Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida kosmik tadqiqotlar sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida kosmik tadqiqotlar sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Martabali mehmon kecha, 18-aprel kuni kutib olingach, bosh vazir Abdulla Aripov hamrohligida Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib, O‘zbekiston – Koreya hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan telemeditsina loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Bugun, 19-aprel kuni Ko‘ksaroy qarorgohida tashkil etilgan rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In tor va keng doirada muzokaralar o‘tkazdi.

Samarali muzokaralar yakunlanib, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida qator muhim hujjatlar imzolandi. Jumladan, Koreya Respublikasining fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida fazoni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish yuzasidan anglashuv memorandumi imzolandi.

2018-yil 12-fevralda O‘zbekiston Respublikasii Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilinib, unda mamlakatimizda fazo ilmini rivojlantirish va uning yutuqlaridan innovatsion rivojlanishda keng foydalanish, kosmik tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda malakali kadrlarni tayyorlash vazifalari belgilab berilgan edi.

Mazkur farmoyishga muvofiq, 2018-yil 13-mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun amaliy harakatlar rejasi» («Yo‘l xaritasi») tasdiqlandi.

Bu borada Koreya tajribasi qanday?

Koreya Respublikasi bugungi kunda fazo tadqiqotlari sohasida salmoqli natijalarga erishgan va kosmik dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgan davlatlardan biri sanaladi. Bu mamlakatda kosmik va ijtimoiy infratuzilmani yaratish, fazo qurilmalarini yaratish va uchirish, iqtisodiyotning turli sohalarida kosmik faoliyat natijalarini qo‘llash bo‘yicha katta tajriba to‘plangan.

Koreya Respublikasida kosmik texnologiyalarini o‘rganish, tadqiqotlar olib borish va kosmik texnologiyalar sohasidagi ishlanmalarini yaratish va ularni iqtisodiyotda qo‘llash bo‘yicha kadrlar tayyorlash milliy tizim mavjud.

Memorandumda nimalar ko‘zda tutilgan?

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va Koreya fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Yu Yong Min tomonidan imzolangan anglashuv memorandumida mamlakatimizda kosmik faoliyatni rivojlantirish uchun foydali bo‘lgan hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari aks etgan.

Memorandum O‘zbekistonda kosmik sanoatni yaratish va rivojlantirishda Koreya tajribasidan foydalanish; mamlakat iqtisodiyotining turli sohalariga kosmik texnologiyalari yutuqlarini joriy etish usullarini o‘rganish; ushbu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish va boshqa imkoniyatlarni beradi.

Jumladan, uning doirasida meteorologik prognozlar, favqulodda holatlarni (sel, ko‘chkilar, yong‘inlar, suv toshqinlari) monitoring qilish, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektlarni monitoring qilish (to‘g‘onlar, suv omborlari, aeroportlar); yuqori sifatli televizion dasturlarni, keng polosali internet, telefoniya, har qanday raqamli axborotni uzatish imkonini beruvchi sun’iy yo‘ldoshli aloqa texnologiyalari; sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya tizimlari texnologiyasi, mobil aloqa; kosmik texnologiyasi bo‘yicha ta’lim; ilmiy-texnik axborot almashish, qo‘shma konferensiyalar, seminarlar o‘tkazish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring