Olimjon Umarov: «Tashqi internetga ulanish qobiliyati yana 10 barobarga oshiriladi»
«O‘zA»ning «Bir savolga bir javob» loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov «2019-yilda O‘zbekistonda internet tezligini oshirish bilan bog‘liq qanday chora-tadbirlar ko‘riladi?» degan savolga javob qaytardi:
– BMTning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi maxsus vakolatli organi hisoblangan Xalqaro elektroaloqa ittifoqiga (XEI) bugungi kunda 193 davlat hamda 700 dan ortiq kompaniya a’zo hisoblanadi. O‘z navbatida, XEI BMT qoshidagi AKT sohasidagi statistik ma’lumotlarning rasmiy manbasi hamdir. XEI har yili statistik ma’lumotlarga tayangan holda AKT rivojlanish indeksi reytingini e’lon qilib boradi. XEIning 2017-yildagi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 176 ta davlat orasida 95-o‘rinni egallagan va 2016-yildagi o‘z natijasini 8 pog‘onaga yaxshilagan hamda AKT sohasi eng jadal rivojlanayotgan davlat sifatida maxsus mukofot bilan taqdirlangan.
Shu bilan bir qatorda, oldimizda turgan bir qancha masalalar mavjud. Jumladan, 2016-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda 100 kishiga to‘g‘ri keladigan simli keng polosali tarmoq foydalanuvchilari soni 9,1 tani tashkil etsa, bu ko‘rsatkich MDH bo‘yicha o‘rtacha 15,8 tani, dunyo bo‘yicha 12,4 tani tashkil etgan. Har bir internet foydalanuvchisiga to‘g‘ri keladigan ulanish tezligi 5,7 kbit/sekund bo‘lsa, MDH bo‘yicha o‘rtacha 59 kbit/sekund, dunyo bo‘yicha esa o‘rtacha 74,5 kbit/sekundni tashkil etgan.
O‘tgan ikki yil ichida «Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi doirasida Xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) kompleksi modernizatsiya qilindi va mazkur kompleksning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 10 barobarga oshirilib, 80 Gbit/cyekunddan 1 200 Gbit/cyekundga yetkazildi. Jami 4 500 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari va 6 000 dan ziyod mobil aloqa baza stansiyalari qurildi, simlik keng polosali tarmoq sig‘imi 283 000 portga kengaytirildi, operator va provayderlar uchun tashqi internet narxi 91 AQSh dollaridan 10 AQSh dollarigacha pasaytirildi.
Mazkur tadbirlar nafaqat telekommunikatsiya infratuzilmasi kengayishi, xizmatlar sifati yaxshilanishi, balki O‘zbekistonning reyting ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga ham xizmat qiladi. XEIning navbatdagi hisoboti 2019-yilda e’lon qilinadi.
Vazirlik tomonidan telekommunikatsiya xizmatlari tezligi va sifatini oshirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan 2019-2023-yillarga mo‘ljallangan Milliy dastur loyihasi ishlab chiqilgan va hozirgi kunda kelishish jarayonida.
Dasturga asosan:
- 120 000 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurilishi;
- 6 000 dan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari qurilishi;
- keng polosali tarmoq sig‘imi 1,5 million portga kengaytirilishi;
- ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari sig‘imi kengaytirilishi va yangilarining qurilishi;
- tashqi internetga ulanish qobiliyatini qo‘shimcha 10 barobar oshirish;
- simsiz ma’lumot uzatish – Wi-Fi tarmoqlarini keng joriy qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter