FIDE prezidenti Kirsan Ilyumjinov O‘zbekiston yoshlari bilan uchrashdi (fotoreportaj)
Kecha, 14-may kuni xabar berganimizdek, Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezidenti Kirsan Ilyumjinov Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)da talabalar bilan uchrashdi.
Kirsan Ilyumjinovning uchrashuvi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev qatnashdi.
Tadbirni Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev ochdi. Universitet rahbari o‘z chiqishida Kirsan Ilyumjinovning hayoti va faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi. Shundan so‘ng so‘z navbati O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayevga berildi.
Vazir FIDE prezidenti bilan IUTda shaxmat fakultetini ochish masalasini muhokama qilganligini qayd etdi. Shuningdek, u mutaxassislar tomonidan shaxmat bilan shug‘ullanadigan bolalarning fanlarni o‘zlashtirishi o‘rtacha 40 foizga ortishi aniqlanganligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
Talabalar oldida chiqish qilar ekan, Kirsan Ilyumjinov o‘z hayoti hamda qanday qilib birinchi million dollarini ishlab topgani, Kalmiq Respublikasi bolalarining shaxmat bilan shug‘ullana boshlaganlaridan keyin matematika, fizika va biologiya fanlaridan doimiy tarzda sovrinli o‘rinlarni egallab kelishganligi to‘g‘risida gapirib berdi.
FIDE rahbarining qayd etishicha, uning asosiy maqsadi Yer yuzida 1 mlrd. insonni shaxmat o‘ynashga o‘rgatishdir. Uning fikricha, bu bilan dunyodagi ko‘pgina nizolarning oldini olish mumkin.
Agarda inson shaxmatdagi kabi o‘z yurishlarini o‘ylab qiladigan bo‘lsa, kamroq nojo‘ya hatti-harakatlarni amalga oshiradi.
Kirsan Ilyumjinov
Shaxmat fakulteti ochish to‘g‘risida gapirarkan, FIDE Prezidenti, bunday fakultet ochilgan taqdirda o‘quv darsliklari va mahorat darslari bilan ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirdi.
FIDE Prezidenti Kirsan Ilyumjinov Toshkent shahridagi Inha universitetining mehmonlar kitobida o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter