Prezident aytgach, «Mening fikrim» domeni band qilindi, ammo sayt qachon ishga tushishi noma’lum!
Shu yilning 22dekabr kuni Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, unda bir yillik faoliyati bo‘yicha xalqqa hisob bergan davlat rahbari 2017-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnomasini o‘qib eshittirgan edi.
Prezident o‘z murojaatida Oliy Majlis rahbariyati qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus «maydon»lar yaratishi zarurligini ta’kidlagan, shu munosabat bilan mamlakatimiz fuqarolari davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishlari uchun Internet tarmog‘ida «Mening fikrim» deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tgandi.
«Xabar.uz»ga ma’lum bo‘lishicha, «Mening fikrim» domeni (meningfikrim.uz) allaqachon band qilingan. Ro‘yxatga oluvchi tashkilot: «UzInfocom» markazi ma’muriyati. Domen bundan ikki kun avval, 25dekabr kuni band qilingan. Sayt qachon ishga tushishi noma’lum. Markazning rasmiy saytida bu haqda ma’lumot berilmagan.
O‘zbekiston rahbarining qayd etishicha, demokratiyaning ilg‘or mexanizmi sifatida jamoa bo‘lib elektron murojaat kiritish tartibini tatbiq qilish zarur. Ya’ni bir guruh fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni Oliy Majlis yoki xalq deputatlari Kengashlari ko‘rib chiqishi majburiy ekani qonunda belgilab qo‘yilishi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter