Moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Bugun, 26-avgust kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisi doirasida ko‘rib chiqiladigan qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 64¹-modda bilan to‘ldirilib, moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish, ya’ni moddiy madaniy meros obyektlariga yozuvlar yozish, rasmlar chizish yo‘li bilan ularni tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish, moddiy madaniy meros obyektlarini, shu jumladan ularning tarixiy, ilmiy, badiiy yoxud o‘zgacha madaniy qimmatiga dog‘ tushiruvchi yoki ularni masxara qiluvchi harakatlarni sodir etish, xuddi shuningdek moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan jamoat tartibini buzuvchi harakatlarni sodir etganlik ma’muriy huquqbuzarlik sifatida qayd etilib, javobgarlik belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 168-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, axborot tizimidan, shu jumladan, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Majlisda «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonun ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, mazkur qonun bilan yuridik shaxslarga elektron raqamli imzodan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda, shu bilan birga, davlat xizmatlari ko‘rsatilishida xalqaro elektron raqamli imzodan hamda O‘zbekiston Respublikasi norezidentlariga elektron raqamli imzodan foydalanishga ruxsat etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter