Mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirishda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va operatorlar uchun qulayliklar yaratishning yangi bosqichi
Respublikada ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar ruxsat berish tizimini liberallashtirishning yangi bosqichini boshlash uchun mustahkam asos yaratdi.
Hozirda raqamli radiotexnologiyalar, jumladan, to‘rtinchi va beshinchi avlod texnologiyalarining shiddat bilan joriy etilishi va rivojlanishi kuzatilmoqda hamda ularning katta hajmdagi ma’lumotlari almashinuvini ta’minlovchi, transport kanallari vositasi bo‘lmish — turg‘un xizmatining radiorele tizimlari radioelektron vositalaridan keng foydalanishga talab ortib bormoqda.
Radiorele tizimlaridan foydalanish masalalari «O‘zbekiston Respublikasining Radiochastota spektri to‘g‘risida»gi qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi, jumladan, radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruv organi — Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashi (Kengash)ga kelib tushgan foydalanuvchilarning talabnomalari asosida respublika hududida radioelektron vositalarning ma’lum radiochastota polosalaridan foydalanish masalasi radiochastota organlari bilan kelishishi va tegishli qaror qabul qilinishi o‘rtacha 30 ish kunini talab etadi.
Ma’lumot o‘rnida, 2018-yil boshidan 2020-yil 30-sentyabrgacha bo‘lgan davrga qadar 6 000 dan ziyod radiorele tizimlari radioelektron vositalari O‘zbekiston Respublikasi hududida ma’lum radiochastota polosalaridan foydalanishda Kengashning bir qator qarorlari qabul qilingan.
Ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati uchun yanada keng shart-sharoitlarni yaratish, respublikada istiqbolli radioaloqa texnologiyalarini joriy qilishni jadallashtirish hamda radiorele tizimlari radioelektron vositalardan foydalanish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish maqsadida Kengash va radiochastota organlari bilan birgalikda muayyan ishlar olib borildi.
Radiorele stansiyalari va ularning radio modullari hamda respublikadagi elektromagnit muhit yillar kesimida to‘liq tahlil qilinib, Yevropa tajribasi o‘rganilgan holda ularning moslashuvchanligi bo‘yicha texnik parametrlar shakllantirildi. Ushbu texnik parametrlar shakllantirish hisobiga har bir turdagi radiorele tizimlari radioelektron vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda rasmiylashtiriladigan Kengashining alohida qarorlari o‘rniga umumiy turdagi yaxlit kompleksli yagona qaror qabul qilish imkonini yaratdi.
Olib borilgan ishlar natijasida «O‘zbekiston Respublikasi Radiochastotalarni taqsimlash jadvali»ga muvofiq qator radiochastota diapazonlari turg‘un xizmati radioelektron vositalari tomonidan foydalanish uchun taqsimlanganligini, ko‘rsatib o‘tilgan diapazon radioto‘lqinlari tarqalishining o‘ziga xos xususiyati hamda radiochastota organlari hulosalarini inobatga olgan holda 2020-yil 19-oktyabrda Kengashning 610-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq har bir aniq turdagi radiorele stansiyasi uchun radiochastota spektri foydalanuvchisi tomonidan ushbu radioelektron vositalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida zamonaviylashtirish, ishlab chiqarish, chet eldan olib kirish va ulardan foydalanishda Kengashining alohida qarorlarini rasmiylashtirmasdan foydalanishga ruxsat berildi va O‘zbekiston Respublikasi radiochastota organlari bilan o‘rtacha 30 kun davomida kelishish tartiblari takomillashtirilib, ushbu muddatni 3 ish kuni ichida amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Bu esa o‘z navbatida mobil aloqa kompaniyalarga va REV bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga judda katta imkoniyat yaratadi, jumladan, hozirgi pandemiya sharoitlarida radiochastota spektridan foydalanuvchilar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni qisqartirishga imkoniyat beradi.
Shu o‘rinda, yuqoridagi qaror juda katta hajmdagi radioelektron vositalarni byurokratik to‘siqlarsiz olib kirishga, vaqtni tejashga, ushbu qulaylik orqali yurtimizning borishi qiyin bo‘lgan olis tumanlarini raqamli texnologiyalar bilan qamrab olish, uyali aloqa hizmatlarini rivojlantirish va masofaviy o‘qishni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter