Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Huawei» bukiluvchi 5G-smartfonini O‘zbekistonda namoyish qildi (video)

«Huawei» — AKT haftaliklarining doimiy ishtirokchisi. Kompaniya bu yil ham o‘z innovatsion yechimlarini AKT-forum hamda ICTExpo 2019da taqdim etdi. Xususan, 5G-texnologiyalar va ularning qo‘llanilishi, amaldagi AKT-infratuzilmalarni zamonaviylashtirish, «xavfsiz» va «aqlli» shaharlar uchun yechimlar, eng so‘nggi modeldagi mobil qurilmalar.

Ko‘rgazma kunlari «O‘zekspomarkaz»ning Atrium zali kompaniyaning ishlanmalari va yechimlari, mobil qurilmalari bilan yaqindan tanishish maydoniga aylandi. Xuddi shu yerda qator axborot texnologiyalari — bulutli hisoblashlar, ulkan ma’lumotlarni tahlillash, sun’iy intellekt va narsalar internetini integratsiyalash asosida shahar infratuzilmasini boshqarish bo‘yicha loyiha namoyish etildi.

Kompaniya mutaxassislari o‘z stendlarida 5G-texnologiyaning cheksiz imkoniyatlari haqida qimmatli ma’lumotlar berib, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va sanoatni raqamli transformatsiyalashda 5G-tarmoqlarning ahamiyati o‘ta yuqoriligiga urg‘u berishdi.

Namoyishlar zonasida taqdim etilgan mobil qurilmalar orasida kompaniyaning eng so‘nggi ishlanmasi — o‘zgacha dizayndagi, bukiluvchi «Mate X» smartfoni ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

— Ushbu smartfon 2019 yilning mart oyida Barselonadagi MWC ko‘rgazmasida ilk marotaba taqdim etilgandi, — dedi Huawei kompaniyasi trening menejeri Xislat Sayfullayev. — Hozircha sotuvga chiqarilgani yo‘q, shu paytgacha 20ta prototipi ishlab chiqarilgan. Shulardan biri maxsus O‘zbekistonga olib kelindi va namoyish etildi. Afzalliklari nimada? Ochilib-yopiluvchi ekrani 8 dyuymli OLED-displeydan iborat, 40, 16 va 8 megapikselli uchta kamerasi bor. Korpusi alyuminiydan tayyorlangan, barmoq izi skaneriga ega. 5G-tarmoqlarda ishlaydi, protsessori ham kompaniyaning o‘z mahsuloti: Huawei Balong 5000. Akkumulyatori — 4 500 mAs, yarim soatda 85 foizgacha quvvat oladi. Smartfon ikki oylarda jahon bozorlariga chiqarilishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring