Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kichik oroldagi katta hayot: yosh dasturchi Murodjon Soatmurodov hikoyasi

Kichik oroldagi katta hayot: yosh dasturchi Murodjon Soatmurodov hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining bu galgi suhbatdoshi – Shimoliy Kiprdagi Final International University talabasi Murodjon Soatmurodov.

Qahramonimiz Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. U bilan suhbatimiz nega dasturlash sohasini tanlagani, Kipr orolidagi ijtimoiy hayot va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Matematik bo‘lishni orzu qilganman

Surxondaryoning chekka bir qishlog‘ida tug‘ilganman. Ochig‘i, oilamizda oliy ma’lumotlilar yo‘q. O‘ylashimcha, bunga o‘sha vaqtda sharoit bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Shu boisdanmi oila a’zolarim mening oliy ta’lim olishimni juda xohlashgan va barcha kerakli sharoitlarni yaratib berishdi.

6-sinfgacha mahallamizdagi o‘rta ta’lim maktabida va 7-sinfdan boshlab shahardagi 4-sonli informatika va ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan maktabda ta’lim oldim. Maktab davrlarida matematikaga bo‘lgan qiziqishim yuqori edi va doimiy ravishda fan olimpiadalariga qatnashib kelganman. Ulg‘ayib esa albatta matematik bo‘lishni orzu qilganman.

Maktabni tamomlab kollejga o‘qishga kirdim. U yerda ustozim Inomjon Egamov bilan tanishdim va shundan boshlab mening hayotim va maqsadlarim tubdan o‘zgardi. IT (Full Stack Web Developer) sohasiga qiziqa boshladim. O‘shanda kompyuterim yo‘q edi, smartfonim esa oddiy NOKIA bo‘lgan. Ya’ni u bilan internetga bog‘lanib bo‘lmasdi. Hozirgi kunda esa barchada internetga ulanish uchun smartfon va kompyuterlar bor.

Darsdan keyin ustozim yordamida kompyuterni o‘rgana boshladim. Natijda «aqlli qurilma» borasidagi bilimlarim oshdi.

80% grant yutdim

O‘zbekistonda IT sohasining rivojlanib borayotgani, shu bilan birga, bolalikdan dunyo ko‘rish istagi sabab chet elda o‘qishga qaror qildim. Avvaliga ota-onam qarshilik qildi. Ular O‘zbekistondagi universitetlarga topshirishimni, agar kira olsam, keyin xorijga ruxsat berishi haqida aytishdi. Natijada TATUning Samarqand filialiga o‘qish uchun hujjat topshirdim va to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilindim. Ota-onam xursand bo‘lishdi. Ammo menda hali ham chet elda o‘qish ishtiyoqi so‘nmagan edi.

Kunlarning birida ijtimoiy tarmoqlarda Shimoliy Kiprdagi Final International University haqida o‘qib qoldim va bu menga chet elda o‘qishim uchun qulay imkoniyatdek tuyildi. Shunday qilib unversitetning «Software Engineering» yo‘nalishiga kerakli hujjatlarimni topshirdim va 80% grant yutishga muvaffaq bo‘ldim. Universitetda ta’lim olishga barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Orol «sorry»lar mamlakati

Orol 1974-yil ikki davlatga Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Janubiy Kipr Respublikasiga bo‘lingan. Asosan Shimoliy Kiprda turk-musulmonlar, Janubiy Kiprda esa yunonlar yashashadi. Orolda 800 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Orolda 17 mingdan ortiq inglizlar ham yashaydi.

Orol sokin va yashash uchun anchagina qulay. Orolni «sorry»lar mamlakati deb atash mumkin. Chunki orolda insonlar juda ko‘p uzr so‘rashadi va bir-biriga bo‘lgan hurmat-e’tibor yuqori. Hatto orolda avtomobil yo‘laklari tor va tirbandliklar ko‘p bo‘lishiga qaramay, mashina signallarini eshitmaysiz. Boisi har bir inson yo‘lovchini va, eng avvalo, o‘zini hurmat qiladi. Orolda yashash va o‘qish boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda arzonroq.

Shuningdek, oroldagi aholining ko‘p qismi musulmonlar bo‘lgani uchun bu yerda halol taomlarni topish ham muammo emas. Qolaversa, oroldagi aholining ko‘p qismi turklar bo‘lgani uchun ham O‘zbekiston haqida bilishadi.

Umuman, bu yerda ta’lim yaxshi rivojlangan ingliz, turk va rus tillaridagi bog‘cha maktab va universitetlar bor. Orolda o‘rtacha ish haqi 1500 yevro atrofida. Malakali insonlar 2000-2500 yevrodan ko‘proq maosh olishi, talabalar esa o‘rtacha 500 yevrodan 1500 yevrogacha topishlari mumkin. Talabalar yashashiga qarab o‘rtacha oyiga 300-400 yevro atrofida xarajat qilishadi.

«Coding» bilan shug‘ullanaman

Bo‘sh vaqtim deyarli bo‘lmaydi, chunki, yuqorida aytganimdek, o‘qish birmuncha qiyinroq, shuning uchun ham har kuni dars va kutubxonada bo‘laman. Bo‘sh vaqtim bo‘lishi bilan yoqtirgan ishim – «Coding» bilan shug‘ullanaman. Shaxsiy rivojlanish uchun badiiy kitoblar ham o‘qiyman. Misol uchun, Jordan B. Peterson va Robin Sharma kabi chet el yozuvchilarining kitoblari yoqadi. Fikrimcha, nafaqat dasturchi, balki hamma soha vakillari ham albatta kitob mutolaa qilib turishi zarur. Bu fikrlash va dunyoqarashingiz rivojlanishiga yordam beradi.

Jurnal yozish va forma masalalari bilan o‘tib ketardi

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, chet elda universitetga kirish oson, bitirish qiyin. O‘zbekistonda esa buning teskarisi, deb o‘ylayman. Ya’ni bizda abituriyent ming mashaqqat bilan oliygohga kiradi. Lekin abituriyentligidagi bilimlari bilan o‘qishni tugatadi.

Yana bir achinarli holatlardan biri ta’lim muassasalarida «davomad»ning birinchi o‘ringa qo‘yilishidir. Ikkinchi o‘rinda esa «forma» masalasi. Maktab va kollej davrlari esimda bor, darslarning yarmidan ko‘pi davomad tekshirish, jurnal yozish va forma masalalari bilan o‘tib ketar edi. So‘nggi vaqtlar tizimni o‘zgartirishga harakatlar bo‘lyapti. Lekin bu jarayon juda sekin kechmoqda.

IT Akademiya ochmoqchiman

Kelajakdagi rejalarim ko‘p. Ulardan biri sifatida universitetni bitirgach Skandinaviya davlatlaridan birida magistraturani davom ettirish va mamlakatimizda IT Akademiya va «Massachusetts Institute of Technology»ning O‘zbekistondagi fillialini birinchi bo‘lib ochishni aytishim mumkin.

Fursatdan foydalanib shuni aytmoqchimanki, mana shunaqa loyihalarni tashkillashtirib borayotgan Xabar.uz jamosiga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring