Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

Jahonning eng qimmat kompaniyalari. Ular nimadan daromad qilishmoqda?

Jahonning eng qimmat kompaniyalari. Ular nimadan daromad qilishmoqda?

Foto: «MediaSole»

Quyida sizni 2017-yil yakunlari hamda 2018-yilning bugungi holatida jahonning eng qimmat kompaniyalari bilan tanishtiramiz. Mazkur reytingni shakllantirishda kompaniyalar tomonidan chiqarilgan aksiyalarning o‘rtacha bahosiga asoslangan bozordagi kapital qiymati hisobga olingan.

#1 «Apple Inc.»

«Apple». Bahosi: $618 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: elektronika, axborot texnologiyalari.

Mahsuloti: Personal kompyuterlar va planshetlar, mobil telefonlar, audio pleyerlar, smart-soatlar …

Reytingda yaqqol peshqadamlik «Apple Inc.» korporatsiyasiga nasib qilgan. Bugunga  kelib mazkur kompaniyaning ramzi jahonning barcha davlatlari va hududlarini zabt etishga ulgurdi. Shubhasizki, jahon bo‘ylab 116 ming xodimga ega «Apple» dunyoning eng muvaffaqiyatli kompaniyasidir.

Unga 1976-yilning 1-aprelida Stiv Jobs, Stiv Voznyak hamda Ronald Ueyn tomonidan asos solingan. Ular avvaliga garajda personal kompyuterlar yig‘ishgan. «Apple»so‘nggi yillarda mobil qurilmalar — «iPhone» smartfonlari hamda «iPad» planshetlaridan kata foyda ko‘rmoqda. Brendning ommalashuvi Stiv Jobsning sifatli, ilg‘or, yuqori dizayndagi va qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarishga asoslangan marketing g‘oyasi bilan uzviy bog‘liq.

Korporatsiya bosh idorasi AQShning Kaliforniya shtatidagi Kupertino shahrida joylashgan.

#2 «Alphabet Inc.»

«Alphabet Inc.». Bahosi: $532 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: internet, dasturiy ta’minot.

«Google» kompaniyasini sayyoramizning yoshu qarisi yaxshi taniydi. U bir oz avval o‘z nomini «Alphabet» deb o‘zgartirdi. Endi bu korporatsiya tarkibida «Google» qidiruv tizimi bilan birga, ko‘plab boshqa muassasalar ham bor.

Internet-xolding rahbari Sergey Brin hamda Larri Peydj, ular birgalikda 1998-yili mazkur  mega-kompaniyaga asos solishgan.

«Google» bosh idorasi Kaliforniyada joylashgan. U 40 ga yaqin xizmatlar, jumladan, AdWords, Android, YouTube kabi ommabop xizmatlarni ko‘rsatib keladi.

#3 «Microsoft»

«Microsoft». Bahosi: $483 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: dasturiy va apparat ta’minot ishlab chiqarish.

Mahsulotlari: «Microsoft Office», «Microsoft Windows», «Xbox».

Jahonga ma’lum va mashhur «MicroSoft» korporatsiyasiga 1975-yili, yaqin-yaqingacha ham jahonning eng boy kishisi hisoblangan Bill Geyts hamda Pol Allen asos solishgan. O‘sha kezlari «Microsoft»  dunyodagi ilk dastur ishlab chiqaruvchi kompaniya sifatida personal kompyuterlar uchun dasturiy ta’minot vositalarining paketlarini ishlab chiqargan. Bu – hozirgi «Windows» amaliy tizimining ilk avlodi bo‘lgan. Ayni paytda jahonning birinchi raqamli kompyuter tizimi kompaniyaga nihoyatda katta daromad keltirmoqda.

Bugungi kunda «Microsoft» video, audio vositalar va boshqa turdagi mahsulotlar ham ishlab chiqaradi.

Idora bosh qarorgohi Vashington shtatining Redmond shahrida joylashgan.

#4 «Berkshire Hathaway Inc.»

«Berkshire Hathaway Inc.». Bahosi: $402 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: sug‘urta, iqtisod, temir yo‘l transporti, kommunal xizmatlar, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish.

Mazkur kompaniyaning bir dona aksiyasi $215 ming dollar turadi, ya’ni jahonning eng qimmat aksiyalaridan biri. Kompaniya asoschisi va egasi Uorren Baffet nomining o‘zi muassasasidan ham mashhurroq. Sarmoyador va tadbirkorlikda dong‘i ketgan bu shaxs saxovatpeshaligi bilan ham diqqatga sazovor.

«Berkshire Hathaway Inc.» bosh idorasi AQShning Nebraska shtatidagi Omaha shahrida joylashgan.

Unga qarashli kompaniyalar:

«GEICO» (avto-sug‘urta);

«General Re» (qayta sug‘urta);

«Berkshire Hathaway Primary Group» (sug‘urta);

«Berkshire Hathaway Reinsurance Group» (sug‘urta va qayta sug‘urta);

BNSF (temir yo‘l transporti);

«Berkshire Hathaway Energy» (elektr va gaz ta’minoti);

«McLane Company» (ulgurji savdo).

2015-yili yillik aksiyadorlari soni 40 ming nafarga yetgan.

#5 «Amazon Inc.»

«Amazon Inc.». Bahosi: $356 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: chakana savdo.

«Amazon» — amerikalik bu riteyler, ya’ni mahsulotni uygacha yetkazib beruvchi kompaniya internet orqali mahsulotlarga buyurtma oladi.

«Amazon» yordamida internet foydalanuvchi, yetkazib beruvchi hamda ishlab chiqaruvchi hamkorlik o‘rnatadi. Mahsulotlar sifati va xizmat ko‘rsatishning arzonligi va tezkorligi, tanlov imkoniyatining yuqoriligi «Amazon» kompaniyasi nufuzini oshirdi.   

Kompaniyaga 1994-yili bugungi kunda jahonning eng boy kishisi bo‘lgan Jeff Bezos tomonidan asos solingan. Idora bosh qarorgohi Vashington shtatining Sietl shahrida joylashgan.

Kompaniyada ayni paytda jahon bo‘ylab 230 ming xodim mehnat qiladi. «Amazon» aktivlarining qiymati 55 mlrd., yillik aylanmasi 75 milliard dollardan oshadi.

#6 «Exxon Mobil»

«Exxon Mobil». Bahosi: $347 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: neftni qayta ishlash.

«Exxon Mobil» — amerika multinatsional neft kompaniyasi. Jahon miqyosida eng ko‘p neft ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri.

Mashhur biznesmen Jon D. Rokfellerning «Standard Oil Company» deb nomlangan mashhur kompaniyasi merosxo‘ri bo‘lgan bu muassasaga 1999-yilning 30-noyabrida asos solingan.

Kompaniya o‘z tarixida biror marotaba neftning oqishi yoki tankerlar cho‘kishi oqibatida tabiatga zarar yetkazmagani bilan ham hurmatga sazovor.

Kompaniya idorasi Texas shtati, biz bilgan Dallas shahrida joylashgan.

#7 «Facebook»

«Facebook». Bahosi: $332 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: internet.

«Facebook» tarmog‘iga 2004-yilning fevralida Mark Sukerberg tamal toshini qo‘ygan. Bugungi kunda bu ijtimoiy tarmoqdan 1,86 mlrd.dan ziyod odam foydalanadi. Qisqa davr orasida faqatgina ijtimoiy tarmoqdan 332 milliard dollar mablag‘ning to‘plangani aqlga sig‘mas hodisa, deyishmoqda iqtisodchilar.

Bugun «Facebook» yiliga 8 milliard dollardan ziyod foyda qilmoqda. Buning hammasi reklama hisobidan. Qolaversa, «Facebook» mazkur "o‘ntalik"da daromad keltirishi bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. So‘nggi yillarda sof daromad miqdori 54 foizga oshdi.

Idora qarorgohi Kaliforniyada, Menlo-Park shahrida joylashgan.

#8 «Johnson & Johnson»

«Johnson & Johnson». Bahosi: $313 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlari ishlab chiqarish.

Mahsuloti: dori-darmon va tibbiyot, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish.

«Johnson & Johnson» amerikalik multinatsional kompaniya bo‘lib, tibbiyot uchun zarur mahsulotlar, farmatsevtika va iste’mol mahsulotlari ishlab chiqaradi. Kompaniyaga 1886 yili uch og‘a-ini — Robert Vud Jonson, Jeyms Vud Jonson hamda Eduard Mid Jonsonlar tomonidan asos solingan. Avvaliga muassasa yara-chaqalarni bog‘lash uchun material hamda plastrlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. 1893-yildan esa bolalar uchun sepiladigan upalar ham tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Korporatsiya tarkibida ayni paytda 250 ta "farzand" kompaniyalar 60 davlatda faoliyat olib bormoqda. Jahon miqyosida, aniqrog‘i 175 mamlakatda kompaniyaning mahsulotlarini topish mumkin.

Uning shtab-kvartirasi Nyu-Jersi shtatining Nyu-Bransuik shahrida joylashgan.

#9 «JPMorgan Chase»

«JPMorgan Chase». Bahosi: $309 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: bank ishi.

«JPMorgan Chase» — aktivlari bo‘yicha AQShda birinchi va jahonda 5-raqamli eng yirik tijorat banki.

«Morgan» kompaniyasi sarmoyaviy va bank xizmatlari, xususiy kapital boshqaruvi kabi xizmatlarni ko‘rsatadi.

Idora qarorgohi AQSh ning Nyu-York shahrida joylashgan.

#10 «General Electric»

«General Electric». Bahosi: $280 mlrd.
Foto: «SharkFX.ru»

Sohasi: elektrotexnika, energetika, tibbiyot jihozlari, maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarish, transport mashinasozligi.

«General Electric» — bu amerika kompaniyasiga taniqli ixtirochi Tomas Edisson tomonidan 1878-yili asos solingan.

Kompaniya avvaliga elektr lampalari ishlab chiqarib sotgan. Bugungi kunda 300 ming ishchisi bo‘lgan kompaniya dunyoni elektrlashtirish hamda boshqa yo‘nalishlarda ham o‘zini sinab ko‘rmoqda. Har yili kompaniya 13 milliard dollar foyda ko‘radi.

Idora qarorgohi AQShning Konnektikut shtatidagi Ferfild shahrida joylashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring