Maymun klonlashtirildi. Navbat odamgami?
Xitoylik olimlar makaka maymunlari juftligini klonlashtirish yo‘li bilan dunyoga keltirdilar. Hozirda maymunchalar inkubatorda tuppa-tuzuk yashashmoqda. Bu nimadan dalolat? Nahot ilm-fan shu darajada rivojlanib, har qanday jonzotni notabiiy yo‘l bilan yarata olsa? Eng qizig‘i, bu usul odamda qo‘llab ko‘rilsa, nima bo‘ladi?
Hozircha savollar juda ko‘p, ammo bu boradagi yutuqlar ham talaygina. Klonlashtirish yo‘li bilan dunyoga kelgan birinchi jonzot – Dolli qo‘zichog‘i tug‘ilganiga yigirma yildan oshdi, o‘lib ketganiga ham o‘n besh yil to‘ldi. Shu orada olimlar 23 xil jonzotni klonlashtirdilar. Ammo bu maymunchalarning o‘ziga xos jihati shundaki, ular yangi usulda – somatik hujayralar yadrosini ko‘chirib o‘tkazish yo‘li bilan dunyoga keltirilgan. Oldingi, embrionni parchalash usulidan farqli ravishda, nazariy jihatdan bu usul orqali bir jonzot cheklanmagan miqdorda klonlashtirilaverishi mumkin. Ya’ni bundan ikkita o‘ziga xos jihat qalqib chiqadi – klonlash imkoniyatlari keskin oshdi, garchi gorilla, shimpanze singari odamsimon bo‘lmasa-da, genetik jihatdan 93 foiz va shaklan odamga o‘xshash jonzot klonlashtirildi.
Xo‘sh, endi odam ham klonlashtirilishi mumkinmi? Ya’ni kimdir o‘zi xohlagan paytda, deylik, o‘limi oldidan o‘zidan nusxa qoldiraveradimi? Hozircha ko‘plab davlatlarda odamzod ustida bunday amaliyotlarga taqiq qo‘yilgan. Maymunlarni klonlashtirgan xitoylik olimlar ham maqsadlari odam kloni emasligini ta’kidlashgan. Klonlashtirishdan asl muddao tibbiy tajribalar, kasalliklarning oldini olish, yo‘qolib ketayotgan jonzotlarni saqlab qolish ekanligi e’lon qilingan bo‘lsa-da, insoniyat baribir klonlash masalasiga jiddiy qarashi shart.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter