«Odnoklassniki» UzCard kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi
«Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i o‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyat taqdim etdi: endi ijtimoiy tarmoqdagi profilingizdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri UzCard plastik kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin.
Xizmatning asosiy afzalliklari – pul mablag‘larini qo‘shimcha yoki umuman boshqa ilovalardan foydalanmagan holda o‘tkazish, bozordagi eng kam komissiya haqi va pul operatsiyasi uchun bank tomonidan yechib olinadigan mablag‘larning bir qismining qaytarilib berilishi.
Ma’lum qilinishicha, yangi mahalliy to‘lov xizmati yordamida o‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqni tark etmasdan turib, mamlakat ichida pul mablag‘larini qulay va tezkor ravishda jo‘natishlari mumkin.
Yangi xizmat tufayli OKning O‘zbekistondagi ikki milliondan ortiq faol foydalanuvchilari (oylik auditoriya, 2018) o‘z yaqinlariga pul o‘tkazish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar. Pul o‘tkazish xizmati viloyatidan qat’i nazar va ijtimoiy tarmoqning taqdim etilgan barcha versiyalarida (mobil, desktop, Android va iOS uchun ilovalar) mavjuddir. Xizmatda pul o‘tkazmalari tarixini ko‘zdan kechirish imkoniyati mavjud bo‘lib, kartalar raqamlarini saqlab qo‘yish (har safar yangidan kiritmaslik uchun) hamda bajarilayotgan operatsiyalarning holati to‘g‘risida ma’lumotlar olish mumkin.
Boshqa pul o‘tkazmalari xizmatlari oldidagi yana bir afzalligi — bu o‘xshash xizmatlar orasida eng kam komissiya haqi – 0,5 foizdan 1 foizgacha (bank-emitentga bog‘liq). Bundan tashqari OK foydalanuvchilari bank tomonidan pul o‘tkazmasi uchun olingan haqlarning bir qismini qaytarib olish imkoniyatiga egadirlar. Masalan, 1 foizlik komissiya haqi uchun keshbek 0,1 foizni tashkil etib, bonus uning «Keshbek-karta»siga o‘tkaziladi. Yig‘ilgan pul mablag‘lari 5000 so‘mdan oshgan vaqtda foydalanuvchi yig‘ilgan pullarni «Keshbek-karta»sidan o‘tkazishi mumkin.
Qanday qilib OK profilingiz orqali pul mablag‘larni kartadan kartaga o‘tkazishingiz mumkin?
UzCard kartalari o‘rtasida pul o‘tkazish uchun To‘lovlar va obunalar bo‘limiga kirish lozim bo‘ladi, UzCard Pul o‘tkazmalari xizmatiga o‘tib quyidagilarni kiritish zarur:
- O‘z kartangiz rekvizitlari — kartaning old tomonidagi 16 raqamli karta raqami, amal qilish muddati (oy va yil);
- Oluvchining karta raqami;
- Pul o‘tkazmasi summasi.
O‘tkazma amalga oshirilganidan so‘ng jo‘natuvchi OKdagi shaxsiy xabar orqali operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tganligi to‘g‘risida bildirishnoma oladi. Agar pul o‘tkazmasini oluvchi shaxs o‘z bank kartasini ijtimoiy tarmoqdagi profiliga oldindan bog‘lagan bo‘lsa, unda tizim uning akkauntini avtomatik ravishda tanib oladi va unga ham kartaga pul mablag‘larining tushganligi haqida bildirishnoma yuboradi.
OK platformasida UzCard kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari — O‘zbekistondagi «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘idagi to‘lov xizmatlarining rivojlanishiga qo‘yilgan ilk qadam, deb baholanmoqda.
Kelgusida OK tomonidan yana bir necha xizmatlarning ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, bular o‘z navbatida o‘zbekistonliklarga qulay va tezkor holda pul mablag‘larini o‘tkazish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini tug‘diradi, deyiladi kompaniya xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter