Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Intel»ning «aqlli» ko‘zoynaklari tasvirni ko‘zning ichki sezgi qobig‘iga uzatib beradi

«Intel»ning «aqlli» ko‘zoynaklari tasvirni ko‘zning ichki sezgi qobig‘iga uzatib beradi

«Vaunt» aqlli ko‘zoynagi.

Foto: «Xaytek»

Na tugmachalar, na kamera, na mikrofon va dinamiklar — «Intel»ning «aqlli» ko‘zoynaklarini oddiy dioptriyali ko‘zoynak sifatida qabul qilish mumkin. Biroq dioptriya o‘rniga ko‘zoynak qolipiga linzalar o‘rnatilgan, ular tasvirlarni ko‘zning ichki sezgi qobig‘iga uzatib turadi. Texnologiya asosida kamkuchlanishli lazer yotadi. Hozircha «Vaunt» — shunchaki prototip, biroq kelajakda qurilma ishlab chiqaruvchilar qo‘liga o‘tadi. Shuningdek, gadjet «Android» va «iOS» bazasidagi smartfonlar bilan bog‘lanadigan bo‘ladi. Bu haqida «Xaytek» ma’lum qildi.

«Intel»ning smart-ko‘zoynaklari haqidagi xabarlar dastlab fevral boshida paydo bo‘lgan edi. O‘shanda «Bloomberg» nashri Amerika kompaniyasi o‘zining «Vaunt» deb nomlanishi kutilayotgan AR-biznesini $350 mln.ga sotishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

Biroq bir hafta o‘tmasidanoq kompaniya «Vaunt» nomi ostida aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi. Qurilma prototipini «Verge» muxbiri Diter Bon sinovdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Bonning fikricha, birinchi o‘ziga xoslik bu — ko‘zoynak dizayni. Texnologiya istalgan ko‘zoynak qolipiga tushadi, linzalarini esa ko‘rish darajasiga qarab tanlash mumkin. Masalan, uzoqni ko‘ra olmaslik yoki aksincha. Qurilmaning tarkibiy qismlari linza va dastagida joylashtiriladi, uni boshqa oddiy ko‘zoynaklardan o‘ng linzada sal sezilib turadigan qizil shu’ladan farqlash mumkin.

«Vaunt» aqlli ko‘zoynagi. Foto: «Xaytek»

Prototipda videokamera ham, mikrofon va dinamiklar ham yo‘q, biroq kelgusida «Vaunt» qo‘shimcha imkoniyatlar bilan to‘ldirilishi mumkin. Shunday oddiy tuzilma hisobiga qurilma atiga 50 gramm og‘irlikka ega.

Qurilmada tasvirlar uzatilishiga o‘ng dastakda o‘rnatilgan kamquvvatli lazer javob beradi. Lazer hajmi 400×150 pikselli qizil monoxrom tasvirlarni ko‘zoynakning o‘ng linzasidagi golografik ko‘zguga uzatadi. Bu yerdan u ko‘zning ichki sezgi qobig‘iga tushadi. Lazer kamquvvatli bo‘lgani uchun ko‘zga zarar keltirmaydi.

Tasvirlar uzatilishi har doim ham foydalanuvchi ko‘z o‘ngida aks etib turmaydi. Ko‘zoynakni oddiy aksessuar sifatida ham taqish mumkin, uning aqlli funksiyalarini ishga tushirish uchun qolipning pasti tarafiga qarab qo‘yish kifoya. Ko‘zni boshqa yoqqa olib qochish bilan virtual displey ham yo‘qoladi. Bunday interfeys ko‘zoynakdan jamoat joylarda boshqalarning ortiqcha e’tiborini jalb qilmasdan foydalanish imkonini beradi.

Ko‘zoynaklar smartfonlar bilan «Bluetooth» orqali bog‘lanadi. Shuningdek, qurilmada ilovalar uchun protsessor, kompas va akselerometr o‘rnatilgan. Dasturchilar ushbu ko‘zoynaklarni smartfonlar uchun xuddi smart-soat yoki fitnes-treker singari qo‘shimchaga aylantirishmoqchi.

«Ko‘zoynak foydalanuvchilari muloqot qilishda qurilma tufayli qiyinchiliklarga duch kelmasliklari lozim. Agar qurilma g‘alati ko‘rinishda bo‘lsa, agar uni boshqarish uchun doim nimanidir bosib turish lozim bo‘lsa — bu halokat», ta’kidlagan ishlanma rahbari Itai Vonshak. Shu sabab ishlanma endi dasturchilar ixtiyoriga o‘tadi.

«Vaunt»ning foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan versiyasi qachon chiqishi haqida hali hech bir gap bo‘lgani yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring