Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ICT FERGANA-2021: o‘z ustida o‘n ming soatlab ishlagan yutib chiqadi (foto)

ICT FERGANA-2021: o‘z ustida o‘n ming soatlab ishlagan yutib chiqadi (foto)

Foto: Xabar.uz

Avval xabar berganimizdek, Marg‘ilon raqamli texnologiyalar o‘quv markazida «Kelajakka ishonchli qadam» shiori ostida ICT FERGANA-2021 haftaligi boshlangan edi.

Mazkur haftalik doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Viloyatlar kesimida ilk marotaba Farg‘onada amalga oshirilgani nafaqat tanlovlar ishtirokchilarining, balki viloyatdagi barcha raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari mentorlari va o‘quvchilarining ruhiyatini ko‘tarib, mas’uliyatlarini ham oshirib yuborgani rost. Bu g‘oliblarni taqdirlash tadbirida baralla sezilib turdi. Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyevning mulohazalarida ham shu mazmun-mohiyat ustuvorlik qildi va u mazkur haftalik doirasidagi tanlovlar Prezidentimiz tomonidan bu borada qo‘yilayotgan vazifalarning ado etilayotganiga bir namunali misol bo‘lganini, barcha maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalariga internet yetib borganin hamda Marg‘ilon raqamli texnoloiyalar o‘quv markazi faoliyatining beqiyos ahamiyatini ta’kidlab, barcha yoshlarga jahonga chiqishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Foto: Xabar.uz

Marg‘ilon shahar hokimi Adhamjon Ziyovuddinov ham markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berib, markaz dasturlarining hunarmandchilik, jumladan, kosibchilik bo‘yicha dasturlar yaratib, kosibchilikni sanoat darajasiga ko‘tarishga katta hissa qo‘shayotganlaridan hayratlarini yashirmadi. Shaharda, umuman, viloyatda dasturchilar kashfiyotlari tufayli ko‘plab ishchi o‘rinlari yaratilishiga, mahsulotlar turlarining ortib borishiga va Marg‘ilon hunarmandchilik mahsulotlari eksportininingg oshishiga ishonch bildirdi. AKT vazirligining viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Jahongir Qodirov markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, “ayti” sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan tizimdagi tashkilotlar, jumladan, “O‘zbektelekom” AK, “Uzpost” operatori Farg‘ona filiallariga hamda hamkorlar viloyat va shahar hokimliklariga, yoshlar salohiyatini oshirishga, ish o‘rinlarini topishga katta hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

IT mutaxassisi Abdusattor Abdurahimovning chiqishi esa yoshlarga qaratilgan otashin da’vat bo‘ldi. Abdusattor besh yil oldin qanday qilib sohaga kirib kelganini so‘zlar ekan, jumladan, shunday dedi: Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari, bu sizlar uchun bir muhit, imkonyat uchun joy, xolos. Bu muhitda siz o‘z ustingizda mukammal va tizimli ishlashga ko‘nikishingiz, izlanish intizomini qaror toptirishingiz zarur. Bunda kim yutib chiqadi, desangiz, bunda o‘z ustida o‘n ming soatlab ishlagan yutib chiqadi. Chalg‘isak, boshqa ijtimoiy tarmoqlarda soatlab vaqtimizni boy bersak, hech narsaga erisha olmaymiz. Saharlarda baraka bor. Har kuni quyoshdan erta turgan holda o‘z ustida ishlash kerak. O‘z ustida ishlangandangina samara salmoqliroq bo‘lyapti. Dasturchi bo‘ling, bo‘lganda ham mahoratli dasturchi bo‘ling. Internetdagi, Yutubdagi imkoniyatlardan, kurslardan o‘rganing. Eshitgan bo‘lsangiz, bizning dasturchilarimizni xorijiy davlatlardagi korporatsiyalarga 2-3 ming dollarlik ishlarga olib ketishyapti. Nimagaki ularda o‘zlariga talabchanlik yuqori. Nufuzli ekspertlar ham bizlarning dasturchilarimiz Hindiston dasturchilaridan kuchli, degan xulosani kelishgani ham haqiqat. Sizlar ham ana shu mohir dasturchilar qatoridan o‘rin olishingiz aniq. Xullas, yoshlar, maqsadli tizimingizni yo‘lga qo‘yib oling. Ba’zilar kabi baxtni uy va mashinalik bo‘lishda, deb o‘ylamang. Axir, bular baxtning o‘n foizini ham tashkil qilmaydi. Demoqchimanki, baxt xalqqa imkon qadar ko‘p naf keltirishda va dasturchilik, ham bir ne’mat ekanligini yodda tutgan xolda o‘z bilimlaringizni barcha bilan baham ko‘ring deyman, boshqalarga ham o‘rgatib, millatni yuksakka olib chiqishda himmat ko‘rsating va bu himmatingiz o‘zingizga o‘n hissa bo‘lib qaytadi.

Foto: Xabar.uz

Shundan so‘ng tanlov g‘oliblari e’lon qilindi. Kibersport (Dota 2) bo‘yicha No Tinker jamoasi 1-o‘rin, Refesh Gaming jamoasi 2-o‘rin, Devil Boys jamoasi 3-o‘rin. Ideathon bo‘yicha Sardorbek Sodiqjonov “Turizm.uz” loyihasi uchun 1-o‘rin, “Elektron aylanma varog” bo‘yicha Sanjarbek G‘aniyev 2-o‘rin, CMD loyihasi bo‘yicha Samandar Murodjonov 3-o‘rin, “Uzum” loyihasi bo‘yicha Lazizbek Isoqjonov 3-o‘rin. Robototexnika bo‘yicha Valle robot loyihasi uchun Murodiljon Tursunaliyev 1-o‘rin, Smart fudbolka loyihasi uchun Behruzbek Tolipov 2-o‘rin, “Nogironlar stuli” loyihasi uchun Ibrohim Mirzayev 3-o‘rinni olishdi. Hackathon bo‘yicha MDEVS jamoasi “Musofirlar. uz” loyihasi uchun 1-o‘rin, Itach Pro jamoasi “Raqamli shifoxona” loyihasi uchun 2-o‘rin, CODELANCERS jamoasi esa “Eng tez yordam” loyihasi uchun 3-o‘rinni egalladilar.

G‘oliblarga noutbuk, televizor, planshet kabi qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Marg‘ilon raqamli texnologiyalar o‘quv markazi rahbari Bahromjon Jalilov Marg‘ilon shahar hokimligiga, Yoshlar ishlari agentligi, iTeach Academy, Royal Taxi jamoalariga homiylik yordami uchun tashakkur izhor etib, esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Hafiza SALYaHOVA,
“Xabar”ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring