Nurafshon va Toshkentda zamonaviy ofislar ochildi (foto, video)
Bugun, 6-avgust kuni Nurafshon shahri va poytaxtda UZTELECOM savdo va xizmat ko‘rsatish ofislarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va «O‘zbektelekom» AK tomonidan davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga ajoyib tuhfa bo‘ldi.
Ochilish marosimi dastlab Toshkent viloyatining markazi – Nurafshon shahrida o‘tkazildi. Shu yerda biroz moziyga chekinsak. Hozir qad rostlagan yetti qavatli bino o‘rnida avval bahor va kuzda hovlisida suv ko‘llaydigan ko‘rimsizgina pochta bog‘lamasi bo‘lgan, pastqam bino va inshootlardan iborat, xalq tili bilan aytganda «Aloqa uyi» faoliyat ko‘rsatar edi.
Davlatimiz rahbarining Toshkent viloyati markazini To‘ytepa, hozirgi Nurafshon shahriga ko‘chirish to‘g‘risidagi topshirig‘idan keyin bu yer ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanib ketdi. AKT vazirligi rahbariyati ham yuqorida tarifini keltirganimiz aloqa binolari o‘rnida hamma talablarga javob beradigan, sohaning barcha korxona va tashkilotlari joylashadigan zamonaviy Aloqa uyini bunyod etish ishlarini jadallashtirib yubordi. Loyiha ishlab chiqildi, bir necha marta mutaxassislaru rahbarlar ushbu qurilish maydoniga kelib, binoning ko‘rkam, eng muhimi, aholi talab va istaklariga javob beradigan darajada bo‘lishi uchun maslahatlashib, ishlarning borishni doimiy nazoratini olib borishdi. Natija esa kutilgandek bo‘ldi va mana bugun eng zamonaviy bino foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimiga soha korxona rahbarlari, mehnat faxriylari taklif qilindi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Shuhrat Hakimovlar so‘zga chiqishib, aloqachilarni ushbu kun bilan tabriklashdi.
– Bugun judayam quvonchli kun, – dedi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov. – Viloyat soha korxonalari tashkilotlari bir joyda jam bo‘lib ishlaydigan muhtasham binoni foydalanishga topshiryapmiz. Albatta, viloyat aholisiga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish asosiy maqsad. Prezidentimiz tashabbusi bilan «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi qabul qilinib, uning ijrosi yo‘lida sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Nurafshon shahri kun sayin obod bo‘lyapti. Mana shu ishlarda soha vakillari o‘z hissalarni qo‘shayotganlari bizni xursand qiladi. Bu Davlatimiz mustaqilligining 30 yillik to‘yiga munosib sovg‘a bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bunyodkorlik ishlari shu bilan to‘xtab qolmaydi. Yaxshi bilasizlar, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyatida filiali ochilgan. Filial uchun binolar, 18 qavatli talabalar turarjoyi, aloqa texnikumi, Prezident maktabi kabi qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Viloyat aloqachilarini ushbu zamonaviy bino bilan tabriklaymiz va omad tilaymiz.
Shundan so‘ng mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Yangilangan savdo va xizmat ko‘rsatish ofisida viloyat aholisi barcha aloqa xizmatlaridan, jumladan, mobil aloqadan tortib uy internetigacha xizmatlar ko‘rsatuvchi UZTELECOM milliy operatorining xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, ushbu binoda AKT vazirligining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi, «O‘zbekiston pochtasi» AJ, AT «Aloqabank» va Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining Toshkent viloyati filiallari hamda tarkibiy bo‘linmalari joylashgan. Tabiiyki, aholi ushbu aloqa korxonalari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Aloqachilar, ayniqsa, soha faxriylari yaratilgan qulayliklardan shodliklarini yashirshib o‘tirishmadi.
– Bu yerda aholi uchun juda yaxshi imkoniyat yaratilibdi, – dedi mehnat faxriysi Jumaboy Bo‘tayev. – Ofisda bir vaqtning o‘zida ham aloqa, ham bank, pochta xizmatlaridan foydalanish mumkin. Avvallari bu yerda pochta binosi joylashgan edi, endi esa shahar ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib turuvchi zamonaviy inshoot foydalanishga topshirildi. Buning uchun biz bu loyihani amalga oshirgan barcha mas’ullarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
Nurafshondagi ochilish tadbirdan so‘ng tadbir ishtirokchilari poytaxt tomon yo‘l olishdi. Ularni Toshkent markazida yana bitta savdo va xizmat ko‘rsatish ofis kutib turgandi.
«O‘zbektelekom» AK mutasaddilarining aytishlaricha, 2020 yil oxirida Andijon shahrida boshlangan, respublika bo‘ylab savdo va xizmat ko‘rsatish ofislarini modernizatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyiha kengayib bormoqda.
Loyihaning asosiy tamoyiliga ko‘ra, bu ofislarni ochishdan maqsad telekommunikatsiya texnologiyalari bozorida xizmat ko‘rsatish sohasini yangi bosqichga ko‘tarish va mobil aloqadan tortib mobil va uy internetigacha UZTELECOM milliy operatorining barcha xizmatlarini bitta xizmat ko‘rsatish ofisida birlashtirishdir.
Yagona falsafaga amal qilgan holda, Toshkentdagi savdo va xizmat ko‘rsatish ofisi Eco Hi-tech uslubida yaratilgan va milliy operator abonentlariga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.
Toshkentdagi ofis ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov hamda Bosh vazir maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarovlar ishtirok etishib, quvonchli kun bilan telekomchilarni tabriklashdi. So‘ngra tadbirga kelgan mehmonlar uchun ofis bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi va kompaniya xodimlari bu yerdagi yangiliklar haqida so‘zlab berishdi.
– UZTELECOM butun mamlakat bo‘ylab savdo va xizmat ko‘rsatish ofislarini modernizatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani davom ettirmoqda, – dedi «O‘zbektelekom» AK bosh direktori Nazirjon Hasanov. – Yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ofislarimizni rekonstruksiya qilish loyihasining asosiy tamoyili abonentlarni eng ergonomik va qulay ofislar bilan ta’minlashdir. Endilikda ular UZTELECOM milliy operatorining barcha xizmatlaridan bir joyda, bir vaqtning o‘zida foydalanishlari mumkin.
Ta’kidlash joiz, ushbu loyiha kompaniya tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda va kelajakda milliy operator abonentlarini bir qator yangiliklar kutmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter