Informatika o‘qituvchilari uchun ajoyib imkoniyat: bepul dasturlash kurslari tashkil etildi (video)
Bugungi kunda millionlab aholi o‘z kundalik yumushlarini axborotlashgan texnologiyalar yordamida yengillashtirmoqda. Qo‘limizdagi gadjetlarga o‘rnatilgan datchiklar orqali esa hattoki biz har kunlik sog‘lig‘imizdan xabardor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu uchun esa kerakli tugmani bosish kifoya.
Intellektual resurslar – milliy iqtisodiyotning eng muhim rag‘batlantiruvchi resurslaridan biri. Intellektual mulk globallashib borayotgan jamiyatda asosiy dominant kuch hisoblanadi.
O‘zbekistonda Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi umumta’lim maktablarining informatika fani o‘qituvchilarini dasturlash S++ sohasida malakaviy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv kurslari ham kelajakda AKT bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash, qolaversa, jahon intellektual bozoriga raqobatdosh kadrlarni yetishtirib berish vazifasini zimmasiga oladi.
Toshkent shahrida joriy yilning dekabr oyidan boshlab tashkil etilgan dasturlash kurslari o‘z safiga ko‘plab kuzatuvchilarni jamladi. Biz shahrimizda joylashgan 9-sonli Informatikaga ixtisoslashgan va 40-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ana shunday o‘quv kurslarida bo‘ldik. «Be Pro» IT akademiyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan bu kurslar mutlaqo bepul bo‘lib, maqsad esa umumta’lim maktablarining informatika fani o‘qituvchilarini zamon talabiga moslashgan yangicha ruhda metodik shakllantirish hisoblanadi.
Be Pro IT akademiyasi rasmiy vakili Shahzod Sharofiddinov bu loyihada mentorlik faoliyatini olib bormoqda. U yosh bo‘lishiga qaramasdan AKT sohasida boy bilim va tajribaga ega. Mazkur akademiyaning yana bir mentori Abdulloh Nabijonov ham mana shu markaz yoshlaridan. U hozirda AKT dasturlash tili bo‘yicha kurs qatnashchilariga ta’lim berib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter