Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega Oqqo‘rg‘onda aloqa uzildi?

Nega Oqqo‘rg‘onda aloqa uzildi?

Baza stansiyasi

Foto: «112.ua»

2018-yilning yanvar oyida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hududida «UNITEL» MChJ aloqa xizmatida muammolar kuzatildi. Bu haqda  «Xabar.uz» Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasidagi manbasi xabar berdi.

Holat yuzasidan hududda yashovchi aholi tomonidan 9-yanvarda davlat inspeksiyasining 1144 raqamli ishonch telefoniga hamda  11-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaatlar yo‘llangan.

16-yanvar kuni murojaatdagi masalalar Inspeksiyaning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi va «UNITEL» MChJ xodimlari hamkorligida o‘rganib chiqildi.

Natijada, jamiyatning  hududga yaqin joylashgan tegishli 1131-baza stansiyasi qattiq shamol tufayli qulab tushganligi hamda o‘lchov ishlari o‘tkazilganda aloqa sifati me’yordan pastligi va 3G tarmog‘i mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur baza stansiyalar ishdan to‘xtashi sababli yuqorida keltirilgan hududda yashovchi istemolchilar aloqasiz qolgani aniqlandi. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining bir qancha qonun talablari buzilgan.

Yuqorida keltirilgan holatlarni kelgusida yuzaga kelishi va takroriy murojaatlarni oldini olish maqsadida inspeksiyaning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan «UNITEL» MChJga yuqorida keltirilgan hududlarda ko‘rsatilayotgan mobil aloqa va internet xizmati sifatini yaxshilash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuzasidan ko‘rsatma taqdim etildi. Mazkur ko‘rsatmaning bajarilishi nazoratga olingan.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali iste’molchilar e’tiboriga shuni ma’lum qiladiki, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi telekommunikatsiyalar, teleradioeshittirish, davriy matbuotni tarqatish, pochta va mobil aloqa sohasida xo‘jalik yurituvchi subektlar tomonidan ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatlari sifati hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat nazorat organi hisoblanadi. Inspeksiyaning 1144 raqamli ishonch telefoni tunu-kun xizmat ko‘rsatadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring