Kompyuterni o‘rgangan xotin-qizlar yangi ishli bo‘lishdi. Loyiha davom etadi (foto)
O‘tgan yilning mart — iyul oylarida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» markazi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Inha universiteti hamkorligida poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida sinov tariqasida ilk o‘quv kurslari o‘tkazilgan edi. Natijasi chakki bo‘lmadi: og‘ir hayotiy vaziyatdagi oilalar a’zolari — bir guruh xotin-qizlar kompyuterda ishlashni o‘rganib olib, hatto ko‘plari o‘zlariga yangi ish topishdi.
Ilk g‘alabadan ruhlangan hamkorlar bu yo‘sindagi ishlarni kengaytirishmoqda. Masalan, bugun, 29-yanvar kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan hamkorlikda «Axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali mustahkam oila sari» o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. E’tiborli bir jihati shuki, endi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ham loyiha ishtirokchisi.
Loyihadan maqsad nima?
Turli muammolar qurshovida qolgan oilalar vakillarini o‘qitish orqali ularga ko‘maklashish, o‘qitgandayam axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda axborot olishni, ish izlashni, pul topishni o‘rgatishdir. Yordamga muhtojlar uchun buyam bir dalda.
Seminar ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Dilorom Toshmuhamedova, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov qatnashdi.
Tadbirda mazkur loyihaga tajribali trenerlarni jalb etish, mashg‘ulotlar mavzulari va dasturlarini shakllantirish, metodik ta’minlash hamda faoliyatni boshlash yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Tadbir doirasida loyiha o‘quv kursini tamomlagan xotin-qizlarga sertifikat va sovg‘alar topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter