Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiy viloyati hokimi innovatsion g‘oyalar uchun 65 million so‘m ajratdi

Navoiy viloyati hokimi innovatsion g‘oyalar uchun 65 million so‘m ajratdi

10-sinf o‘quvchisi Bekzod Odilov barqaror muqobil energiya olish manbai loyihasini yaratdi.

Foto: «Savills»

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida «Yoshlar kelajak bunyodkori» shiori ostida yosh tadbirkorlar, hunarmand va fermerlar hamda yoshlar tomonidan yaratilgan innovatsion loyihalar va mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Bu haqida «O‘zA» xabar berdi.

Navbahor, Karmana tumanlari va Navoiy shahridan ishtirok etgan yoshlarning yangi ishlanmalari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Navbahor tumanidagi 2-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Bekzod Odilov barqaror muqobil energiya olish manbai loyihasini yaratdi. Ikkita quvvat batareyalari yordamida o‘zgarmas elektr energiyasini o‘zgaruvchan energiyaga aylantirish va bu jarayonda batareyalarni ham quvvatlash ishkonini beruvchi «tuganmas»energiya manbaini ishlab chiqdi. Bir oila ehtiyojiga yetadigan bunday qurilmani yaratish uchun 5 million so‘m sarflansada, u xonadonni uzluksiz 4 yil davomida charog‘on qilib turadi. Bu innovatson g‘oya istiqboli uchun viloyat hokimi 10 million so‘m moliyaviy ko‘mak beradigan bo‘ldi.

Karmana tumanidagi 21-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Humoyun Haydarovning ixtirosi bundan-da g‘aroyib.

– «Smart Fun System», ya’ni aqlli ventilyator loyihasi har bir xonadon uchun juda asqotadi, – deydi Humoyun. – Xususan, qurilma xona haroratini mo‘’tadil saqlab, issiqlik harorati 33 darajadan oshsa ventilyator ishga tushib, xonani sovita boshlaydi. Agarda uyda is gazi to‘plansa, «ehtiyot bo‘ling xonada gaz» yozuvi paydo bo‘lib, o‘zidan ogohlantirish signali tarqatadi.

Uning mazkur loyihasi taqdimoti muvaffaqiyatli o‘tib, izlanishlarini rag‘batlantirish uchun viloyat hokimi 5 million so‘m ajratdi.

Humoyun joriy yil Toshkent politexnika muzeyida o‘tkazilgan «Yosh ixtirochi – 2018» tanlovining mamlakat bosqichida qatnashib, «Eng yaxshi muhandislik ishi» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Unga yana bir imtiyoz berildi: Asaka shahridagi avtomobil zavodiga bir kunlik maqsadli sayohat qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Yosh ixtirochining birinchi ishi masofadan turib boshqariladigan relsli minora krani loyihasi mutaxassislar e’tiboriga tushgan. U izlanishda davom etmoqda. Navbatdagi ixtiro kichik hajmdagi avtomobillar uchun mo‘ljallangan hamda ko‘chma muzlatkich tez orada omma e’tiboriga havola etiladi.

Tadbir davomida mamlakatimizdagi mashhur brendlar asoschilari, muvaffaqiyatga erishgan va tajribali tadbirkorlar ishtirokida yoshlar uchun «Muvaffaqiyatga erishish sirlari» mavzusida mahorat darslari tashkil etildi. «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasidagi «Green line profil»qo‘shma korxonasi hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Navoiy mashinasozlik zavodiga sayohat uyushtirildi. Ko‘rgazmada namoyish etilgan innovatsion loyihalar uchun viloyat hokimi 65 million so‘m mablag‘ ajratdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring