Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Facebook» jarima rekordini o‘rnatishga yaqin

«Facebook» jarima rekordini o‘rnatishga yaqin

Foto: ibtimes.com

AQShning Federal savdo komissiyasi (FTC) hamda «Facebook» kompaniyasi vakillari muzokaralar stoli atrofiga o‘tirishdi. Muhokamada «eski kasallik» — ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari chiqib ketishiga yo‘l qo‘ygani uchun kompaniya katta miqdordagi jarimaga tortiladi. Bu haqda «Washington Post» o‘z manbalariga asoslanib xabar tarqatdi.

Nashr yozishicha, tomonlar hozircha jarimaning aniq qiymatini muhokama qilishayotir, muzokaralardan foyda chiqmagan taqdirda, savdo komissiyasi ishni sudga oshirishi kutilmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, jarima miqdori ancha yirikka o‘xshaydi, hattoki bu savdo komissiyasi tarixidagi texnologiyalar kompaniyasiga solingan eng katta jarima bo‘lishiyam ehtimoldan yiroq emas. Nashr qayd etishicha, bu yo‘sinda eng katta jarimani 2012-yili «Google» kompaniyasi to‘lagan — 22,5 million dollar.

Savdo komissiyasi «Facebook» kompaniyasiga qarshi surishtiruvni 2018-yilning mart oyida — Donald Tramp bilan bilan saylov kampaniyasi payti hamkorlik qilgan «Cambridge Analytica» kompaniyasiga 87 million nafar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining shaxsiy ma’lumotlari berilgani fosh etilganidan so‘ng boshlab yuborilgandi. Olingan bu ma’lumotlardan tadqiqotchilar saylovchilarning «siyosiy didlari»ni o‘rganish va ularga mos reklamalarni yo‘llashda foydalanishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring