Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IT-Park rezidenti maqomini olish uchun eng ko‘p beriladigan 11 savol va ularga javob

IT-Park rezidenti maqomini olish uchun eng ko‘p beriladigan 11 savol va ularga javob

Foto: «IT-Park»

IT-Park matbuot xizmati rezident maqomini olish uchun  ariza berishda eng ko‘p beriladigan savollar va ularga javoblarni e’lon qildi.

  1. Kimlar IT-Park rezidenti bo‘lishi mumkin?

Asosiy faoliyat turi (IFUT) quyidagilardan biri bo‘lgan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan har qanday yuridik shaxs IT-Park rezidenti bo‘lishi mumkin:

  • «Kompyuterda dasturlash, maslahatlar va boshqa tegishli xizmatlar» (62.0);
  • «Malumotlarni joylashtirish va qayta ishlash xizmatlari, veb-portallar» (63.1);
  • «Dasturiy ta’minot ishlab chiqarish» (58.2);
  • «Boshqa toifalarga kiritilmagan ta’limning boshqa turlari» (85.5) – faqat axborot texnologiyalarini o‘qitish yo‘nalishi bo‘yicha.

Batafsil ma’lumotni ushbu havola orqali olish mumkin.

  1. Chet el kompaniyasi IT-Park rezidenti bo‘lishi mumkinmi?

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs IT-Park rezidenti bo‘lishi mumkin, ya’ni xorijiy kompaniya IT-Park rezidenti bo‘lishi uchun O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

  1. Yakka tartibdagi tadbirkor IT-Park rezidenti bo‘lishi mumkinmi?

Yo‘q, mumkin emas, chunki yakka tartibdagi tadbirkor – bu jismoniy shaxsdir (yuridik shaxs tashkil etmagan). IT-Parkning rezidentlari faqat yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.

  1. Boshqa viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs rezident bo‘lishi mumkinmi?

Ha, mumkin. O‘zbekiston hududida davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyidan qat’i nazar, yuridik shaxslar IT-Parkning rezidentlari bo‘lishlari mumkin.

  1. IT-Park rezidenti degan maqomni olish uchun ariza qanday topshirilishi kerak?

IT-Park rezidenti maqomini olish uchun siz IT-Park direksiyasiga ta’sis hujjati va biznes-rejani ilova qilgan holda ariza topshirishingiz kerak. Arizani elektron pochta, veb-sayt orqali berish, pochta orqali yuborish yoki IT-Park direksiyasi ofisiga olib kelib berish mumkin.

  1. Arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayoni uchun qancha vaqt talab qilinadi?

IT-Park direksiyasi hujjatlarni taqdim etilgan kundan boshlab 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.

  1. Yuridik shaxsga IFUT kodi bo‘yicha berilgan asosiy faoliyat turi ruxsat etilgan faoliyat turlaridan farq qilgan holatda ham IT-Park rezidenti bo‘lish mumkinmi?

YO‘q. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-sonli «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parkining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qaroriga binoan IT-Park rezidenti faqat 1-savolga berilgan javobda eslatib o‘tilgan faoliyat turlarini amalga oshirishlari shart.

  1. Nimalar yuridik shaxsni IT-Park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishda rad javobini berish uchun sabab bo‘lishi mumkin?

Rad etish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

  • Talablarni buzgan holda ariza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish;
  • Arizada va boshqa hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi;
  • Belgilangan talablarga javob bermaydigan faoliyatni amalga oshirish.

Rad etish uchun asos bo‘ladigan jihatlar direksiyani ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qarorida ko‘rsatiladi.

  1. IT-Park rezidenti degan maqomni olish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgandan keyin ham takroran ariza topshirish mumkinmi?

Ha mumkin. Rad etish sabablari bartaraf etilgan taqdirda. Ariza va boshqa hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish birinchi marta ariza topshirilgandagi tartibdagi kabi amalga oshiriladi.

  1. Biznes rejani tuzish vaqtida nimalarga e’tibor berish kerak, qanday maslahatlar berasiz?

Biznes-rejada yuridik shaxs haqida, taqdim etilayotgan xizmatlar, loyihalar, asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlar, tashkiliy tuzilma haqida to‘liq ma’lumot berilishi va maqsadlar aks ettirilishi kerak.

Biznes-rejada so‘ralgan barcha ma’lumotlarni batafsil, ammo lo‘nda qilib taqdim etish tavsiya etiladi. Ma’lumotlar muhim, tuzilmaviy, o‘zaro bog‘liq va asosli bo‘lishi kerak.

Direksiyaning biznes-rejaga bo‘lgan talablari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

  1. Arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni qanday hujjatlarga ko‘ra tartibga solinadi?

Yuridik shaxslarni IT-Parkning rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-sonli «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori bilan tartibga solinadi.

Yanada batafsilroq ma’lumotni IT-Park veb-saytida yoki + 998 (71) 209-11-99 yoki +998 (99) 810-60-27 telefon raqamlari orqali murojaat qilib, shuningdek, [email protected] elektron pochtasi orqali olish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring