binobarin, bugun Axborot va jamoat xavfsizligi markazi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, vazirlik tarkibida yangi axborot xavfsizligi boshqarmasi tuzilayapti.

Statistikaga ko‘ra, axborot makonidagi buzilishlar ko‘pincha inson omili bilan bog‘liq bo‘ladi. Kimdir kalit so‘z (parol yoki maxfiy so‘z)ni sodda tuzadi, kimdir uni kompyuterida saqlaydi yoki eng yomoni — ochish kodi yozilgan stikerni monitoriga yopishtirib qo‘yadi. Shundan kelib chiqib, davlatning hamma mansabdorlarini axborot xavfsizligi bo‘yicha ommaviy o‘qitish uchun kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Ularning har biri konfidensial, maxfiy, shaxsiy ma’lumotlar mavjud bo‘lgan xizmat ma’lumotlari bilan ishlayotganini anglab yetishi lozim. Qandaydir ma’lumotlar bilan ishlashda mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishi, ularni himoya qila bilishi muhim.

Barcha davlat organi na tashqi olamdan kira oladigan hamda na tashqi olamga chiqa oladigan va alohida himoyalangan tarmoq orqali idoralararo axborot hamkorligini yuritadi. Bu ma’lumotlarni xavfsiz uzatishni ta’minlab beruvchi shifrlashning maxsus vositasi bilan muhofaza etilgan aloqaning ichki kanali hisoblanadi.

Kezi kelganda yana bir bor qayd etish joizki, hozirgi paytda yangi texnologiyalar iqtisodiyotning barcha jabhasiga tatbiq qilinayotir. Shu bois nafaqat mansabdor shaxs, balki ma’lumotlar bilan ishlash jarayoniga u yoki bu darajada bog‘langan har bir kishi foydalanilayotgan qurilmani har qanday xurujdan himoyalash usullarini bilishi shart. Misol uchun, kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi xodimlar abonentlar haqidagi ma’lumotlar — ularning manzili, telefon raqamlari hamda boshqalar saqlanadigan maxsus billing tizimini qo‘llaydi. Shuning uchun ularni axborot xavfsizligi vositalari bo‘yicha o‘qitish muhim. Binobarin, texnologik jihatdan hamma narsani himoya qilish mumkin, lekin axborot xavfsizligini ta’minlash me’yorlari va qoidalarini bilmagan odamga har qanday himoya, antivirus tizimi ham yordam bera olmaydi.

— Davlat organlari hamda boshqa budjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish hamda rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarini mukofotlash masalasi Farmondagi yangiliklardan biri bo‘ldi. Mazkur jarayon qanday amalga oshiriladi?

— Qo‘llab-quvvatlashning birinchi mexanizmi — zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish hamda rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Misol uchun, poliklinikada AKTni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis bor, deylik. Odatda, ular texnik xodim sanaladi va oylik maoshi ham katta emas. Shu sababdan ushbu lavozimda hech kim uzoq qolmaydi. Endilikda budjet tashkilotlari ularga maoshi bo‘yicha ustama berish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Buning uchun rahbar yillik xarajatlar smetasini shakllantirishda AKT mutaxassislarini mukofotlash unga zarur ekanligini ko‘rsatishi lozim. Masalan, oyiga ikki million so‘m deb. Ustamalar budjet hisobidan qoplanadi.

Ikkinchi mexanizm vazirlik huzuridagi AKT departamentlari rahbarlarini har yil yakunlari bo‘yicha bir martalik mukofotlashdir.

Bunda eng ko‘p mukofot miqdori eng kam oylik ish haqining yuz barobarini, ya’ni bugungi kunda qariyb 17,5 million so‘mni tashkil etadi. Ayni paytda mazkur mukofotni berish tartibi belgilab qo‘yiladigan nizom ishlab chiqilayapti. Asosiy e’tibor munosiblarni aniqlashda shaffoflik, demokratik prinsiplarga rioya etilishi hamda xolislikni ta’minlashga qaratilmoqda.

Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillaridan tashqari «Mirzo Ulugbek Innovation Center» mutaxassislari, taniqli IT-kompaniyalar xodimlarini jalb qilgan holda, hakamlar hay’atini shakllantirish rejalashtirilayotir. Yaratilgan maxsus veb-resurs har bir departament faoliyatini, bajarilgan ishlar natijalarini o‘zida ifodalaydi.

Yana bir muhim jihat — aholi onlayn ovoz beradi. Ya’ni davlat saytlari faoliyati, ular tomonidan joriy etilayotgan xizmatlar dolzarbligini iste’molchilarning o‘zlari baholaydi. Tanlov yakunida AKTni joriy qilish bo‘yicha eng yaxshi vazirliklar reytingi tuziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring