Yelizaveta Shiller: «O‘zbeklar men kabi yuz minglab urush jabrdiydalariga qaynoq bag‘ridan joy bergan» (foto + video)
Ehtiromu e’zozdan odamning ko‘ngli tog‘ yanglig‘ ko‘tariladi, mehr va qadrdan umriga umr qo‘shilib, quvonchdan keng olamga sig‘may qoladi. Shu kunlarda Olmaliq tumanlararo pochta aloqasi tarmog‘ining 5-aloqa bo‘limida 30 yil pochtachilik qilgan urush faxriysi Yelizaveta Shillerning mo‘’jazgina xonadoni shogirdlari, hamkasblari bilan har qachongidan gavjum.
9-may — Xotira va Qadrlash kuni arafasida onaxonni yo‘qlab keluvchilar yanada ko‘paydi. Bolaligining eng shodon, quvonchli kunlarini asirlikda, fashistlarning konslagerida o‘tkazgan Yelizaveta Mixaylovna uchun bu dorilomon kunlarning qadri o‘zgacha. Onaxon ehtiromu hurmatdan sarmast. Yetimlikda voyaga yetib, o‘z hayotini mustaqil qurishga odatlangan, baxtini O‘zbekistondan topgan ayol uchun soha vakillarining tashrifi har gal bayramga aylanib ketadi. Bu gal ham shunday bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjayev hamda bir guruh soha xodimlarining kelishidan onaxon yayrab ketdi.
— Mehrni shu yurtdan topdim, — dedi Yelizaveta Shiller quvonch bilan. — O‘zbeklar menga o‘xshash yuz minglab urush jabrdiydalariga qaynoq bag‘ridan joy berishdi. Buni unutib bo‘ladimi? Yo‘q, aslo! Davlatimiz, shaxsan Prezidentimizning biz urush va mehnat faxriylariga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklarini aytmaysizmi? Hamkasblarimizning iltifotlaridan boshim osmonda. Hamma-hammalaringizdan minnatdorman.
— Siz kabi faxriylarning ish tajribalaringiz, maslahatlaringiz soha rivoji uchun juda muhim, — dedi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev. — Soha mehnat jamoalari nomidan Aloqachilarning kasb bayrami hamda 9-may — Xotira va Qadrlash kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik tilayman. Doimo sog‘-salomat bo‘ling.
Samimiy va dilkash suhbatdan so‘ng soha rahbari Yelizaveta Shillerga sovg‘a-salomlar, anvoyi gullarni taqdim qildi.
Shu kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida uzoq yillar ishlab nafaqaga chiqqan bir guruh Ikkinchi jahon urush faxriylariga ana shunday izzatu ikrom ko‘rsatildi.
Abdug‘ani Abdurahmonov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter