Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eng yaxshi investitsiya nimada? Kelajakka xizmat qilajak uch loyiha haqida

Eng yaxshi investitsiya nimada? Kelajakka xizmat qilajak uch loyiha haqida

Foto: Xabar.uz

Avvalgi arxitektura instituti binosini, ochig‘ini aytganda, kimgadir ko‘rsatishga ham tortinardi odam. Ha, shahar markazida, to‘g‘ri, bu yerdan istalgan joyga tezda yetib olish mumkin. Ammo bino...

Zamonaviy inshootlar beshigi bo‘lishga da’vogar institut bu qadar tussiz binoda joylashgani g‘alatiroq tuyulardi.

O‘zbekistonda hamma narsa tezlikda o‘zgarmoqda. Arxitektura-qurilish instituti ham shunga monand yangi binoga ko‘chadigan bo‘lib turibdi. Endi institut 5 qavatli ikkita o‘quv korpusi, 8 qavatli ma’muriy bino va 4 qavatli yotoqxonadan iborat majmuada joylashadi. Eng muhimi — o‘quv dasturiga «aqlli» uylar, shahar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yangi yo‘nalishlar kiritiladi.

Majmua qurilishi hali davom etmoqda. Ammo shu turishda ham avvalgisi bilan taqqoslasa bo‘ladi. Farq esa yer bilan osmoncha.

Garchi bitmagan bo‘lsa ham...

***

O‘zbekiston zaminida yo‘q boylikning o‘zi yo‘q. Bu gapni hammamiz eshitganmiz. Darhaqiqat, Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvalida keltirilgan deyarli barcha narsa bizda bor. Borlikka bor, ammo undan qanchalik foydalana olyapmiz? Mana shunisi masala.

Poytaxtda shu masalani hal qilish uchun Geologiya fanlari universiteti qurilmoqda.

Yangi muassasaning O‘zbekiston fani rivojida tutadigan o‘rni shundaki, bu yerda nafaqat nazariyot, balki amaliyot bilan shug‘ullanish mumkin bo‘ladi. Umuman, mintaqa tarixida bunaqasi bo‘lmagan hali — universitet faoliyati kampus shaklida olib boriladi. Professor, o‘qituvchi va talabalar shu yerning o‘zida yashaydi, o‘qiydi, tadqiqot olib boradi, ishlaydi hamda dam oladi.

Istardikki, bu majmua o‘zimizning Oksford va Kembrijimizga aylansin...

***

O‘zbekiston zamini darhaqiqat boy, ammo uning eng katta boyligi — mehnatkash, uddaburon va ilmda salohiyatli xalqidir. Biz eng avvalo mana shu potensialdan foydalanishni yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Toshkent shahridagi «IT laboratoriya» kompleksi aynan shu maqsad yo‘lida bunyod etildi.

Bu yerda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari xamda Raqamli avlod dasturchilari qurilish sohasi bo‘yicha innovatsion g‘oyalarga boy loyihalar ishlab chiqarmoqda. Xususan, qurilishi rejalashtirilayotgan ob’yektning VR dastur yordamida 3D maketini hosil qilish, «aqlli uy» loyihasi, veb-dizayn yo‘nalishi, imkoniyati cheklanganlar uchun surdo tarjimon — «sahiya» dasturi, robototexnika va boshqa ilg‘or g‘oyalarni ko‘rish mumkin.

Apple kompaniyasining ayni vaqtdagi qiymati 2 trillion dollarga teng ekan. Kim biladi deysiz, o‘zimizning «olmachalar» balki aynan shu yerdan chiqar...

***

Bu uch loyihani bog‘lab turuvchi jihat nima, bilasizmi? Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ular bilan tanishib chiqdi.

— Ilm bizning qonimizda, genimizda bor. Bu loyiha ham uchinchi Renessans poydevorlaridan biri, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ilm-fan har doim davlatning qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq bo‘lgan. Qayerda e’tibor kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda rivojlanish bo‘lgan. O‘zbekiston ma’lum muddat bu borada tin olgan bo‘lsa, olgandir. Ammo endi u davrlar o‘tdi. Bu yog‘iga faqat oldinga yurish kerak.

Farzandingizni imkon qadar o‘qiting. Amerikalik buyuk siyosatchi Benjamin Franklin: «Inson bilim olish uchun pul tikar ekan, bu bilimni undan hech kim, hech qachon tortib olmaydi. Eng yaxshi investitsiya — bilim olish uchun kiritilgan investitsiyadir», — degan edi.

Siz ham shunga amal qiling...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring