Masofaviy muolaja. Sog‘lig‘ingiz haqida mobil texnologiyalar qayg‘uradi
Bugun biz uchun uncha sezilmayotgan bo‘lsa-da dunyoda ko‘plab kashfiyot inqiloblari ro‘y berdi. Yaqin kelajakda, o‘ylaymizki, ular bizga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishni boshlaydi. Gap sog‘liqni saqlash va ushbu sohaga mobil texnologiyalari tatbiq etilishi haqida bormoqda.
Mobil sog‘liqni saqlash
Yaqinda «PwC» kompaniyasi dunyo bo‘yicha sog‘liqni saqlashning zamonaviy holatini baholash uchun so‘rovnoma o‘tkazdi. Natijada so‘rovnomada qatnashganlarning aksariyati tibbiy xizmatlardan juda oson foydalanish muhimligini, shuningdek, o‘z salomatligini mustaqil tekshirish imkoniyatlarini birlamchi o‘ringa qo‘yishdi. Bunday so‘rovnoma birinchisi emas va shu tarzda butun dunyoda tibbiyot tizimini asta-sekinlik bilan bemorlar talabi bo‘yicha rivojlantirishga harakat qilinmoqda. Sohadagi shunday «nou-xau»lardan biri «mHealth» atamasi bilan qabul qilingan mobil sog‘liqni saqlash tizimidir.
Mobil sog‘liqni saqlash — bu atama tibbiy yordam maqsadlari uchun mobil qurilmalar va simsiz texnologiyalardan foydalanishni, shuningdek, insonning sog‘lom turmush tarzini ta’minlash ma’nosini anglatadi. Masalan, bunga bugungi kunda ko‘pchilikka tanish bo‘lgan «mHealth» texnologiyasi misol bo‘la oladi. Ushbu texnologiya mobil telefonlar va planshetlar uchun jismoniy holatni yoki sportni nazorat qilish bilan bog‘liq dasturlarni taqdim etadi.
Bozor
Sport va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash uchun qurilmalar va ilovalar bozori bugun sezilarli tarzda tez rivojlanmoqda. Bunga sabab, sog‘liqni saqlash tizimi juda konservativ soha va yangi mahsulot hamda xizmatlar ko‘p sonli sinovlar, klinik tadqiqotlar va turli rahbarlarning rozichiligidan so‘ng amaliyotga tatbiq etiladi. Sport qurilmalari uchun esa bular talab qilinmaydi hamda ular iste’molchiga oson yetib boradi. Accenture kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 43 foiz iste’molchi jismoniy holati va faolligini nazorat qiluvchi qurilmalarni sotib olishga xohish bildirishgan. Mazkur toifadagi mahsulotlar ro‘yxati quyidagicha:
- jismoniy faollikning turli trekerlari (brasletlar, «aqlli» kiyimlar, quloqchinlar, ko‘zoynak va boshqalar);
- sport soatlari;
- ko‘chma sensorlar, pulsometrlar;
- yuqoridagi qurilmalar uchun ilovalar va jismoniy holatni nazorat qilish va boshqarish uchun mustaqil ilovalar.
Ushbu bozor juda o‘zgaruvchan, har doim yangi qurilmalar paydo bo‘lyapti, ammo hozircha aniq yetakchilar yo‘q — elektron soha gigantlari birma-bir o‘z mahsulotlarini taqdim etib kelishmoqda. «Juniper Research» tadqiqot kompaniyasi fikricha, «aqlli» ko‘chma qurilmalar bozori besh yildan so‘ng 19 mlrd. AQSh dollarini tashkil etadi.
Mobil monitoring va diagnostika bozori esa, «Transparency Market Research» kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, 2019-yilga borib, 8 mlrd. AQSh dollariga yetadi. Bu bozor quyidagi yo‘nalishlarda faol rivojlanadi:
- monitoring tizimi: yurak, qon bosimi, miya, uyqu va boshqalar faoliyati;
- monitoringning ko‘pparametrlik tizimi;
- shifokor bilan masofaviy hamkorlik tizimi;
- turli hayot ko‘rsatkichlarini aniqlashda tanaga o‘rnatiladigan, implantatsiya qilinadigan va ichga yutiladigan sensorlar;
- diagnostika tizimlari va tezkor tahlil (qon, so‘lak, siydik, nafas va hokazo) tizimi;
- keksalar, surunkali bemorlar va bolalarni parvarishlash tizimlari;
- sog‘liqni, dori-darmon iste’molini nazorat qilish, davolashni rejalashtirish, ta’lim tizimi ilovalari.
Imkoniyatlar juda keng
Yangi qurilmalar, datchik va ilovalar paydo bo‘lishi bilan hozirda mobil tibbiyotda mavjud bo‘lgan imkoniyatlar kengayib boryapti. Teletibbiyot va masofaviy monitoring, bemorlar ma’lumotini uzatish, elektron kartalar, elektron retseptlar, uyqu va homiladorlikni nazorat qilish va boshqalar. Bu soha dunyo bo‘ylab, hatto kam taraqqiy etgan mamlakatlarda ham tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda.
«mHealth» — bu nafaqat yangi texnologiya, balki bemorning shifokor bilan hamkorligi va bemorlarga g‘amxo‘rlik qilishga qaratilgan mutlaqo yangi yondashuvdir. Bu har ikki tomon bilan hamjihatlikni ta’minlaydi: bemor uchun tibbiy yordam olish jarayonini soddalashtiradi, shifokor uchun muntazam operatsiyalar charchog‘ini kamaytirib, ko‘p vaqtini tashxis qo‘yish va davolashga sarflashiga imkon beradi.
Allaqachon amalda
Hozirda samarali qo‘llanilayotgan qurilmalar juda ko‘p. Masalan, Shvetsiyada bemorning yurak stimulyatori ko‘rsatkichini masofaviy tasvirga olishga mo‘ljallangan «Soarian Clinical» tizimi muvaffaqiyatli tatbiq etilgan. Tizim uzoqdan bemor va uning kardiostimulyatorini nazorat qilishni amalga oshirish imkonini beradi, ayniqsa, bemorlarning har yarim yilda salomatligini tekshirish uchun shifokor huzuriga kelishdek vaqtini tejaydi. Bu texnologiya nafaqat ishonchli, juda sezuvchan ham — monitoring tizimi bemor salomatligidagi har qanday o‘zgarishga yoki bemorning o‘zi ko‘pincha farqiga bormaydigan yoki ahamiyat beravermaydigan stimulyatordagi muammoga munosabat bildiradi.
Surunkali kasalliklarni masofaviy nazorat qiluvchi «Care Innovations» (Intel va GE hamkorligidagi mahsulot) tizimi surunkali xastaliklardan aziyat chekayotgan odamlarga istalgan joydan turib o‘z salomatliklari haqida tibbiy ma’lumot olishga, ularni keraklicha tibbiy qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.
«Visi Mobile» — uncha katta bo‘lmagan datchiklardan iborat ko‘chma teletizim bo‘lib, foydalanuvchining salomatligi yomonlashganini shu zahoti qayd etadi va uni o‘z shifokori bilan bog‘laydi. Bunda bemorning ayni damda qayerda ekanligi ahamiyatga ega emas.
Kim birinchi?
Tibbiyot va sog‘lom turmush tarzi sohasiga mobil texnologiyalarni joriy etish va uning taraqqiyoti dunyo bo‘yicha bir xil emas. «GSM Association» ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Xitoy mobil sog‘liqni saqlash sohasida eng yirik bozor hisoblanadi va ular 2017-yili jahon bozorining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini o‘zaro bo‘lishib olgan. Aynan shu mamlakatlarda kelajakda yangi qurilmalar va xizmatlar uchun asos vazifasini o‘taydigan yangi texnologiyalar va g‘oyalar paydo bo‘ladi. «Brookings Institution» hisobotida aytilishicha, o‘tgan yili «mHealth» tizimidan AQSh 5,9 mlrd., Xitoy esa 2,5 mlrd. dollar atrofida daromad ko‘rgan. Rossiyaning bu boradagi ko‘rsatkichi 800 mln. dollarni tashkil qilgan.
«J’son & Partners Consulting» tahlilchilari dunyoda mobil-salomatlik taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan besh omilni aniqlashdi
- Mobil qurilmalarning ko‘payishi. Ayni damda sayyoramiz aholisi 7 mlrd.ni tashkil etadi va mobil aloqa abonentlari soni ham shunga mos. ABI kompaniyasi yana 2-3 yilda Yerda yashovchi har bir odamda ikkitadan oltitagacha shunday qurilmalar bo‘lishini taxmin qilmoqda.
- Sayyora aholisining keksayishi. Keksalik — jiddiy iqtisodiy muammo. BMT prognoziga ko‘ra, 2050 yilga borib, yer aholisining 22 foizini pensionerlar tashkil etar ekan. Qariyalarni surunkali xastaliklar tez-tez bezovta qiladi va ular tibbiy yordamga ko‘proq ehtiyoj sezadi.
- Qishloqlarda yashovchi aholi. Bu insonlar aksariyat hollarda malakali tibbiy yordam olish imkoniga ega emas hamda masofaviy muolajaga ehtiyojmand.
- Sog‘liqni saqlash tizimining qimmatlashishi va sayyoramiz aholisining ko‘payishi. Masalan, AQShda sog‘liqni saqlash xarajati 2014-yilda 3 trln.ga o‘sgan bo‘lsa, 2022-yilga borib bu ko‘rsatkich 5 trln. dollargacha ko‘payadi.
- Tibbiyot xodimlarining yetishmasligi. 2020-yilga borib AQShda 1 mln. tibbiy hamshira yetishmasligi kutilmoqda.
Ushbu omillar hozircha ancha yosh hisoblangan «mHealth» tizimining naqadar istiqbolli ekanligini anglatadi.
Nima, qachon, qayerda?
Mobil sog‘liqni saqlash tizimi yaratish ustidagi ishlar AQSh, Kanada, Britaniya va Hindistonda o‘tgan asrning 90-yillarida boshlangan. O‘shanda bu mamlakatlar hukumatlari sog‘liqni saqlash bo‘yicha masofaviy tizimni mobil texnologiyalarning bir qismi sifatida yaratish zarurligini anglab yetdilar.
«Mobile Health» (mHealth) atamasining o‘zi 2003-yili ingliz professori, akademik Robert Istepaniyan tomonidan kashf etilgan. Professor mobil sog‘liqni saqlash sohasida yetakchi mutaxassis va kashfiyotchi sifatida e’tirof etilgan. U bir necha oliy ta’lim muassasalari tadqiqot markazlari va kompaniyalar (masalan, Orange, Philips, Motorola)da ilmiy hamkor hamda M2M (Machine-to-Machine) sohasida yetakchi ekspert hisoblanadi. Ma’lumki, mHealth evolyusiyasining yangi bosqichdagi konsepsiyasi ishlab chiqilishi yana bir tushuncha — «4G Health» tizimiga asos soldi.
Dastlabki «mHealth» tizimlaridan biri 2005-yili London universitetida professor Brayan Vudvord boshchiligida hindistonlik olimlar ishtirokida ishlab chiqilgan. Istepaniyan aynan shu universitetda o‘zining doktorlik dissertatsiyasini yozgan. Noyob tizim inson salomatligi holatini monitoring qilish va ma’lumotlarni mobil telefon orqali dunyoning istalgan nuqtasidan klinikaga yetkazish imkonini berdi.
Usmonjon YO‘LDOShEV
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter