«IMEI-kod o‘g‘rilari»: jinoiy guruh qanday harakatlangan? (video)
Bugun, 24-sentyabr kuni AOKA majlislar zalida IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida brifing bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.
Brifingda Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Qobulov ham ishtirok etdi.
Uning qayd etishicha, bugungi kunda chetdan olib kelingan mobil qurilmalarning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun:
Birinchi holatda, mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida sotish uchun tadbirkorlik sub’yekti (importiyor) tomonidan BYuD asosida olib kirish — bu holatda, mobil qurilmalarning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tadbirkor tomonidan BYuD taqdim etilishi lozim.
Ikkinchi holatda, jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini o‘zlari kesib o‘tgan holda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmagan miqdorda olib kirilgan mobil qurilmalarning IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlashi lozim.
Bunda ham jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (sana, usul va boshqa) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashish orqali murojaat etilgan sana va jismoniy shaxsning shaxsiy identfikatsion raqami qayd etilgan holda avtomatik tekshiriladi.
Shuningdek, me’yoridan ortgan qismi bo‘yicha Bojxona kirim orderi orqali bojxona to‘lovlarini ham to‘lash mumkin bo‘lib, mazkur ma’lumotlar ham UzIMEI tizimiga integratsiya qilingan.
Uchinchi holatda, jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalar faqat Tizim operatoriga o‘zi kelib murojaat etish orqali pochta identifikatorining shtrix kodi va kalendar shtempeli bo‘lgan konvert taqdim etilgan holda amalga oshiriladi.
So‘ngi vaqtlarda mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzuga aylandi. Bojxona vakili bunga quyidagicha izoh berdi:
«Gap shundaki, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar UzIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘layotgan edi.
Qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yo‘llar bilan ro‘yxatga qo‘yish, shaxslarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan g‘arazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra qo‘shni davlatlarga o‘tishib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan mamlakatimiz fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, «Telegram» ijtimoiy tarmog‘i orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni UzIMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.
Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSh dollardan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur xolat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1412-moddasining 2-qismi «a» va «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi», — dedi Rustam Qobulov.
Brifingda ma’lum qilinishicha, mobil qurilmalar importi 2019 yilning 1 yanvar – 15 sentyabr davrida 58 810 tani (4,6 mln. doll.) tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 451 039 ta (29,8 mln. doll.) tashkil etdi.
«Davlat budjetiga 2019 yilning ushbu davrida 8,7 mlrd so‘m, joriy yilda esa 72,6 mlrd. so‘m undirildi, ya’ni o‘tgan yilgan nisbatan 63,9 mlrd. so‘mga ko‘p.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tizim to‘liq amaliyotga joriy etilgandan so‘ng 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 15 sentyabrga qadar 911 882 ta (47,3 mln. doll.) import qilingan bo‘lib, davlat budjetiga
100,1 mlrd. so‘m undirilgan.
Joriy yilda jami 4,9 mlrd. (2019 y. 6,2 mlrd.) so‘mlik 7 484 ta (2019 y. 7691 ta) uyali aloqa vositalarining noqonuniy olib o‘tish holatlari aniqlandi», — deya qayd etdi bojxona vakili.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter