Internetdan foydalanish yangi Konstitutsiya himoyasida bo‘ladi
Amaldagi Konstitutsiyamizning 29-moddasida fuqarolarning axborot olish va undan foydalanish huquqlari aniq belgilab berilgan. Shu bilan birga, mazkur moddada bugungi axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish masalalari o‘z huquqiy aksini topmagan edi.
Vaholanki, texnologiyalar asri hisoblangan 21-asrda har bir inson o‘z mobil telefoni yoki kompyuteri orqali internet jahon tarmog‘iga kirishi, undan o‘z xohish va ehtiyojlariga ko‘ra foydalanishi zaruriyati — hozirgi zamonning normal hayot tarziga aylangan. Fuqaroning internet jahon tarmog‘idan erkin foydalanish huquqi buzilmas bo‘lishi mamlakatimizda axborot erkinligiga berilayotgan katta e’tibordir.
Biroq internet jahon tarmoqlari orqali kirib kelayotgan ba’zi tahdidlarni, ularning destruktiv omillarini, yoshlarimizga salbiy ta’sirini hisobga olib, uni zarur bo‘lganda, shu zaruratga asos bo‘lganda cheklash hollari jahon tajribasidan ham ma’lum. Konstitutsiyamizning yangi tahriridagi 29-moddada «Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Har kim internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga ega.
Mazkur huquqlarni cheklashga faqat mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, jamoat xavfsizligini hamda tartibini himoya qilish, shuningdek davlat siri yoki boshqa sir deb e’tirof etilgan axborot oshkor etilishining oldini olish bilan bog‘liq hollarda, qonun bilan yo‘l qo‘yiladi», shaklida o‘zgartirilishi, bir tomondan, axborot erkinligining buzilmasligini ta’minlasa, ya’ni internetdan erkin foydalanishning huquqiy muhofazasini bildirsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning — davlatimiz fuqarosining axborot makonidagi va shaxsiy hayotidagi boshqa haq-huquqlarining poymol etilmasligini ta’minlaydi.
Shu nuqtai nazardan mazkur moddaga kiritilayotgan o‘zgartirish har jihatdan foydali ekaniga shubha yo‘q, albatta.
Muzaffar Jalolov,
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter