Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ishla qale Telegram?». Insoniyatni g‘orga yetaklovchi taqiqlar haqida

«Ishla qale Telegram?». Insoniyatni g‘orga yetaklovchi taqiqlar haqida

Foto: «nevnov.ru»

Bir kuni televizorda bir qiz (ba’zilar shu o‘rinda «zulfiyachi» sifatini ishlatishni yaxshi ko‘radi, ammo menga bunday umumlashtirish yoqmaydi, shuning uchun yana ta’kid bilan aytaman: u men uchun — bir qiz) bugungi kundagi turli ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarning zararlari haqida gapirar ekan, bir qiziq fikr aytdi. Qaysidir ishtirokchi telegram orqali Londonda o‘qiyotgan do‘sti bilan gaplashish oson bo‘layotgani, kerak bo‘lganda, videoqo‘ng‘iroq ham qilib, uni ko‘rib turgan holda (zo‘r-a, bir paytlar fantastik filmlarda bo‘lardi, qariyapmiz) suhbatlashishning imkoni borligini aytgandi. U qiz:

— Nega, undan ko‘ra, ota-onalarimizdek maktub orqali gaplashish yaxshi-ku?

— Qanaqasiga? Internetda tezlik bor, ma’lum soniyada fikrim yetib boradi. Maktubni qancha kutish kerak?

— Ammo maktubning o‘zgacha zavqi bor, uni qo‘lingizga olasiz, hidlaysiz.. falon piston... (uyog‘i esimda yo‘q).

Xullas, oliy ma’lumotli o‘sha qiz 21-asrda turib, shu fikrlarni aytayotgandi. Ha, maktubni faqat konvert ichida bo‘ladi, deb o‘ylaydiganlar, kitob, gazeta, umuman ma’rifat faqat qog‘ozda bo‘ladi, deb ishonadiganlar hali ham bor. Yosh avlod ichida ham.

Buni eslaganimning sababi, bugun Rossiyada Telegram messenjerini taqiqlashdi.

Moskvaning Taganskiy tuman sudi «Roskomnadzor»ning Telegram messenjerini bloklash haqidagi talabini qanoatlantirdi. 

Rossiya hukumati Telegramda tarqatilayotgan ma’lumotlarda ekstremizm, terrorizm kabi g‘oyalarga ega bo‘lishi mumkinligi, ular Rossiyaga va barcha fuqarolarga, xususan messenjer foydalanuvchilariga xavf tug‘dirishi mumkinligini iddao qildi va ushbu tarmoq egasi Pavel Durovdan foydalanuvchilarga tegishli ma’lumotlarni aniqlash, o‘zaro suhbatlarni kerak bo‘lganda olish mumkin bo‘lgan tizimni nazorat organlariga berishni talab qildi. Ularning aytishicha, Rossiyada uyushtirilgan ba’zi teraktlarda jinoyatchilar o‘zaro aloqa qilish uchun aynan telegramdan foydalanishgan. Servis federal xavfsizlik xizmatiga foydalanuvchilarning yozishmalarini rasshifrovka qilish imkonini beruvchi kalitlarni taqdim etmadi. Bugun bo‘lib o‘tgan sudda Telegram axborot tarqatishni tashkillashtiruvchilar maxsus xizmatlar bilan hamkorlik qilishi shartligi belgilab qo‘yilgan «Axborot to‘g‘risida»gi qonunni buzishda ayblandi.

U qanday messenjer, uning qanday qulayliklari bor tushuntirib o‘tirmayman, shunchaki, yana bir qiziq voqea: sal oldinroq, texnik sabablar tufayli butun dunyoda, xususan O‘zbekistonda ham telegram bir necha soat ishlamay qoldi.  O‘shanda ba’zi insonlarning munosabati, umuman paydo bo‘lgan bir kayfiyat hayron qoldirdi:

 — Qani bekorchilar, telegram ishlamay qoldimi, endi ishlanglar...

 — Ana endi, to‘rtta non olib ota-onangizni ko‘rib kelishingiz mumkin...

 — Qizlar bilan gaplashayotganlar endi nima qiladi?.. va hokazo.

E’tibor bering, ko‘pchilik telegram deganda asosan bekorchilar bir-biri bilan valaqlashib o‘tiradigan tarmoqni tushunar ekan. Aslida, telegramning imkoniyatlari ko‘p. Masalan, masofadan turib tadbirkorlik ishlarini hal qilish mumkin, turli hujjatlarni, fayllarni yuborish mumkin, ba’zi foydali guruhlarga kirib har qanday masalada konsultatsiya olish mumkin. Men masalan, yozgan maqolalarimni telegramdan jo‘nataman, buxgalterlik ishimda hujjatlarni (masalan o‘sha kuni «Bolalar sportini rivojlantirish uchun o‘tkazgan homiylik mablag‘i»ning to‘langani haqidagi ma’lumotni soliqchining telegramiga tashlab bergandim) jo‘natish, qabul qilish uchun juda qulay. Ya’ni, ishga mashinada yoki avtobusda borasiz-ku, shu kabi bu ham vosita. Vositaning bir turi. Ishni qulaylashtiruvchi, ma’lumot yetkazishni tezlashtiruvchi yordamchi. Shu xolos.

Ya’ni messenjerning yo‘qolishi faqat valaqlashib o‘tiradiganlar uchun emas, barcha sohalardagi kommunikatsiyani uzib qo‘yadi. Kimdir telegram yoki ijtimoiy tarmoqlar faqat bo‘sh vaqtni o‘tkazadigan ko‘ngilochar joy deb o‘ylasa, uning muammosidir.

Endi tasavvur qiling, xudo ko‘rsatmasin, agar bizda ham telegram bir muddat ishlamay qolsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli sarflashlari uchun imkoniyat paydo bo‘ldi, o‘zi yigit-qizlarni buzayotgandi, mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan turli telegram kanallar bor edi, yaxshi bo‘libdi deydigan «ma’naviyatchilar» ham, «maktub yozing, hidi bor» deydigan «o‘sha qizlar» ham qarshimizga chiqadi, ishonavering. Telegram yoki internet bo‘lmasa, hamma to‘rtta non olib bir-birini ko‘rgani boradi, deb olqishlaydiganlar bo‘ladi, afsuski...

Bir narsani to‘g‘ri tushunib olishimiz kerak  — internet dushman emas, vositadir. Yaxshilikni ham, yomonlikni ham qulaylashtiradigan bir vosita. Agar har qanday vosita bir jamiyatda ko‘proq yomonlikni tarqatsa, demak o‘sha yerda yomonlik ko‘proq.

Pichoq kabi. Pichoq bilan qovun so‘yish mumkin, u bilan odam o‘ldirish ham mumkin. Pichoqni taqiqlasak, odamni tosh bilan urib o‘ldirishadi. Qovunni ham tosh bilan urib yorib, keyin yeyishadi.

Shunaqa. Sivilizatsiya taqiqlangan sari, odam g‘orga qarab qaytaveradi.

Qahramon Aslanov
«K
un.uz»dan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring