Farhod Ibragimov: «Avstriya, Italiya, Rossiya va boshqa davlatlar vakillari «Mirzo Ulugbek Innovation Center» tajribasiga qiziqib qolishdi»
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) shtab-kvartirasida 26-Iqtisodiy va ekologik forum doirasida birinchi tayyorgarlik uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Forumning mavzusi: «YXHTga a’zo mamlakatlarda innovatsiyalar, inson kapitali, korporativ boshqaruv va ijtimoiy manfaatlarni rivojlantirish orqali iqtisodiy taraqqiyotda siljish va xavfsizlikka erishish».
Forumga 60 mamlakatdan vakillar kelgan. Qatnashchilar orasida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va «Mirzo Ulugbek Innovation Center» (MUIC) vakillari ham bor.
«Men AKT vazirligi va «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazidagi hamkasblarim qatorida O‘zbekiston, uning investitsiyaviy salohiyati va so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari, jumladan, AKT sohasidagi natijalarini taqdim etish sharafiga muyassar bo‘ldim, — deb yozadi «Feysbuk»dagi sahifasiga «Mirzo Ulugbek Innovation Center» direktori Farhod Ibragimov. — O‘z taqdimotimda MUIC, faoliyat yo‘nalishlarimiz, qo‘yilgan bu vazifalarni uddalash uchun davlatimiz yaratib bergan shart-sharoitlar haqida batafsil so‘zlab berdim. Sessiya raisi, Avstriyaning YeXHTdagi doimiy missiyasi vakolatli vaziri janob Andreas Shtadler mamlakatimizning va AKT sohamizning yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi».
Farhod Ibragimovning qayd etishicha, taqdimot yakunlangach, ko‘plab delegatlar markazni tashkil etish tajribasiga qiziqish bildirishdi. «Men Avstriya, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillari bilan muloqotda bo‘ldim. Ayniqsa, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish infratuzilmasini yaratish uchun mamlakatimiz rahbariyati amalga oshirayotgan ishlar ularda katta taassurot qoldirdi», — deb yozgan MUIC direktori.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter